Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:11

Gaz portlashidan bobo nobud bo‘ldi, momo qattiq kuydi, nevara jarohatlandi


Farg‘ona viloyat, Marg‘ilon shahrining Terakdagi mahallasidagi oilalardan birida 16 mart kuni gaz portlashi oqibatida kasalxonaga yotqizilgan uch kishidan biri, oila boshlig‘i 21 mart kuni vafot qildi. Kasalxonadan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, uy bekasining ahvoli o‘rtacha og‘ir, besh yashar nevara esa yengil kuyish jarohati olgan.

Marhumning qo‘shnilaridan birining aytishicha, kechasi uzilib qolgan gaz qaytadan berilgan va bundan bexabar uy egasining gugurt chaqishi oqibatida portlash sodir bo‘lgan.

Gaz ta’minoti idorasi esa, bu iddaoni inkor qilmoqda.

Marg‘ilon shahridagi Terakdagi mahallasidagi xonadonlardan birida yashagan, 16 mart kuni gaz portlashidan qattiq kuyish jarohati olgan 71 yashar Rustamjon Shokirov besh kunlik muolajadan so‘ng o‘ziga kelmay vafot etdi.

Marhumning bu haqda Ozodlikka xabar bergan qo‘shnilaridan birining aytishicha, xonadonning yana ikki a’zosi ham kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan:

“O‘sha kuni cholu kampir, yetti yashar nevarasi bilan bir xonada yotishgan. Rustamjon aka kechasi tursa gaz o‘chib qolgan ekan, nevaram sovqotib qolmasin deganmi, gaz pechkaga gugurt chaqqanida birdaniga lop deb uy yonib ketgan. Gaz kechasi o‘chib qolgan va yana kelib, uyni to‘ldirib qo‘ygan ekan. Birdaniga to‘polon baqir-chaqir bo‘ldi. Chiqqanimizda uydagilari va qo‘shnilari yonayotgan Rustam akani o‘chirishayotgan ekan. Rustam akaning ayollari ham qattiq kuygan, Xudoga shukr nevaraniki yengilroq deyishyapti”, dedi voqea guvohlaridan biri.

Terakdagi mahallasining ismi sir qolishini so‘ragan faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, olovdan kuyganlar zudlik bilan Shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasiga etkazilgan:

“Rustamjon aka qattiq kuygan ekanlar. Duxturlar ancha muolaja qilishdi, lekin hayotini saqlab qolisholmadi. Bu falokatning sababi gaz qurg‘urning tez-tez o‘chib yonishida. Marg‘ilonda bunday holat ko‘p sodir bo‘ladi. Ko‘pchilik gaz o‘chganidan so‘ng, jo‘mrakni burab qo‘yishni unutib qo‘yadi va ogohlantirishsiz yuborilgan gaz shunday fojialarga sabab bo‘lyapti”, dedi mahalla faollaridan biri.

Marg‘ilon shahar gaz ta’minoti idorasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Rustamjon Shokirovning uyida gazdan yong‘in chiqqanini tasdiqlar ekan, gaz ta’minotida uzilish bo‘lganini inkor qildi:

- Gazda uzilish bo‘lmagan. U kishi kechasi yotishdan oldin pechkani o‘chirganu, uning tepasidagi gaz jo‘mragini oxirigacha burab o‘chirmagan. Gaz jo‘mragi ozgina ochiq qolgan. Shundan gaz sizib chiqib uyda to‘planib qolgan. Keyin kechasi soat birlarda turib yana pechkani yoqmoqchi bo‘lganida shunday holat sodir bo‘lgan. Biz gazni bir xilda beramiz, o‘chirmaganmiz, dedi gaz idorasi mulozimi.

Farg‘ona shoshilinch tibbiy yordam markazining ismi sir qolishini so‘ragan shifokorlaridan biri kuyish jarohati olgan buvi va nevaraning ahvoli yaxshi tomonga o‘zgarayotganini Ozodlikka aytdi:

“Otaxonning kuyish jarohati 90 foizlik edi, uning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmadi. Onaxon esa, 50 foizli kuyish olgan, kechadan buyon yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lyapti. Yetti yashar Sardorbekda kuyish og‘ir emas, u tezda yaxshi bo‘lib ketadi”, dedi shifokor.

O‘zbekistonda gaz ta’minotidagi uzilishlar va tabiiy gazning taqchilligi xususida shikoyatlar ko‘p bo‘ladi.

O‘zbekistoni ste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqovga tayanib O‘zA axborot agentligining xabar berishicha, o‘tgan yilgi shikoyatlarning asosiy qismi gaz idoralari ustidan bo‘lib, bu borada jami 4 ming 389 ta norozilik arizasi tushgan.

Ozodlikka Jizzaxdan kelgan xabarlardan birida shunday yozilgan edi:

"Gazdan zaharlanib yoki yong‘indan o‘lmasak edi, degan qo‘rquv bilan tong ottiraman. O‘tgan yili tiriklay yongan odamni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Qo‘shni kelin ertalab chiroqni yoqqanu birdan portlash ro‘y bergan. Boyoqish kelin kechasi gaz o‘chib-yonib, uyda yig‘ilib turganini qaerdan bilsin! Homilador ayol jon achchig‘ida ko‘chaga yugurib chiqqan, ammo baribir uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagandi. Uyi ham yonib kul bo‘lgandi. O‘sha kelinga o‘xshab yonib ketmasak edi, deya yuragimizni ushlab yotamiz. Ko‘cha sovuq, uy sovuq, o‘zim ham, bolalarim ham kasal. Prezident, qachon bu erga kelasiz? Mahalla ahli prezident kelganida bir kunga bo‘lsa ham gaz ko‘tarilarmikan, deb o‘tiribdi".

XS
SM
MD
LG