Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:56

Sobiq Milliy xavfsizlik xizmati generali Hayot Sharifxo‘jaev ushlandi


Juma, 30 mart, tushdan keyin O‘zbekiston sobiq Milliy xavfsizlik xizmati (DXX) generali, shaxsiy tarkib xavfsizligini ta’minlovchi nazorat xizmatini 2015 yilgacha boshqargan Hayot Shavkatovich Sharifxo‘jaev ushlandi.

51 yashar Hayot Sharifxo‘jaev Bosh prokuratura topshirig‘i bilan Ichki ishlar vazirligi operativ guruhi a’zolari tomonidan hibsga olingani to‘g‘risida Ozodlikka Sharifxo‘jaevni hibsga olish amaliyotida bevosita ishtirok etgan Ichki ishlar vazirligining zobiti ismini sir saqlash sharti bilan ma’lum qildi.

Ayni xabarni Bosh prokuratura tergovchilaridan biri ham tasdiqladi.

Shu paytgacha ayni mulozim bergan ma’lumotlar¸ jumladan sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov va sobiq prezident maslahatchisi Jamshid Fayzievlarning qo‘lga olingani haqidagi xabarlar keyinchalik rasman tasdig‘ini topgan edi.

Yuqoridagi bir-biridan mustaqil ikki manbaga ko‘ra, ushbu maqola yozilayotgan soatlarda (2 aprel kechga yaqin) DXX generali Ichki ishlar vazirligi binosining yerto‘lasida ushlab turilibdi.

Ayni paytda, 2 aprel kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xodimi Hayot Sharifxo‘jaevning hibsga olinganiga oid savolga “bizda ma’lumot yo‘q,” deb javob qaytardi.

“Krisha”

51 yashar Hayot Sharifxo‘jaev, uning ushlangani to‘g‘risida xabar qilgan Bosh prokuratura tergovchisining bildirishicha, mamlakat sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov va Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida hibsga olingan.

Ichki ishlar vazirligi xodimining aytishicha, Hayot Sharifxo‘jaev Toshkent shahar Chilonzor tuman soliq departamenti (SVJJDLQKD) sobiq boshlig‘i Ziyodulla Inog‘omovning bergan ko‘rsatmasi asosida hibsga olingan.

Ziyodulla Inog‘omov 20 mart kuni Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus amaliyot paytida ushlangan 25 nafar shaxsdan biri edi.

Hayot Sharifxo‘jaev obnal qilganlarga krisha bo‘lgan. Unga qarshi Ziyodulla (Inog‘omov – tahr.) pokazanie bergan. Ana o‘shandan keyin biz Hayotni ichkariga oldik,” dedi Ichki ishlar vazirligi zobiti.

Hayot Sharifxo‘jaev hibsga olingan kunning o‘zida, Bosh prokuraturaning ismi aytilmasligi sharti bilan gapirgan xodimiga ko‘ra, DXX generalining Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi hovlisi va sobiq turmush o‘rtog‘ining Toshkentning Beshyog‘och dahasidagi kvartirasida tintuv o‘tkazilgan.

Lekin Ozodlikda tintuv o‘tkazilayotganiga ashyoviy dalil bo‘la oladigan voqea joyidan olingan foto yoki videotasvirlar yo‘q.

Qidiruv

Bosh prokuratura tergovchisiga ko‘ra, Ziyodulla Inog‘omov Toshkent shahridan chiqib ketmaslik va tergovga qatnash sharti bilan, 20 mart kuni, ya’ni ushlangan kuni kechqurun qo‘yib yuborilgan.

Biroq, Bosh prokuratura xodimi tergovga qatnab yurgan Ziyodulla Inog‘omovning oradan bir necha kun o‘tib g‘oyib bo‘lganini bildirdi.

Ziyodullani 20 mart kuni olib kelib, o‘sha kuni “pod raspiska” chiqarib yuborishgandi. Tergovga qatnab yurgandi. Hozir qochib yuboribdi. Qattiq qidirayapmiz,” dedi u.

Ziyodulla Inog‘omov Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning xotini Muhabbat Mirzaevaning jiyanidir.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 23 martda tarqatgan bayonotga ko‘ra, Mirag‘lam Mirzaev, uning ayoli Muhabbat Mirzaeva va ularning farzandi Abdurashid Mirzaevlar ustidan Bosh prokuratura sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov bo‘yicha o‘rganilayotgan jinoyat ishi tergovi doirasida “juda ko‘p miqdorda pora olish, boshqa mansabdorlik jinoyatlarini sodir etganlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.”

General

DXX generali Hayot Sharifxo‘jaev so‘nggi uch yil ichida ikkinchi bor hibsga olinmoqda.

2015 yil bahorida korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda gumonlangan Hayot Sharifxo‘jaev ustidan tergov ishi qo‘zg‘atilgan, o‘sha paytda uning hibsga olingani xabar qilingan, lekin qachon qo‘yib yuborilgani noma’lum qolgan edi. Keyinchalik - 2015 ning yozida Hayot Sharifxo‘jaev egallab turgan lavozimdan olingan edi.

General Sharifxo‘jaev va uning ukasi, endilikda MXX sobiq polkovnigi Javdat Sharifxo‘jaev O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani "jazolash ma’rakasi" boshida turgan mulozimlar sifatida ko‘riladi.

2013 dekabrida O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi, Gulnora Karimova, Turkiyaning “Hurriyat” nashriga bergan intervyusida Hayot va Javdat Sharifxo‘jaevlarning korrupsiyaga arlashganini haqida gapirgan edi.

Sal o‘tib Gulnora Karimova Bilan jurnaliga bergan intervyusining to‘liq varianti deb taqdim qilingan matn ham MXX raisining o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jaevning korruptsion oldi-berdilarini “fosh qiladi”.

Hayot Sharifxo‘jaevning ukasi Javdat Sharifxo‘jaev ayni yilda mansab vazifalarini suiiste’mol qilish, korruptsiya va yana qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Hayot Sharifxo‘jaev O‘zbekiston mustaqilligining 16 yilligi munosabati bilan “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan. Ikki oilasidan to‘rt o‘g‘li va bir qizi bor.

XS
SM
MD
LG