Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 11:43

Lavrov Tramp-Kim sammiti oldidan Shimoliy Koreyaga bordi


Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan. Pxenyan, 2018, 31 may.
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan. Pxenyan, 2018, 31 may.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh prezidenti bilan Shimoliy Koreya rahbarining rejalashtirilgan sammiti oldidan Shimoliy Koreyaning yetakchi rasmiylari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Lavrovning 31 maydagi safari Qo‘shma Shtatlar bilan Shimoliy Koreya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar iliqlashishi kutilayotgan paytga to‘g‘ri keldi. Rasmiy Moskva sammit muzokaralari chog‘ida o‘z ovozi e’tiborga olinishini istaydi.

Lavrovni, koreys hamkasbi bilan uchrashgandan so‘ng, Shimoliy Koreya rahbari qabul qildi.

−Ayni choqda Shimoliy va Janubiy Koreya hamda Shimoliy Koreya bilan Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida muloqot o‘rnatish va munosabatlarni izga solish ishlari davom etmoqda. Biz Shimoliy Koreya bilan ushbu masalaga o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligi masalasida fikrimiz bir joydan chiqayotganini, hamma narsani ertagayoq, birdan talab qilish vasvasasiga berilmaslik zarurligini alohida ta’kidlamoqchiman. Yadro qurolidan xoli zonaga aylantirish muammosi ko‘p qirralidir. Yana urg‘u berib aytmoqchimanki, u Shimoli-sharqiy Osiyoda tinchlik, barqarorlik o‘rnatish, o‘zaro muloqot tizimi, hamkorlik, teng va bo‘linmas xavfsizlikka bevosita bog‘liqdir, − dedi Lavrov Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Ri Yang Ho bilan uchrashuv chog‘ida.

Uning fikricha, rasmiy Moskva Pxenyan va Seul bilan qo‘shma iqtisodiy loyihalar, jumladan, temiryo‘l qurishdan manfaatdordir.

− Temiryo‘llarni birlashtirishga Rossiya Federatsiyasining Janubiy va Shimoliy Koreya bilan uch tomonlama hamkorlik o‘rnatishiga asos sifatida qarab kelingan. Bu ish amalga oshsa, Koreyalararo temiryo‘l Trans-Sibir temiryo‘liga ulanishi mumkin va u Yevropaga to‘g‘ri yo‘l ochib beradi. Albatta, ular tranzit marshrutdan manfaatdor bo‘ladi, − dedi Lavrov.

Rossiya bilan Shimoliy Koreya o‘rtasida bir necha kilometrlik qisqa chegara bor va ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar har doim iliq bo‘lib kelgan.

Tramp-Kim sammiti oldidan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Kimning o‘ng qo‘li hisoblangan general Kim Yang Chol bilan 30 may kuni Nyu-Yorkda uchrashdi va ushbu masalani muhokama qildi.

Tramp 12 iyunda Singapurda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilgan edi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay ikkala tomon ham uni o‘tkazish uchun "qamishdan bel bog‘lab", ishga kirishib ketdi.

Vashington Koreya yarim orolini yadro qurolidan xoli qilish yo‘llarini axtarmoqda, buning uchun rasmiy Pxenyanga iqtisodiy foyda va xavfsizlik va’da qilmoqda.

XS
SM
MD
LG