Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 01:17

Sud hukmi: “Sharshara” kolbasasiga eshak go‘shti qo‘shilgani "ekspertiza yo‘li bilan tasdiqlanmadi"


Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi “Sharshara” kolbasa sexiga eshak go‘shti olib kelinib¸ mahsulotlarga qo‘shilgani bo‘yicha ochilgan shov-shuvli ish bo‘yicha 2018 yil 21 may kuni hukm chiqargani Ozodlikka 11 iyunda ma’lum bo‘ldi.

Sud hukmining 11 iyun kuni Ozodlikka yuborilgan nusxasida yozilishicha¸ “Sharshara” sexidan tekshirish uchun olingan 275 kg go‘sht ichida eshak go‘shti borligi “ekspertiza yo‘li bilan tasdiqlanmagan”.

Shu asosda sud majlisiga raislik qilgan M.Yusupov¸ besh nafar sudlanuvchi ustidan ochilgan jinoyat ishini tugatish haqida qaror chiqargan.

O‘tgan yil oxirida Bosh prokuratura “Sharshara” kolbasa sexiga 70 kilogrammga yaqin eshak go‘shti olib kelinib¸ kolbasaga qo‘shilgani aniqlangani haqida rasmiy bayonot tarqatgan edi.

12 iyun kuni Ozodlik bog‘langan Bosh prokuratura matbuot xizmati Toshkentga Xorazmdan eshak go‘shti yuborilgani aniq fakt ekani¸ bu go‘shtlarning qaerga ketgani¸ qolaversa¸ sud hukmiga nisbatan o‘z munosabatini yaqin kunlarda jamoatchilikka e’lon qilishini bildirdi.

Mutaxassislar xulosasi

Nusxasi Ozodlikka yuborilgan Olmazor tuman sudining 21 may kungi hukmida yozilishicha¸ Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti tomonidan 8 noyabr kuni o‘tkazilgan tadbir jarayonida “GOLD PREMIUM PRODUCT” MChJga qarashli “Sharshara” nomli kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga 69¸60 kilogramm go‘sht mahsuloti olib borilib¸ tekshirish uchun sexda bo‘lgan 275 kilogramm go‘sht olingan. Biroq¸ “275 kilogramm go‘sht mahsulotlari ichida eshak go‘shti borligi aniqlanmagan.”

Sud hukmining Ozodlikka yuborilgan nusxasidan parcha.
Sud hukmining Ozodlikka yuborilgan nusxasidan parcha.

Bunday hukm¸ sudda ko‘rsatma bergan mutaxassislar xulosasiga asoslangan.

Sudda Toshkent shahar Davlat saniratiya-epidemiologiya nazorat markazining bakteriologiya laborotoriyasi mudiri Sh. Alimova mutaxassis sifatida so‘ralgan. Alimova sudga “taqdim qilingan go‘sht qaysi hayvonning go‘shti ekanini o‘z markazi aniqlamasligi¸ buni faqat ekspertiza yo‘li bilan aniqlash mumkinligi”ni bildirgan.

Sudda so‘ralgan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining Materiallar¸ ashyolar¸ buyumlar kriminalistik laboratoriyasi mudiri I.Xalilova esa, o‘z markazida odam DNKsini aniqlash bo‘yicha ekspertiza o‘tkazish mumkinligi¸ ammo hayvon go‘shtini aniqlash bo‘yicha “ekspertiza harakatlari olib borilmasligini” bildirgan.

Sud hukmiga ko‘ra¸ bunday vaziyatda “Sharshara”dan olingan go‘sht mahsulotlari orasida eshak go‘shti borligi “ekspertiza o‘tkazish yo‘li bilan tasdiqlanmagan”.

Ko‘rsatmasidan tongan guvoh

Toshkentdagi “Sharshara” kolbasa sexiga nisbatan jinoiy ish¸ sudlanuvchi Shavkat Rajabovning SVOJJDLQQ Departamenti Xorazm viloyati xodimlariga bergan ko‘rsatmasi asosida ochilgan edi.

4 noyabr kuni Xorazmdagi kushxonada ushlangan Rajabov¸ ajrimda qayd etilishicha¸ sudga bunday ko‘rsatmani qo‘rqitish asosida berganini bildirgan. Rajabov¸ o‘zining Xorazmda bitta eshakni 450-500 mingga sotib olib¸ so‘ydirib¸ ular go‘shtini (haftasiga 80-90 kilogramm) Toshkentga – sherigi Akrom Achilovga yuborganiga iqror bo‘lgan¸ ammo bu go‘shtning aynan “Sharshara”ga olib kelinganidan xabari bo‘lmaganini aytgan.

Achilov esa¸ Rajabovning sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra¸ qassobchilikdan xabari bo‘lmagani uchun¸ Xorazmdan yuborilgan eshak go‘shtini sigir va ozg‘in mol go‘shti deb o‘ylagan.

Aybiga qisman iqror bo‘lgan Rajabov¸ qilgan ishiga chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib¸ jinoyat ishini JKning 65-moddasiga asosan tugatishni so‘ragan va hakam bu so‘rovni qondirib¸ uni javobgarlikdan ozod qilgan.

Achilov aybiga qisman iqror¸ “Sharshara” ishchisi iqror emas

Sud hujjatlarida yozilishicha¸ sud majlisida Akrom Achilov Eski Jo‘va bozorida aravakashlik qilib yurgan payti - 2017 yil sentabrida “Sharshara” sexini yurituvchi Nizomiddin Zuxurov bilan akasi orqali tanishgani va Zuxurov o‘ziga “qanday go‘sht bo‘lsa ham - arzon sigir yoki o‘lgan mol go‘shti - arzon narxda olishini aytib¸ har kilosidan o‘ziga 500 so‘m qolishi haqida kelishganini aytgan.

Shundan so‘ng Achilov¸ kvartiradoshi vositachiligida tanishgan Shavkat Rajabovdan olgan go‘shtni sentabr oyida “Sharshara” sexiga - Nizomiddin Zuxurovga topshirganini aytgan.

Ayni paytda Achilov sudga¸ Rajabovdan olingan qancha go‘shtning aynan “Sharshara”ga sotilganini¸ “hisob yuritmagani uchun” aniq bilmasligini aytgan.

Achilov¸ 2017 yilning 7 noyabr kuni Rajabovdan kelgan 70 kilo go‘shtni “Sharshara” sexiga – Zuhurovga yetkazib berganidan so‘ng Departament tomonidan ushlangani¸ ammo Zuxurov bu go‘shtning eshak go‘shti ekanini bilmaganini aytgan.

Zuxurov esa sudga¸ Achilovdan olgan go‘shtni “ozg‘in sigir go‘shti” deb sotib olgani va aybiga iqror bo‘lmasligini aytgan.

Bosh prokuratura bayonoti

“Sharshara” kolbasa sexidagi mahsulotlarga eshak go‘shti qo‘shilgani haqidagi shov-shuvli xabarlar ortidan 6 dekabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy bayonot chiqargan edi.

“ISTEʹMOLChILAR HUQUQLARINI HIMOYa QILIShGA QARATILGAN TADBIRLAR HAQIDA” deb nomlangan bayonotda¸ “Sharshara”ga eshak go‘shti olib kelingani ham¸ uning go‘sht mahsulotlariga qo‘shilgani ham “aniqlangani” aytilgan edi.

Ozodlik bilan 12 iyun kungi suhbatda Bosh prokuratura matbuot xizmati rasmiylari¸ 6 dekabr kungi bayonotning departament tezkor xabari ekani va u tergovning so‘nggi xulosasi emasligini bildirdi.

“Xorazmdan Toshkentga eshak go‘shti¸ xususan¸ 7 noyabr kuni 70 kg eshak go‘shti kirib kelgani departament o‘tkazgan tadbir davomida aniqlangan. Bu osmondan olingan gap emas¸ fakt. Bu go‘sht qaerga ketdi¸ sudda uning kolbasaga qo‘shilgani nima uchun aniqlanmadi¸ bu haqda prokuratura yaqin kunlarda o‘z munosabatini jamoatchilikka bildiradi”¸ dedi matbuot xizmatining Ozodlik gaplashgan mulozimi.

Ish murosa bilan yakun topdi?

Ozodlikka yuborilgan sud hujjatlaridan¸ sudlanuvchi Shavkat Rajabovning Xorazmda eshak so‘ydirib¸ ularni Toshkentdagi sherigi Akrom Achilovga yuborib turganiga¸ Achilovning esa¸ Rajabovdan olgan go‘shtni «Sharshara» sexi ishchisi Nizomiddin Zuxurovga sotganiga iqror bo‘lgani¸ Zuxurovning esa¸ bu go‘shtning eshakniki ekanini bilmaganini aytgani anglashiladi.

«Sharshara» sexidan prokuratura tomonidan tekshirishga olingan go‘shtning qaysi hayvonniki ekanini O‘zbekistonda aniq aytib bera oladigan laboratoriya yo‘qligi bois sud ishni tugatib¸ «jinoyat natijasida og‘ir oqibat kelib chiqmagani» bois sudlanuvchilarni javobgarlikdan ozod qilgan.

Ajrimning Ozodlikka yuborilgan nusxasi.
Ajrimning Ozodlikka yuborilgan nusxasi.

Jarayonga yaqin tadbirkorning aytishicha¸ shu tarzda «masala hech kimning burnini qonatmasdan» hal qilingan.

«Sharshara» atayin uyushtirilgan hujum qurboni bo‘ldimi?

«Sharshara» kolbasa sexi boshqaruvchilariga yaqin huquqshunosga ko‘ra¸ 2017 yil noyabrida boshlangan bu tadbir “GOLD PREMIUM PRODUCT” MChJsi mulkdorlari¸ ularning obro‘-e’tiborga qilingan hujumdir.

“Bu hujum oqibatida bir odamning 26 yillik mehnati sindi¸ “Sharshara” sexi yopildi. Tekshiruv boshlanishi bilan sex to‘xtatilib¸ shundan so‘ng ishga tushmadi. Hali sud hukmi bilan tasdiqlanmagan fakt bilan tuhmat qilib¸ departament xodimlari atayin forma 2 dan ko‘chirmani chiqarib yuborishdi. Bu esa noqonuniy. Sud va faqat sud hukmi bilan aybdor yoki aybsiz topish mumkin. Ish davomida protsessual normalar buzilgan. Shuning uchun depratament 21 maydagi sud hukmiga protest kiritmadi”¸ - dedi “Sharshara” kolbasa sexi bo‘yicha o‘tkazilgan tergov va sud jarayonidan yaxshi xabardor Ozodlik suhbatdoshi.

Ozodlikka ayon bo‘lishicha¸ Gold Premium Product MChJ egasi Toshkentda mustaqillikdan keyin o‘z biznes tarmog‘ini yaratgan 60 yashar Lutfulla Ubaevdir.

“Bu odam “Davr-bank”ning egasi. Toshkentdagi mashhur “Sharshara” restorani¸ “Nurafshon” restorani¸ “Charog‘on” to‘yxonasi shu odamniki. Otasi provodnik bo‘lgan¸ hamma narsaga o‘z mehnati bilan erishdi bu odam. 1996 yildan beri kolbasa chiqaradi. Hozirgacha panada yurgan odam¸ siësatga aralashib¸ deputatlikka nomzodini qo‘ydi. Oldinlari ham uning biznesiga qarshi bir-ikki hujum bo‘lgan edi. Bu safargisi¸ ham uning biznesiga¸ ham imijiga qarshi zarbadir”¸ degan edi eshak go‘shti janjali boshlangangan 2017 yil noyabrida Ozodlik gaplashgan voqeaga bevosita aloqador tadbirkor.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ «Sharshara»ga uyushtirilgani iddao qilinayotgan hujum buyurtmachisi kim ekanini ochiqlashni istamadi.

«Bu go‘sht mahsulotlari bozoridagi raqiblar deya olmayman. Chunki bu mojarodan hamma birdek zarar ko‘rdi – kolbasa bozori o‘tirdi. Buyurtmachi bozordagi raqobatchilardan kattaroq odamlar»¸ - deya iddao qildi Ozodlik suhbatlashgan «Sharshara»dagi mojaro tafsilotlaridan yaxshi xabardor tadbirkor.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG