Davlatga qarashli "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati 28 may kuni temir yo‘l orqali tashiladigan don va un mahsulotlari, xususan, Afg‘onistonga eksport va reeksport qilinadigan ayni mahsulotlar uchun tariflarni keskin ko‘tardi.
Iqtisodning boshqa a’zolari bilan oldindan muhokama qilinmay¸ ular manfaati bilan hisoblashmay va ularni oldindan ogohlantirmay turib qabul qilingan bu qaror O‘zbekistondagi un ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, eksport va logistika biznesidagi tadbirkorlarni bankrotlik yoqasiga keltirgan.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" rahbarlari tariflar oshirilmagani, balki tariflardagi imtiyozlar bekor qilinganini bildirdi.
26 iyun kuni mamlakat Bosh vaziri va Bosh prokurori ishtirokida o‘tkazilgan olti soatlik yig‘ilishda "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning bu qarori oqibatlari muhokama qilingan va Bosh prokuraturaga qarorning qanchalik asosli ekanini o‘rganib chiqish topshirilgan.
Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston un ishlab chiqaruvchilari, eksport va reeksport bilan shug‘ullanuvchilar, temir yo‘l orqali yuk tashishni o‘z monopoliyasiga aylantirgan "O‘zbekiston temir yo‘llari" qarorini ham ichki¸ ham xalqaro qonunchilikka zid deb baholadi va uning oqibatida minglab odamning ishsiz qolib¸ yuzlab xususiy biznesning sinishi mumkinligidan xavotir bildirdilar.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" qaror qiladi...
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning 6 iyun kuni xalqaro eksportyorlar va temir yo‘l orqali yuk tashuvchilar diqqatiga yuborgan telegrammasi (bu telegramma qaror kuchga kirganidan 10 kuncha o‘tib tarqatilgan – tahr.) mazmunidan anglashilishicha¸ 2018 yilning 28 mayidan boshlab don va un mahsulotlarini tashish uchun belgilangan tarif stavkalari o‘zgargan¸ avval joriy qilingan imtiyozlar bekor etilgan¸ shuningdek¸ Termiz-Hayraton ko‘prigidan o‘tuvchi har bir vagon uchun 200 AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilingan.
Buning oqibatida¸ Qozog‘istondan don olib kelib¸ uni O‘zbekistondagi tegirmonlarda un qilib¸ qadoqlangan unni Afg‘oniston va Tojikistonga reeksport qilish biznesida ishlayotgan shirkatlar uchun temir yo‘lda yuk tashish o‘rtacha 4-5 baravarga qimmatlagan.
"O‘zbekiston temir yo‘llari"ning hech kim¸ hatto Kabmin bilan muvofiqlashtirmay chiqargan bu qarori oqibatida hozir 13 ming 600 odam ishsiz qolib¸ 371 ta un tegirmoni sinish yoqasida qoldi. O‘zbekistondagi xususiy tegirmonchilar Qozog‘istondan don olib kelib¸ uni un qilib¸ qoplarga solib¸ Afg‘oniston va Tojikistonga reeksport qilayotgan va shuning orqasidan minglab oila ro‘zg‘or tebratayotgan edi. Qozog‘istondan kelayotgan bug‘doy qayta ishlanganidan keyin chiqqan kepak va boshqa chiqindilar tovuqchilik fermalarini yem bilan ta’minlayotgan edi. Endi tegirmonchi ishsiz¸ parrandachi yemsiz¸ un qopi tikuvchilar mashinasi esa to‘xtash xavfi ostida qoldi"¸ deydi faoliyati to‘xtash xavfi ostida qolgan eksportchilardan biri.
O‘z shaxsi ochiqlanishini istamagan bu tadbirkorga ko‘ra¸ O‘zbekiston tegirmonlaridan chiqayotgan un mahsulotlari Afg‘onistondagi bozorning 15-20 foizini¸ Tojikistondagi un bozorining esa qariyb 30 foizini egallab kelgan.
“Ramatovning ("O‘zbekiston temir yo‘llari" boshqaruvi raisi Ochilboy Ramatov nazarda tutilmoqda - tahr.) bitta qarori oqibatida¸ O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bozoridagi o‘z ulushini yo‘qotadi. Afg‘oniston endi O‘zbekistonni chetlab¸ to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qozog‘istondan un sotib olib¸ uni Turkmaniston orqali tranzit qiladi. Tojikiston ham xuddi shunday qiladi. Yutqizadigan kim – O‘zbekiston iqtisodi¸ o‘zbek tadbirkori. Nima uchun? Ramatov va yana kimlarningdir monopoliyasini saqlab qolish uchun. "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning o‘zi ham kraxga qarab ketayapti – yuk tashish keskin qisqarayapti¸ tranzit esa¸ o‘ldi. Ramatov yolg‘on raqamlarni e’lon qilib¸ ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanayapti. Oxir-oqibatda¸ nafaqat biz¸ balki "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning o‘zi ham bankrot bo‘ladi yaqinda"¸ deydi o‘zbekistonlik eksportchi.
Tegirmonchi Bosh vazirga arz qildi, Bosh vazir esa yechimni Bosh prokurorga oshirdi
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 26 iyun kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan meva-sabzavot eksporti vaziyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda un eksportchilari va tegirmonchilar "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning bu qarori yuzasidan Bosh vazirga shikoyat qilgan.
“Qizig‘i¸ "O‘zbekiston temir yo‘llari" tariflarni keskin oshirish qarorini hatto hukumat¸ Kabmin bilan muvofiqlashtirmagan! "O‘zbekiston temir yo‘llari" davlatga qaraydi¸ uning tariflarini oshirish faqat davlat¸ bu vaziyatda hukumat bilan muvofiqlashtirilishi shart. Chunki davlat faqat bitta monopolist kompaniya emas¸ balki iqtisodning boshqa a’zolari¸ bozordagi boshqa o‘yinchilar manfaatini ham inobatga olishi shart. Majlisda tushunganim¸ bunaqa qarordan Bosh vazirning ham xabari bo‘lmagan¸ yoki bo‘lsa ham¸ uning oqibatlarini yaxshi tushunmagan"¸ deydi mazkur yig‘ilishda qatnashgan mulozim shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan.
Unga ko‘ra¸ Bosh vazir Abdulla Aripov yig‘ilishda qatnashgan Bosh prokuror Otabek Murodovdan "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning don va un mahsulotlari tashish uchun tariflarni oshirish¸ xususan¸ Afg‘onistonga eksport va reeksport qilinadigan don va un mahsulotlari uchun qo‘shimcha to‘lovlar joriy qilinishining huquqiy jihatdan qanchalik asosli ekanini o‘rganib chiqishni so‘ragan.
"Bu narsani ikki hafta ichida o‘rganib chiqish Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Erkaboy Tojievga topshirildi. Bu topshiriq majlis qatnashchilarining oldida og‘zaki berildi. Keyin biror shaklda hujjatlashtirildimi-yo‘qmi¸ bilmaymiz. Lekin shuncha odam guvohligida berilgan bu so‘rov o‘rganilib¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari”ining bu qarori bekor etilishiga umid qilayapmiz"¸ dedi Bosh vazir raisligida o‘tkazilgan yig‘in ishtirokchisi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining mazkur yig‘in tafsilotidan bevosita xabardor rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda¸ Bosh vazir don va un mahsulotlarini temir yo‘l orqali eksport va reeksport qilishga aloqador hozirga qadar tuzilgan shartnomalar muhlati tugagunga qadar¸ eski tarif stavkalarini saqlab qolishni buyurgan.
"Bu sohada yangi tuziladigan shartnomalar taqdiri esa¸ "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning tariflarni oshirish qarorining qanchalik asosli ekani yuzasidan Bosh prokuratura chiqaradigan xulosaga bog‘liq"¸ dedi Vazirlar Mahkamasi mulozimi.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" nima deydi?
Ozodlik bildirilgan jiddiy e’tirozlarga izoh berishni so‘rab, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisi Ochilboy Ramatov qabulxonasi¸ shirkatning Logistika¸ yuk va tijorat ishlari¸ hamda Iqtisodiy tahlil va prognozlash boshqarmalari rahbarlari bilan bevosita bog‘landi.
"Biz tariflarni oshirmadik. Faqat oldin joriy etilgan skidkalarni bekor qildik¸ xolos. Bu ishni Iqtisodiy tahlil boshqarmamiz qilgan¸ izohni ham ular beradi"¸ dedi "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkatining Logistika boshqarmasi boshlig‘i.
Ozodlikka bildirilgan e’tirozlar mazmunini eshitgan Iqtisodiy tahlil boshqarmasi rahbari Bahrom Narimov esa¸ bu savollar o‘ziga elektron pochta orqali yozma shaklda yuborilsa¸ bir soat ichida javob berishni va’da qildi.
Ammo Ozodlik 29 iyun kunning ikkinchi yarmida jo‘natgan yozma savollarga javob bo‘lmadi.
Muammo ildizi – monopoliya
Don va un mahsulotlari tashish uchun temir yo‘l tariflarining hech bir muhokama va ogohlantiruvsiz¸ "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning ichki qarori bilan oshirilgani haqida Ozodlikka gapirgan tadbirkor va mulozimlar¸ muammoning ildizi bu shirkatning monopoliya maqomida ekaniga borib taqalishini ta’kidladilar.
"O‘zbekistonda temir yo‘llari ham¸ havo yo‘llari ham monopoliyadir. Ular faoliyatini kontrol qiladigan yo‘q¸ xohlaganini qiladi. Bu esa¸ korrupsiya¸ kimlarningdir manfaatini umumiqtisod manfaatidan ustun qo‘yishiga imkon beradi. Davlatning puliga¸ demak, bizning pulimizga xohlasa tezyurar poezd oladi¸ xohlasa¸ Dreamliner. Lekin narxni belgilaganda¸ xalq manfaatini¸ tadbirkor manfaatini pisand ham qilmaydi. Ana shunga chek qo‘yish kerak. O‘zbekistonda barcha xo‘jalik sub’ektlari manfaatlari bilan hisoblashib¸ davlatga qarashli transport shirkatlari narx va tariflarini muvofiqlashtiradigan Transport vazirligi tuzilishi kerak. Bu haqdagi takliflar allaqachon berilgan¸ lekin prezidentga borib yetdimi-yo‘qmi¸ bunisini bilmaymiz"¸ deydi o‘zbekistonlik eksportchi tadbirkor.
(Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” Tojikistondan import qilinayotgan tsement va boshqa import mahsulotlari uchun tariflarni ham keskin oshirgan. Bu vaziyat kelgusida alohida o‘rganiladi - tahr.)
Ozodlik O‘zbekiston Bosh prokuraturasining "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkatining tariflarni keskin oshirish qarori qanchalik asosli ekani yuzasidan chiqarishi kutilayotgan xulosasini bevosita yoritishga harakat qiladi.