Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:55

Birinchi ish kunida xodimini pichoqlab o‘ldirgan elektr tarmoqlari rahbari qamoqqa olindi


13 iyul kuni Andijon shahridagi Yangi shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘ining o‘rinbosari qilib tayinlangan Baxtiyor Ahmedov shu kunning o‘zida xodimini ish joyida pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanib, hibsga olindi.

Andijon shahar ichki ishlar bo‘limining mulozimi, qotillikda gumonlangan shaxs ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytdi.

Ozodlikka xabar bergan voqea guvohlarining aytishicha, hammaning oldida boshliqdan haqorat eshitgan xodim, uni o‘z kabinetiga chaqirib do‘pposlagan. Bundan achchiqlangan boshliq xodimni pichoqlab o‘ldirgan.

Andijon shahridagi Yangi shahar elektr tarmoqlari idorasi boshlig‘ining o‘rinbosari 30 yashar Baxtiyor Ahmedov 13 iyul kuni soat 11 larda idora xodimi, 35 yashar Dilshodni pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanib, qamoqqa olingan.

Andijon shahar ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, qotillikda gumonlangan shaxs, Baxtiyor Ahmedov ustidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97 – moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Voqea tafsilotlaridan xabardor bo‘lgan, ismi sir qolishini so‘ragan Yangi shahar elektr tarmoqlari idorasi ishchilaridan birining aytishicha, janjal ertalabki majlisdan boshlangan:

"Baxtiyor Ahmedov Yangi shahar elektr tarmoqlari idorasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida bugun birinchi ish kuni edi. Dilshod, ko‘pchilik uni Nortoy deydi, avval ham majlislarga kelmaydigan, krutoy bola edi. O‘zi sport bilan shug‘ullangan, kachok yigit edi. Shu kungi ertalabki majlisga ham kechikib kelgan, keyin yangi o‘rinbosar uni hammaning oldida sha’niga tegadigan so‘zlar bilan haqorat qilgan. Majlisdan so‘ng, Dilshod boshlig‘ini xonaga olib kirib, ichkaridan qulflab olib, rosa do‘pposlagan. Kaltak jonidan o‘tib ketgan Baxtiyor Ahmedov xonadagi stolning ustida yotgan kanselyariya pichog‘ini olib, Dilshodga ikki marta sanchgan. Bitta zarba yurakka, ikkinchisi o‘pkaga tushgan. Keyin xonaning eshigini ochib qochib chiqqan. Dilshod shunday holatda bo‘lsa ham ortidan quvib chiqqan, lekin koridorda yiqilgan", deydi voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan hamkasbidan eshitgan xodimlardan biri.

Uning aytishicha, Dilshod tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketilayotganda, joni uzilgan.

Andijonlik rahbarlarning qo‘l ostidagi xodimlarini haqorat qilish ularning asosiy ish uslublaridan biri ekanligi haqida Ozodlik ham ko‘p xabar bergan.

Jumladan, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev tashkilot rahbarlari, o‘qituvchilar va mahalla rasilarini haqorat qilgani uchun javobgarlikka tortilgan va sud hukmi bilan 5 million so‘mga jarima qilingan edi.

O‘zbekistonda boshliq va xodimlarning orasida pichoq vositasida jonga qasd qilish holatlari uchrab turadi.

Jumladan, joriy yilning 3 may kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Bahrom Jo‘raevni 3 may kuni ishdan bo‘shatilgan xodimi Shavkat Ibratov pichoqlagan edi.

Bu voqeani tasdiqlagan MIB xodimlaridan birining aytishicha, ishdan noqonuniy bo‘shatilganini iddao qilgan sobiq xodim boshlig‘iga to‘rt marta pichoq sanchgan. Kasalxonada jarrohlik qilingan Bahrom Jo‘raevning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda qolmoqda.

7 aprel kuni Andijon shahridagi 10-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi shaharning 29-maktabida o‘qiydigan tengqurining yuragiga pichoq sanchib o‘ldirgan edi.

O‘tgan yilning 6 oktabr kuni 1- sonli Toshkent yuridik kolleji talabasi 2 kursdoshini pichoqlagan edi.

2017 yilning 18 avgustida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida uchastka noziri pasport tekshiruvi o‘tkazayotgan paytda pichoqlab o‘ldirilgan edi.

XS
SM
MD
LG