Линклар

Шошилинч хабар
22 январ 2021, Тошкент вақти: 15:50

Bir qo‘shiq tarixi. Ajab sirlar bormish subhi saboda


Bundan 36 yil oldin O‘zbekiston xalq artisti Nuriddin Hamroqulov ijro qilgan “Ajab sirlar” ("Sevgi sururi") qo‘shig‘ini shu kunlarda 29 yashar Ziyoda Qobilova ijro qilmoqda. 24 iyul kuni MRTKning “Navo” kanalida Ziyoda Qobilova ijrosida “Ajab sirlar” qo‘shig‘i yangi sayqal bilan yangradi.

Bu qo‘shiq matnini yozgan 1981 yili shoir Murod Rahmon Ozodlik bilan suhbatda she’rning qo‘shiq bo‘lib yillar davomida aytilishini tasavvur ham qilmaganini aytarkan, uning yozilish tarixini eslab bunday dedi.

- Har bir shoir uchun aziz she’r bo‘ladi. Bu she’r men uchun juda qadrli. She’rning qachon¸ qaerda va qay daqiqada yozilganiga qadar aniq eslayman. 1981 yilda Toshkentning “Jangoh” mahallasidagi bir xonalik uyda yolg‘iz yashar edim. O‘sha bittagina xonadagi yozuv stoli ustida ko‘zgu osig‘lik turardi. Shu ko‘zgudagi aksimga qarab¸ meni ham sevguchi bormikan dunyoda degan armon o‘tdi yurakdan. Ko‘zimdan yosh dumaladi.” Men baxtim topgayman qay dilraboda? Bizni ham sevguchi bordir dunyoda” degan satrlar o‘z-o‘zidan quyilib kelaverdi. Bu she’r o‘sha paytda sevgiga talpingan yolg‘iz yigitning qalb nidosi bo‘ldi¸ - deydi shu kunlarda 71 yoshni qarshilayotgan qo‘shiqchi shoir Murod Rahmon.

“Toshkent oqshomi” uchirma qilgan qo‘shiq

1982 yilda “Toshkent oqshomi” gazetasida Bosh muharrir bo‘lib ishlagan keksa jurnalist Sharof Ubaydullaev “Ajab sirlar” she’rining qo‘shiqqa aylanishiga sababchi bo‘lganini eslaydi:

- “Toshkent oqshomi” gazetasiga Nuriddin Hamroqulov¸ Sherali Jo‘raev degan qo‘shiqchilar kelib, she’r so‘rashar edi. Chunki gazetaning adabiyot bo‘limida qo‘ishqchi shoir Muhammad Yusuf ishlardi. Bir kuni o‘sha paytda yulduzi balqib chiqayotgan qo‘shiqchi Nuriddin Hamroqulov kirib keldi. Men uning qo‘liga gazetaning o‘sha kungi adabiyot sahifasida bosilgan she’rni tutqazdim. “Bizni ham sevguchi bordir dunyoda” degan jumlasiga e’tibor berishni so‘radim. She’rni o‘sha paytda hech kim tanimagan Murod Rahman yozgan edi. Bir oy o‘tmay bu she’r qo‘shiq bo‘lib nafaqat O‘zbekiston balki qo‘shni Tojikiston¸ Qirg‘izistonda ham mashhur bo‘ldi. Mana shundan beri 36 yil o‘tibdi bu qo‘shiq el og‘zida. U paytda hozirgidek Internet yo‘q. Hech kim tanimagan shoir va el tanigan qo‘shiqchi o‘rtasida gazeta vositachi bo‘ldi. Bu qo‘shiq yaralishiga hissam qo‘shilganidan mamnunman,- deydi keksa jurnalist Sharof Ubaydullaev Ozodlik bilan suhbatda.

Muhammad Yusuf bashorati

Shoir Murod Rahmon Ozodlik bilan suhbatda bu she’rning “Toshkent oqshomi” gazetasida chop qilingan sonini aziz yodgorlik kabi saqlab kelayotganligini aytadi:

- 1982 yilda bu va boshqa she’rlarimni “Toshkent oqshomi” ga olib bordim. Gazetada Muhammad Yusuf ishlardi. Muhammad Yusuf to‘rtta she’rimni olib qoldida, "beramiz", dedi. Shu to‘rtta she’r ichidan “Ajab sirlarni” ajratib olib ifodali o‘qidi. "Shu she’r qo‘shiqbop ekan", deb qo‘ydi. Lekin men bu she’rni qo‘shiq bo‘ladi deb o‘ylamovdim. Keyin esimdan ham chiqib ketuvdi. Bir kuni yigitlar gazeta olib kelishdi¸ mana “Toshkent oqshomi” da she’ringgiz bosilibti deb. “Ajab sirlar” o‘shanda ilk bora bosilgan edi. Oradan sal o‘tib Nuriddin Hamroqulovning o‘rtani olib boradigan qiziqchisi Mashrab Nazarov kelib¸ “Ajab sirlar” qo‘shiq qilinganini aytib qoldi. Plastinka bo‘lib chiqqan ekan. Qo‘yib berdi. Mazza qilib eshitdik. Men boshqacha bo‘lishini istagandim. O‘z istaklarimni Nuriddin Hamroqulovga aytaman deb dilimga tugib qo‘ydim. To Nuriddinni uchratgunimcha bu qo‘shiq ommalashib ketib qoldi. Har kuni radio ham berdi¸ TV ham berdi. Ko‘chadagi simyog‘ochga ilingan karnaydan hav aytildi. Bozorga kiraverishda kassetachilar baland qilib qo‘yishadi. Dazmolni tiqsangiz ham shu qo‘shiq. Bugun ham aytilyapti bu qo‘shiq. Erkak odamning dil iqrori bo‘lgan bu qo‘shiqni bugun qizlar ham aytayapti. Lekin Ziyoda Qobilova ham zo‘r aytib qo‘ydi¸ - deydi shoir.

"Oltin hazina gavhari"

O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov Ozodlik bilan suhbatda “Ajab sirlar” qo‘shig‘ini o‘zbek ijrochiligining “oltin hazinasidan joy olgan gavhar” deb atadi:

- Yillar sinovidan o‘tgan¸ samimiy ijro qilingan qo‘shiq. Oltin hazinamiz durdonasi. Qo‘shiq ijrochisini ham shoirni ham, shaxsan taniyman. Murod Rahmon she’rlari tez qo‘shiq bo‘ladi. So‘zlarni chiroyli qilib yozadi. Men ham u kishi yozgan “Nilufar “ degan she’rni qo‘shiq qilganman¸ - deydi suhbatdosh.

Ba’zan jo‘n misralar ham yaxshi qo‘shiqchi mahorati bois mashhur bo‘ladi¸ qiymat kasb qiladi deyishadi. G‘ulomjon Yoqubov bunday fikrni ma’qullamaydi:

- Yaxshi she’rdan yaxshi qo‘shiq chiqadi. Bu fikrni men doim aytaman. Ba’zi qo‘shiqchilar o‘zi she’r yozib qo‘shiqqa solishadi. Bilinib qoladi eplay olmagani. Murod Rahmon yozgan matn esa quloqqa yoqadi¸ deydi taniqli qo‘shiqchi.

Bizni ham sevguchi bormi dunyoda?

Bugun 71 yoshini qarshilayotgan va maddohlik janrida yozgan ba’zi she’rlari uchun ijtimoiy tarmoqlarda haqli ravishda “sazoyi” qilinayotgan shoir Ozodlik bilan suhbatda o‘zining asl she’rlari muhabbat haqida ekanini aytadi:

- Muhabbat, endi, har bir yigitning orzusi. O‘zini maqtadi deb o‘ylamang lekin eng yaxshi she’rim ham mana shu. Ba’zan shuni men yozdimmi deb ham o‘ylanib qolaman. Men kabilar dunyodan o‘tib ketadi¸ lekin bu misralar abadiy qoladi. Chunki sevgi tuyg‘usi abadiy. Bu she’rni ilk marotaba marhum shoir Muhammad Yusuf qiroatini keltirib o‘qib bergan edi. Qaeriga urg‘u berish¸ qaerini shivirlab aytish kerakligini o‘shanda his qildim. Keling shu she’rni o‘qib beray¸ - dedi shoir Murod Rahmon.

Ажаб сирлар бормиш субҳи сабода (Бир қўшиқ тарихи)
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:10 0:00
Бевосита линк

Ajab sirlar bormish subhi saboda,

Umr aks etarmish oqar daryoda.

Umid yulduzlari porlar samoda,

Men baxtim topgayman qay dilraboda?

Bizni ham sevguchi bordir dunyoda.

Oshiqlar orzusi o‘xshash bo‘larmish,

Taqdir bir-biriga tutash bo‘larmish.

Ko‘ngillarda o‘chmas otash bo‘larmish,

A’lo bo‘lar emish ahdu vafoda.

Bizni ham sevguchi bordir dunyoda.

Inson iqbol uchun, baxt uchun yashar,

Mehrga intilsang, sevsang yarashar.

Bir kun o‘tli, shaydo ko‘zlar uchrashar,

Murodim ko‘rarman o‘shal barnoda.

Bizni ham sevguchi bordir dunyoda...

XS
SM
MD
LG