Farg‘ona viloyat, Beshariq tumanidagi qishloqlardan biri maktabining 7-sinf o‘quvchisi K.M ning besh oylik homilasini akusher-doya mahalliy mulozimlar buyrug‘i bilan uyida abort qildi.
(Ozodlikka qishloq va maktab manzili¸ bu jarayonga aloqador shaxslarning ismi-sharifi ma’lum. Aybsizlik prezumpsiyasi va axloq normalaridan kelib chiqib¸ ular e’lon qilinmayotir - tahr.)
Farg‘ona viloyati IIB xodimining Ozodlikka 15 avgust kuni bildirishicha¸ joriy yil may oyida homilasi tushirilgan o‘quvchi qizning 39 yashar onasiga nisbatan "O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 28- 118- moddasi 4-qismi va 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 4 -qismi “a” bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir" qilganlik bo‘yicha prokuratura ayblov xulosasi taqdim qilingan.
Farg‘ona viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari imzolagan ayblov xulosasining Ozodlikka yuborilgan nusxasidan anglanilishicha¸ to‘rt shaxs "14 yoshga to‘lmagan ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojini an’anaviy va noan’anaviy tarzda qo‘rqitib qondirishda" ayblanmoqda.
O‘smir qiz uyda abort qilindi
Beshariqdagi maktablardan biri ma’muriyati shu yil bahorda 7-sinf o‘quvchisining surunkali maktabga kelmaganidan tashvishga tushib¸ qizning uyiga boradi va o‘smirning homiladorligidan xabar topadi.
Ayni maktab o‘qituvchilaridan birining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ “bu paytga kelib¸ 7-sinf o‘quvchisining buzilib ketgani” haqidagi xabar hamma yoqda tarqalib ulgurgan:
- Mahalla xotin-qizlari bilan ishlash bo‘yicha maslahatchi sinf rahbari bilan birga qizning uyiga bordik. Keyin qiz va uning onasini olib Beshariq tuman hokimining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari oldiga bordik. Opa qizning onasini koyidi¸ qizning o‘zi bilan suhbatlashdi.Tuman IIB profilaktika inspektoriga xabar berdi¸ dedi shaxsi ochiqlanishini istamagan jarayonga aloqador beshariqlik o‘qituvchi.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ bu suhbatdan so‘ng IIB profilaktika inspektori¸ qiz o‘qiydigan maktab direktori va sinf rahbari qizning onasi bilan homilani tushirish masalasini muhokama qilgan.
Ayblov xulosasida yozilishicha¸ qizning onasi "sharmandalikdan qo‘rqib¸ qizining kasalxonada abort qildirilishiga qarshilik qilgan".
Beshariq tuman markaziy shifoxonasi vrachining Ozodlikka aytishicha¸ tuman hokimining xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari topshirig‘iga binoan o‘quvchi qiz ginekologik tekshiruvdan o‘tkazilgan va homilaning 18 haftalik ekani aniqlangan.
Ozodlik tasarrufida mavjud ayblov xulosasiga ko‘ra¸ bu tekshiruvdan sal o‘tib qizning uyiga hokim o‘rinbosari va maktab direktori topshirig‘i bilan doya-akusher kelib¸ 4¸5 oylik homilani ona qornida o‘ldirish uchun unga to‘rt dona tabletka bergan. Ayblov hujjatida yozilishicha¸ o‘g‘il bola bo‘lgan homila tushirilgandan keyin jasadni qizning otasi oq matoga o‘rab mahalliy qabristonga ko‘mib kelgan.
Farg‘ona viloyat IIB tergov boshqarmasi xodimining ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka bildirishicha¸ bu holatda birdaniga ikki jinoyat sodir etilgan:
- Birinchidan¸ 12 haftadan o‘tgan homilani tushirish mumkin emas. Ikkinchidan¸ bu ishni uyda tashkil qilish jinoyatdir¸ dedi huquq mulozimi.
Voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor beshariqlik manbaga ko‘ra¸ bu ikkala jinoyat "7-sinf o‘quvchisining fohishaga aylantirilib¸ homilador bo‘lgani ovoza bo‘lishdan qo‘rqqan" tuman hokimligining ayrim rasmiylari nazoratida amalga oshirilgan.
Anjir daraxti ostidagi fohishaxona
O‘smir qizning uyda noqonuniy tarzda abort qilingani haqida profilaktika inspektoridan bildirgi olgan Farg‘ona viloyat IIB tergov boshqarmasi o‘tgan oy bu voqea yuzasidan surishtiruv boshlagan. Tergov davomida beshariqlik 22-36 yosh orqaligidagi to‘rt nafar oilali va bolali erkakning 14 yoshga to‘lmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilgani aniqlangan. Ayblov xulosasiga tikilgan o‘quvchi qiz ko‘rsatmasida bu erkaklarning “anjir daraxti ostida zo‘rlik ishlatib¸ u bilan jinsiy aloqa qilgani” tafsilotlari keltiriladi.
Ayblanuvchilarning uchtasi qizning o‘z ixtiyori va onasiga pul berish evaziga rozilik bilan jinsiy aloqa qilgani haqida ko‘rsatma bergan. To‘rtinchi ayblanuvchi - maktabning adabiyot o‘qituvchisi esa umuman bu qiz bilan jinsiy aloqa qilmaganini yozib bergan.
Voqea sodir bo‘lgan mahalla faolining Ozodlikka aytishicha¸ homilador bo‘lgan 14 yashar qizning otasi ishsiz¸ oila ona va qizlarining to‘y va ma’rakalarda idish-tovoq yuvishi hisobiga topgan puliga kun ko‘radi. Bu mablag‘ tirikchiligiga yetmagani vajidan qizning onasi o‘z mahallasida ikki qizini pul evaziga erkaklarga qo‘shib berish bilan ham tanilgan.
Ayblov xulosasasida onaning mahalliy fermer yigitlar va maktab o‘qituvchisidan 30 ming so‘mdan pul olib¸ qizini ularga qo‘shib qo‘yganiga oid guvohlik va iqrorlik ko‘rsatmalari bor.
Mulozimlar sukutda
Ozodlik yuz bergan voqea yuzasidan Beshariq tumani hokimining xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosaridan izoh so‘radi. O‘zini hokim o‘rinbosarining yordamchisi deb tanishtirgan mulozim 14 yashar qizning uyida abort qilingani faktini tasdiqlab¸ keyinroq qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi. Keyingi telefon qo‘ng‘irog‘iga javob berib¸ o‘zini Beshariq tuman hokimi Rasuljon Jo‘raevning yordamchisi deb tanishtirgan mulozim “bu voqeadagi barcha aybdorlar qonun oldida javob beradi" degan izoh bilan cheklandi.
Ozozlikka bildirilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra¸ qizning onasi sudgacha hibsda qolmoqda; qizni zo‘rlaganlikda ayblanayotgan uch nafar fermer yigit ham hibsga olingan. O‘z o‘quvchisini paxta dalasida zo‘rlaganlikda gumonlanayotgan adabiyot muallimi esa tilxat bilan uyiga qo‘yib yuborilgan.
Farg‘ona viloyati IIB xodimining Ozodlikka bildirishicha¸ tergov jarayoni yakuniga yetgan va yaqin kunlarda ish sudga oshiriladi.