Tojikiston Chegara xizmati Xatlon viloyatining Afg‘oniston bilan chegaradosh Farxor tumanida istiqomat qiluvchi uch kishiga “Tolibon” jangarilari tomonidan hujum qilingani to‘g‘risidagi xabarlarni tasdiqladi.
Jangarilar Kalashnikov avtomati va minometdan “Niva” avtomobiliga hujum qilgan, avtomobilda uch nafar o‘rmon xodimi bor edi: ulardan ikki nafari halok bo‘ldi, bir nafari jarohat oldi.
TR chegara xizmatidagi manba 27 avgust kuni bergan xabarga qaraganda, o‘rmon inspektorlari faoliyat uchun rasmiy litsenziyaga ega bo‘lgan, o‘sha kuni ular pichan o‘rish uchun yo‘lga chiqqan edi, biroq qo‘shni davlat hududidan o‘qqa tutildilar. «Dastlabki tergov shuni ko‘rsatmoqdaki tojikistonliklar Kalashnikov avtomati va minometdan otib o‘ldirilgan», - deydi suhbatdosh.
Uning so‘zlariga qaraganda, ayni damda tojik-afg‘on chegarasi nazoratga olingan va u yerga qo‘shimcha chegara xizmati va militsiya kuchlari tashlangan. 27 avgust kuni hodisa joyiga ikkita vertolyotda Dushanbedan huquq tartibot idoralarining yuqori lavozimli vakillari yetib keldi, ular orasida ichki ishlar vaziri va MXDQ raisi bor.
Afg‘oniston chegarasi yaqinida halok bo‘lgan Farxorlik ikki fuqaroning jasadi ekspertiza uchun tuman markaziy shifoxonasiga olib kelindi. «Tergov davom etmoqda va tegishli idoralar barcha taxminlarni ko‘rib chiqmoqda. Ekspertizadan so‘ng o‘ldirilganlarning jasadi dafn uchun qarindoshlariga beriladi», - deya o‘z so‘ziga qo‘shimcha qildi manba.
Tuman shifoxonasi shifokorlari jarohat olgan uchinchi o‘rmon inspektori shifoxonaga olib kelinmaganini aytishdi.
Hodisa 26 avgust kun yarmida Afg‘oniston bilan chegarada yuz berdi: qo‘shni davlat hududidan Farxor tumanida yashovchi uch fuqaro tushgan “Niva” avtomashinasi o‘qqa tutildi.
Farxor tumanidagi politsiya vakillarining aytishlaricha, o‘q otish natijasida ikki kishi halok bo‘lib, bir kishi jarohat oldi. «Ularning uchchallasi ham o‘rmonchilar edi. Hujum Afg‘oniston tomonidan bo‘ldi», - deydi manba.
Vafot etganlarning ismi sharifi ayon bo‘ldi: Saidov Amirxon, 1965 yilda tug‘ilgan, Mustaqillikning 20 yilligi jamoatining 1 May qishlog‘ida yashab kelgan va Sangakov Davlat, 1958 yilda tug‘ilgan G‘alaba jamoatining Margzor qishlog‘ida yashagan, jarohat olganning ismi sharifi esa Rahmonov Safarxon.
Farxor tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Afg‘onistonning Taxor viloyati politsiyasining matbuot kotibi Xalil Asirning so‘zlariga qaraganda, xodisadan xabar topishgan. Hozircha hujum ortida kim turganligini bilmasligini aytdi. «Bu hudud «Tolibon» qo‘lida», - deya ta’kidladi.
Shu yilning bahorida Tojikiston chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Rajabali Rahmonali Dushanbeda bo‘lib o‘tgan konferensiyalardan birida Tojikiston bilan chegarada 7 mingga yaqin jangari to‘planib qolganidan o‘z xavotirini bildirgan edi. Tojikiston Afg‘oniston bilan 1400 kmga yaqin chegaraga ega.