Линклар

Шошилинч хабар
14 май 2024, Тошкент вақти: 09:05

“O‘zbektelekom” Facebookdagi uzilishlar uchun Facebookning o‘zini aybladi


5 sentabrdan boshlab O‘zbekistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida boshlangan jiddiy uzilishlarni Ozodlikka sharhlagan "O‘zbektelekom" rasmiysi¸ bu muammoning Facebookning o‘zi yoki global maydonda Internetga ulanishdagi uzilishlarga borib taqalishini iddao qildi.

32 milliondan ko‘proq aholisi bor O‘zbekistonni Internet bilan ta’minlovchi yagona manba bo‘lgan “O‘zbektelekom” rasmiysi¸ o‘zbekistonliklarning Facebook tarmog‘iga kirish¸ xususan¸ unga video yoki sharh yuklashda duch kelayotgan muammosida milliy operatorning “qo‘li yo‘qligi”ni iddao qildi.

Bu muammo bo‘yicha hozir Mininfokom bilan shug‘ullanayapmiz. Ammo hozircha aytishim mumkin bo‘lgani¸ biz tomondan hech qanday muammo yo‘q¸ hammasi shtatniy rejimda ishlayapti. Texnik bo‘limimiz masalaning tagiga yetishga urinayapti. Aniq xulosaga kelinsa¸ e’lon qilamiz”¸ dedi Ozodlik 10 sentabr kuni gaplashgan “O‘zbektelekom” rasmiysi.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi o‘zbekistonliklar orasida eng keng tarqalgan Facebookda kuzatilayotgan muammo manbasi¸ mamlakatdagi Internet monopolisti sanalgan “O‘zbektelekom” rasmiysi iddaosicha¸ Facebookning o‘ziga borib taqaladi:

Kuzatayotgan bo‘lsangiz¸ Facebook butun dunyoda¸ masalan¸ Braziliya va Portugaliyada ham osilib qolayapti. Muammoning ildizi¸ aftidan Facebookning o‘zida. Balki internetga bog‘lanish bilan ham muammo bordir”.

10 sentabr kun davomida Ozodlik O‘zbekiston Aloqa¸ axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi rasmiylaridan izoh olishga urindi.

Qo‘mitaning Ozodlik gaplashgan axborot xavfsizligi bo‘yicha rasmiysi¸ bu masalada hech qanday izoh bera olmasligini bildirish bilan cheklandi.

“Muammo Facebookda emas!”

Ozodlik bilan suhbatda Facebook faoliyatini yaqindan biladigan mutaxassis¸ “O‘zbektelekom” rasmiysi bayonotining asossizligini ta’kidladi.

Muammo Facebookning o‘zidan bo‘lganda edi¸ birinchidan shirkat bu haqda foydalanuvchilarni ogohlantirgan bo‘lardi. Ikkinchidan¸ bu muammo bir necha soat¸ aniqrog‘i bir soatga borib-bormay yechimini topgan bo‘lardi. Chunki bunday uzilish Facebook biznesi uchun qimmatga tushadi va foydalanuvchilar ishonchiga putur yetkazadi. Uchinchidan¸ agar muammo Facebookning o‘zidan bo‘lganida edi¸ u VPN bilan kirganda ham ishlamagan bo‘lardi. Va nihoyat Internetga ulanish bo‘yicha muammo bor¸ degan gap ham asossiz¸ chunki foydalanuvchilar umuman Internetga ulanishda emas¸ balki aynan Facebookka kirish¸ xususan¸ unga ma’lumot yuklashda uzilishga uchramoqda”.

O‘zbekistonda Facebook duch kelayotgan muammoni sharhlagan mutaxassis¸ uni Xitoy modelining nusxasi deya baholadi:

"O‘zbekistonda Internetga kirish kaliti bitta kompaniya - "O‘zbektelekom"da. Hukumat siyosiy qaror bersa¸ ular alohida tarmoq va portalga kirishni to‘lig‘icha yopish yoki unga kirish tezligini pasaytirishi mumkin. Xitoy aynan shunday qiladi. Butun tarmoqni to‘lig‘icha yopmaydi¸ ammo unga kirish¸ xususan¸ ma’lumot yuklashni bo‘g‘ib qo‘yadi".

Dunyo miqyosida Facebook Xitoy¸ Shimoliy Koreya¸ Bangladesh¸ Turkmaniston va Eronda muttasil to‘silgan yoki muntazam uzilishga uchrab keladi.

Nega aynan Facebook ishlamayapti?

O‘zbekiston xavfsizlik tizimiga aloqador mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ yangi o‘quv yili boshlangan 5 sentabr kuni mamlakatning turli viloyatlarida ro‘mol fleshmoblari rejalangan va bu loyiha ijtimoiy tarmoqlar¸ ayniqsa¸ Facebook orqali muvofiqlashtirilishi lozim bo‘lgan.

Bu aksiyani boshqarishi kerak bo‘lgan faollarning ayrimlari Yaqin Sharq¸ xususan¸ Misrda o‘qib kelgan va bu jarayonda “arab bahori” tajribasi – jamoatchilik faolligini Facebook orqali boshqarishni taklif etgan. Shundan kelib chiqib¸ DXX bu aksiyani to‘xtatishga siyosiy qaror bergan”.

O‘zbekistonda Facebook tarmog‘ining qariyb ishlamay qolishi¸ aynan shu tarmoqda faol bo‘lgan diniy bloggerlarning ma’muriy jazoga tortilishi bilan bir paytga to‘g‘ri keldi va shu bois¸ jamoatchilik bu ikki voqeaning bir sababga borib taqalishini taxmin qilmoqda.

Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik dunyoviy bloggerlarga ko‘ra¸ Facebook o‘zbekistonliklar ijtimoiy fikrini shakllantirishdagi asosiy platformaga aylangan va shunisi bilan hukumatni cho‘chitib qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

StatCounter sahifasida keltirilgan raqamlar¸ bloggerlarning bu gapini quvvatlaydi.

2017 yil avgustidan 2018 yil avgustigacha bo‘lgan bir yillik davrga oid keltirilgan statistik raqamlarga ko‘ra¸ Facebook o‘zbekistonliklar foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlar ro‘yxatida birinchi.

Unga ko‘ra¸ 2017 yil sentabrida O‘zbekistondagi Internet foydalanuvchilarining 49.57 foizi Facebook tarmog‘idan foydalangan bo‘lsa¸ yil davomida bu ko‘rsatkich¸ o‘rtacha 33.21 foizni tashkil etgan. (Ikkinchi o‘rinda¸ 26.66 foiz bilan Youtube.)

Ayni paytda Ozodlik bog‘langan Bosh prokuratura rasmiysi¸ Facebookdagi uzilishlar¸ uning tezligi pasayib ketishi bilan blogerlar ishining aloqadorligi haqidagi iddaolarni "mutlaq rad etdi".

Facebook tarmog‘iga Ozodlik orqali kirish mumkin

Psiphon - Psiphon Inc. kompaniyasi tomonidan yaratilgan VPN va HTTP proksi serverlar yordamida internetga aylanma yo‘l bilan kirish imkonini beradigan yangi vosita.

Psiphon mijozi avtomatik tarzda Internetga kirishning yangi aylanma yo‘llarini topib, qo‘yilgan to‘siqlarni chetlab o‘tish imkonini oshiradi.

O‘zbekistonda taqiq qo‘yilgan saytlar¸ xususan¸ ayni kunlarda uzilishga uchrayotgan Facebook, xususan¸ Ozodlikning Facebook sahifasiga kirish yo‘lini quyidagi linkda berilgan ko‘rsatmalar orqali topishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG