Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:22

Xitoy-AQSh savdo urushi qizigandan qizimoqda: o‘zi nima gap?


Prezident Tramp Xitoy tovarlariga import boji kiritish orqali Pekinni "adolatsiz savdo"ni to‘xtatishga majburlamoqchi.
Prezident Tramp Xitoy tovarlariga import boji kiritish orqali Pekinni "adolatsiz savdo"ni to‘xtatishga majburlamoqchi.

Oq Uy Qo‘shma Shtatlar Xitoydan import qilinadigan tovarlar uchun bojxona to‘lovlari hajmini oshirmoqda - Xitoyning 200 milliard dollarlik tovarlari uchun 10 foizlik tarif joriy qilinadi.

Yangitdan qo‘llanayotgan tariflar sababli bu ikki davlat o‘rtasidagi savdoga oid munozara - savdo urushi - yanada avj olishi kutilmoqda.

AQSh ko‘rayotgan choralar 500 milliard dollardan ortiq Xitoy tovarlariga daxl qilishi mumkin, lekin shu bilan birga mahsluotlarini Xitoy bozorida sotayotgan amerikalik fermerlar va kompaniyalar ham ziyon ko‘rmay qolmaydi.

Tramp nima ish qildi?

Tramp ma’muriyati 17 sentabrda 24 sentabrdan boshlab Xitoyning 200 milliard dollarlik tovarlarini soliqqa tortmoqchi ekanini ma’lum qildi. Dastlab 10 foizlik tariflar joriy etilib, ular miqdori 2019 yilda 25 foizga yetadi.

Boj joriy etiladigan tovarlar ro‘yxati juda uzun bo‘lib, unda qamish sholchadan tortib, qo‘riqlash signaliyu velosipedgacha bor. Ro‘yxatga kiritilmagan tovarlar ham e’tiborga loyiq. Dastlabki boj joriy qilinayotgan 200 milliard dollarlik tovarlar ro‘yxatidan velosiped dubulg‘alari bilan bolalar xavfsizligi mahsulotlari o‘chirib tashlandi. Ular qatorida ommabop elektron gadjetlar ham bor, chunki Apple va Fitbit singari AQSh kompaniyalari fitnes-bilakuzuklarini ishlab chiqarish zanjiri ko‘p jihatdan Xitoy bilan bog‘liq.

AQSh Xitoyga nisbatan oldin ham boj tariflari qo‘llagan edi. Tramp iyunda 50 milliard dollarlik Xitoy tovarlariga 25 foizlik tariflar joriy etajagini bildirgan edi. O‘sha tariflar Xitoydan import qilinayotgan 800 nomdagi tovarlar, jumladan, avtomobillarga nisbatan joriy qilindi. Xitoy ham qarab turmadi, o‘sha oyning o‘zidayoq 659 nomdagi 50 milliard dollarlik AQSh tovarlariga 25 foizlik boj belgiladi.

Yangi tariflarga ko‘ra, Xitoy AQShga eksport qilayotgan 506 milliard dollarlik tovarlarning deyarli yarmiga nisbatan jazo choralari qo‘llandi, qolgan yarmi ham xavf ostida qolmoqda.

Nega tariflar joriy qilinmoqda?

Vashington uzoq vaqtdan beri Xitoyning noxolis savdo amaliyotidan shikoyat qilib kelayotgan edi. Pekinning “Xitoyda ishlab chiqarilgan – 2025” rivojlanish rejasi AQSh rasmiylarining jig‘iga tegib kelmoqda. Ushbu hujjatda Xitoy axborot texnologiyasi, robototexnika, kosmik jihozlar, elektr ulovlar va biofarmatsevtika kabi sohalarda o‘z kompaniyalarini yaratishi ko‘zda tutilgan. AQSh va boshqa chet el kompaniyalari Pekinning ularni Xitoy bozorida tiyib turish va yoki siqib chiqarishga urinayotganidan shikoyat qilib keladi.

AQSh Savdo vakili idorasidan bildirishlaricha, Xitoyning bu boradagi taktikasi o‘z ichki bozoriga AQSh va boshqa chet el kompaniyalarini kiritish uchun ulardan texnologiyani “baham ko‘rish”ni talab qilishdan tortib ochiqdan-ochiq kibertahdidlarni ham o‘z ichiga oladi.

Xitoy qanday javob berdi?

Yangi tariflar e’lon qilingach, oradan ko‘p o‘tmay, Xitoy javob choralarini ko‘rishini ma’lum qildi. Xitoy Savdo vazirligi vakilining aytishicha, vazirlik “qonuniy huquq va manfatlarni hamda xalqaro erkin savdo tartibini himoya qilmoqchi ekani”ni aytdi.

O‘tgan oyda Xitoy AQShning 60 milliard dollarlik tovarlari, jumladan, suyultirilgan tabiiy gazdan tortib, ayrim uchoq turlarigacha boj joriy qilajagini e’lon qildi. Agar Vashington yangi tariflarni joriy qiladigan bo‘lsa, Pekin mavjud tariflar oshirilishini bildirdi.

Ammo ekspertlarning aytishicha, Pekinning tariflardan Qo‘shma Shtatlarga qarshi qurol sifatida foydalanish imkoniyati cheklangan. Sababi – oddiy. Xitoy Qo‘shma Shtatlarga import qilayotganidan ko‘ra ko‘proq tovar eksport qiladi.

Merilend shtati universiteti professori Piter Morichi esa, shu paytgacha Xitoy Tramp qo‘llayotgan tariflardan ko‘p ziyon ko‘rmaganini aytadi.

− Rejim sifatida Xitoyning Tramp tariflariga javob qaytarish pishanglari mavjud. Pekin milliy pul birligini osongina bozorga moslashi va xarajatlarni ishlab chiqaruvchilar zimmasiga yuklab qo‘ya qoliish mumkin,− dedi Morichi 18 sentabrda RFE/RL’ga telefon orqali bergan intervyusida.

Tariflar urushidan kim zarar ko‘rmoqda?

Savdo urushidan Amerikaning soya yetishtiruvchi fermerlari va ishlab chiqaruvchilari eng ko‘p zarar ko‘rdi. Qo‘shma Shtatlarning pirovard mahsulotda ishlatiladigan qismlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalari ham muammolarga duch kelmoqda.

Bank of America Merrill Lynch iqtisodchilari Xitoy bilan Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi savdo urushi qanchalik ko‘p davom etsa, AQSh iqtisodiyoti shunchalik ko‘p zarar ko‘rishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ularga ko‘ra, savdo urushi ta’minot zanjirlariga putur yetkazish va biznes sohasidagi ishonchni o‘ldirish bilan “iqtisodiyotni keng qamrovli inqirozga olib kelishi mumkin”.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo urushi ta’siri Xitoy bilan Qo‘shma Shtatlardan ham boshqa joylarga ham yoyilmoqda. Yevropa savdo palatasi vakilining 18 sentabr kuni bildirishicha, AQSh bilan Xitoyning o‘zaro savdo urushi Yevropa kompaniyalariga va butun dunyodagi ta’minot zanjirlariga putur yetkazmoqda.

Endi nima bo‘ladi?

Xitoy Vashingtonga yangi muzokara o‘tkazish uchun delegatsiya yuborishni rejalashtirayotgan edi, ammo Trampning 267 milliard dollarlik Xitoy tovarlariga qo‘shimcha boj kiritish tahdidi muzokarani chippakka chiqarishi mumkin.

Ammo Xitoy ortga chekinishiga deyarli hech kim ishonmaydi.

Amerikaning Xitoydagi savdo palatasiga ko‘ra, Pekin “rejasini o‘zgartirishi dargumon” va savdo jangiga muzokara yo‘li bilan barham berishga intilmoqda.

Xitoyning xavfsizlik masalalari bo‘yicha rasmiysi AQShning Xitoyga qarshi savdo sanksiyalari ish bermasligini, chunki Xitoy muammoni hal etish uchun ishonchli moliyaviy va pul-kredit siyosati yuritayotganini aytdi.

Morichi “ilojsiz vaziyat” yuzaga kelishini bashorat qilmoqda. Uning fikricha, Trampning tariflari Pekinning iqtisodiy va savdo siyosatini o‘zgartira olmaydi.

XS
SM
MD
LG