Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:49

Toshkentda sud Abdulla Oripovning farzandlari talashayotgan meros bo‘yicha ajrim chiqardi (AUDIO)


Abdulla Oripov oilasi
Abdulla Oripov oilasi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanlararo sudi O‘zbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi, marhum Abdulla Oripovning xotini va farzandlari o‘rtasidagi meros talashuv bo‘yicha ajrim chiqardi.

Ma’lum bo‘lishicha, Abdulla Oripov 2016 yil 5 noyabrda vafot etganidan ko‘p o‘tmay, undan qolgan mol-mulkni taqsimlash masalasida rafiqasi va farzandlari o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan.

Abdulla Oripovning rafiqasi Xanifa Mustafaevaning mol-mulkni to‘laligicha o‘zining nomiga o‘tkazish talabiga olti farzandidan ikki nafari - Shoira va Yulduz Oripovalar qarshi chiqqan.

Ular Abdulla Oripovdan qolgan mol-mulk barcha farzandlari uchun umumiy bo‘lishi kerakligini talab qilganlar.

Sud ajrimi

26 sentabrda Yakkasaroy tumanlararo sudi Oripovdan qolgan mulkning katta qismi bo‘yicha ajrim chiqardi. Sudga taqdim etilgan mustaqil ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Abdulla Oripovdan meros qolgan mol-mulkning sud ko‘rib chiqqan qismi 1 milliard 54 million so‘mga (taqriban 130 ming AQSh dollari) baholangan.

26 sentabrda chiqqan sud ajrimi asosida mulk qiymatining 7 foizi, ya’ni salkam 83 million so‘m (taqriban 10 ming AQSh dollari) otasidan qolgan merosning o‘ziga tegishi mumkin bo‘lgan ulushidan voz kechishni istamagan 47 yashar qizi Yulduz Oripovaga berildi.

Shoira Oripova o‘ziga tegishi mumkin bo‘lgan ulushdan singlisi Yulduz foydasiga voz kechgani ma’lum bo‘ldi.

Sud Abdulla Oripovning qolgan mulki - Qibray tuman, "Do‘rmon" QFYdagi 33 so‘tixlik yana bir hovlisi yuzasidan ajrim Chirchiq tuman sudida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Ushbu dala hovlisi Abdulla Oripovga qadar shoirlar Hamid Olimjon va Zulfiyaga tegishli bo‘lgan.

Da’vo arizasi

Abdulla Oripov va rafiqasi Qo‘shma Shtatlarda
Abdulla Oripov va rafiqasi Qo‘shma Shtatlarda

Ozodlik qo‘lga kiritgan sud hujjatlariga ko‘ra, sud majlisi Abdulla Oripovning rafiqasi Xanifa Mustafaeva topshirgan da’vo arizasi asosida bo‘lib o‘tgan.

Xanifa Mustafaevaning da’vo arizasidan ma’lum bo‘lishicha, meros talashuv markazida O‘zbekiston Xalq qahramoni Abdulla Oripovdan qolgan uchta ko‘chmas mulk va bir yengil avtomobil turibdi:

1. Toshkent shahri, Yakkasaroy tumanidagi 4-xonali kvartira;

2. Qarshi shahri, “Neftchi” MFYda joylashgan kottej uy;

3. Toshkent viloyati, Qibray tumani, “Do‘rmon” QFYdagi 9 so‘tixlik dala hovlisi;

4. "Kaptiva" rusumli avtomobil.

Xanifa Mustafaeva: "Ushbu mol-mulklarni tasarruf etish va avtomobilni boshqarish uchun bugungi kunda menda ehtiyoj mavjud" deb yozgan da’vo arizasida.

"Farzandlarim Oripov Ilhom Abdullaevich, Oripova Zarifa Abdullaevna, Oripova Mavluda Abdullaevna va Oripova Ruxsora Abdullaevna merosdagi o‘z ulushlaridan mening foydamga voz kechishgan", deya ta’kidlanadi Xanifa Mustafaevaning da’vo arizasida.

Abdulla Oripov va o‘g‘li Ilhom Oripov
Abdulla Oripov va o‘g‘li Ilhom Oripov

Ammo, Xanifa Mustafaevaning da’vo qilishicha, qizlari Shoira va Yulduz o‘z ulushidan voz kechmagan.

"Sharmandalik"

Abdulla Oripov qizi Yulduz bilan
Abdulla Oripov qizi Yulduz bilan

Mahkamadan so‘ng Ozodlik bilan suhbatlashgan Yulduz Oripova meros talashish buyuk shoir oilasi uchun "sharmandali hol" ekanini aytdi.

Yulduz Oripovaning iddao qilishicha, meros talashish onasining otasidan qolgan mol-mulkni 38 yashar ukasi Ilhom Oripov nomiga o‘tkazib berish istagi ortidan paydo bo‘lgan.

"Bo‘layotgan sud - bu sharmandalik. Men bir narsadan xafa bo‘laman. Misol uchun onam otam vafotlaridan keyin hamma farzandlarini hovliga yig‘ib, mana (mol-mulk - tahr.) qanaqa bo‘lsa, shu holatda qoladi, desa bo‘lardiyu, to‘g‘rimi? Mana butun oilani tarqatib yubordilar-ku. Shu ishni sudga bermasdan, ariza bermasdan. Hech kim, hech narsa so‘rayotgan yo‘q edi-ku?!" dedi Yulduz Oripova.

U meros talash boshlangandan buyon o‘z onasini ko‘ra olmaganini bildirdi.

"Onam - sodda ayol. Ukam balki taqiqlab qo‘ygandir. Ukam bilan gaplashmaymiz. Balki xafa bo‘lgandirlar "hamma qo‘l qo‘yib berdi, Yulduz qo‘l qo‘yib bermadi deb," - xulosa qildi Yulduz Oripova.

Yulduz Oripova bilan bo‘lgan suhbatni to‘laligicha mana bu yerda tinglang.

Юлдуз Орипова: Булар ҳали сени қийнайди болам, деганди отам
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:15 0:00
Бевосита линк

Ozodlikning Abdulla Oripovning rafiqasi Xanifa Mustafaevadan meros janjali bo‘yicha munosabat olish urinishlari natija bermadi.

Qahramon shoir

Xanifa Mustafaeva umr yo‘ldoshi Abdulla Oripov haykali yonida
Xanifa Mustafaeva umr yo‘ldoshi Abdulla Oripov haykali yonida

Atoqli o‘zbek shoiri Abdulla Oripov ​2016 yil 5 noyabr kuni ertalab AQShning Xyuston shahrida 75 yoshida vafot etgan edi.

U Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida dehqon oilasida 1941 yili dunyoga keldi.

Abdulla Oripov 1963 yildan buyon turli nashriyotlarda muharrir, Yozuvchilar uyushmasida kotib, Butunittifoq Mualliflik huquqini himoya qilish idorasining O‘zbekistondagi rahbari vazifalarini bajarib kelgan.

Abdulla Oripovning talabalik yillarida yaratilgan she’rlari respublika vaqtli matbuotida chop etildi. 1965-yilda birinchi she’rlar to‘plami — «Mitti yulduz» kitobi chop etildi, shundan buyon shoirning «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1967), «Onajon» (1969), «Ruhim» (1971), «O‘zbekiston», «Qasida» (1972), «Xotirot» (1974), «Yurtim shamoli» (1974), «Hayrat» (1979), «Hakim va ajal» (1980) «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983) she’riy to‘plamlari bosildi.

Abdulla Oripov Dantening «Ilohiy komediya» asarini o‘zbek tiliga o‘girdi, Nekrasov, Ukrainka, Shevchenko asarlarini ham ona tiliga tarjima qildi.

Ijodkorning she’riy majmualari rus va boshqa tillarga tarjima qilingan va alohida kitob holida nashr etilgan.

Ko‘plab munaqqidlarning ishonishicha, Abdulla Oripov zamonaviy o‘zbek adabiyotining eng mashhur vakili hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG