Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:51

Urish, so‘kish, "to‘n yirtish" paxta siyosatini yuritishning asosiy usullari bo‘lib qolmoqda


Prezident Mirziyoev 12 oktabr kuni Bo‘ka tumaniga borib qaytishi ortidan Toshkent viloyatidagi 5 ta tuman hokimining 2 oylik maoshi kesib tashlandi. 14 oktabrda esa, paxta terimi vaqtidagi sustkashliklari uchun 10 dan ortiq tumanda prokurorlar, 10 dan ortiq tumanda IIB boshliqlari ishdan ketdi, soliqchilar orasida esa ishdan olinganlar soni ko‘proq.

Shunday qilib, amaldorlar jazolandi - “to‘ni yirtildi”. O‘zbek amaldorining fantaziyasi boy. Jazoning turfa turini topadi. Qozonchining erki bor, qaydan quloq chiqarsa, deydiku! To‘nning – qadrning ko‘rinishi ham turfadir.

Mana bu yilgi paxta mavsumida kelgan xabarlardan olingan ayrim misollar:

To‘n – amal, ish joyi

Shovot tuman hokimi mahalla raislariga “Fuqarolarni paxtaga chiqarasan! Bo‘lmasa arizangni yoz!” deb zug‘um qildi.

ToshGRES direktori ishchilarni majburan paxta terimiga haydadi. Qarshilik qilganlar ishdan haydaladi.

Jizzax markaziy dehqon bozorida paxtaga majburiy pul yig‘ish boshlandi. Norozi bo‘lganlardan do‘konni bo‘shatib qo‘yish talab etildi.

Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari xodimlarni ishdan bo‘shatish, xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bilan qo‘rqitib, paxtaga 50 ta odam topasan deb talab qildi.

Paxta terimi vaqtidagi sustkashliklari uchun 10 dan ortiq tumanda prokurorlar, 10dan ortiq tumanda IIB boshliqlari ishdan ketdi, soliqchilar orasida esa ishdan olinganlar soni ko‘proq.

To‘n – gaz ballon

Shovot tuman hokimi terimga chiqmagan oilalarni gaz balloni va ko‘mirdan mahrum qildi”.

To‘n – mavhum tahdid

Buxoro shahri soliq idorasi xodimlari do‘kon egalariga “Paxta terimiga chiqmasangiz yoki hasharchi yollab bermasangiz, muammo bo‘ladi” deb tahdid qildi.

Xo‘jayli tumanida paxta munosabati bilan MFY va OFY raislari, posbon, kotib va profilaktika inspektorlariga rahbarlar “qanday chiqarsang chiqar!” deb talab qildi.

O‘zbekiston IIV akademiyasi kursantlari fuqaro kiyimida paxtaga olib ketildi. Kim 100 kilolik normani termasa Ichki ishlar vaziri nomiga tushuntirish xati yozdirish bilan tahdid qilindi.

To‘n - siyosiy tahdid

Jizzax shahri Kimyogar mahallasi raisi tadbirkorlardan paxtaga deb kuniga 30 ming so‘mdan pul talab qildi. E’tiroz bildirganlarga rais “Paxta siyosatiga qarshi chiqayapsan! Soliqqa aytaman, xonavayron qilaman”, deb qo‘rqitdi.

To‘n – mukofot puli

Buxoro viloyat IIB Tibbiyot bo‘limi xodimlariga terimga oddiy fuqaro kiyimida borish, birov so‘rab qolsa “o‘z ixtiyorimiz bilan terimga keldik” deb aytish tayinlandi. Terimga chiqmaganlar mukofot pulidan mahrum etilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

To‘n – maosh

Paxta terimida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Bo‘ka tuman hokimi No‘monali Izbosarov, Pskent tumani hokimi Abdusamat Akbarov, Bekobod tuman hokimi Ne’mat Abdullaev, Yangiyo‘l tuman hokimi Abduqahhor To‘xtaboev va Chinoz tuman hokimini ikki oylik maoshlaridan mahrum qilindi.

“Qishloqqurilishbank”ning Beruniy filiali xodimlari oylik maoshidan paxta terimi uchun 450 ming so‘mdan ushlab qolinmoqda. Qolaversa, har bir xodim kuniga o‘z hisobidan ikkita terimchi yollashga majburlanmoqda.

To‘n – ozodlik

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida fermerlarni “vazir keladi” deb tuman hokimiyati zaliga qamab qo‘yishdi. Eshik oldida IIB xodimlari turib olgan. Soat 12 da zo‘rg‘a qochib chiqishdi.

“To‘n yirtish”dan tashqari urish ham so‘kish ham bor

Angor tumani “Navro‘z” mahallasi uchastka profilaktika inspektori¸ Ilhom Abdullaev Ozodlik bilan suhbatda mahalla raisini aybladi:

- Mahalla raisi meni “Onangni s...ay” deb haqoratladi. Baqirib chaqirdi. Ustimga bostirib kelib menga tashlandi. Men paxta terimini tashkil qilib yurgan davlatning vakili sifatida rasman haqorat nishoni bo‘ldim.

Angor tumani “Navro‘z” mahallasining raisi Abdunazar Zoirov Ozodlik bilan suhbatda militsiya xodimi uni o‘lasi qilib urib¸ tepkilab tashlaganligini aytdi:

- Men paxtaga chiqargan odamlarni o‘zini hisobiga yozyapti men chiqardim deb. Yozma¸ desam ham yozyapti o‘zini hisobiga. Keyin menga qarab¸ “Poshyol na x...y”, dedi. O‘zi kichik o‘g‘lim qatori. Menga qarab¸ "Sen bu yoqqa kel"¸ dedi. Keyin kallamga bir musht tushirdi. Ikki qo‘li bilan meni ushlab turib qornimga tepdi. Keyin ham orqamdan¸ ham oldimdan mushtlab tashladi.

***

O‘zbekning “Kambag‘alni urma, so‘kma, to‘nini yirt” naqlidagi to‘n o‘zining aktualligini yo‘qotganiga ancha bo‘ldi. Shu kunda o‘zbek to‘nining biron joyini mix-pixga ilib olsa, tashlab yuborib, yangisini kiyib olaveradi.

Bir necha asrni qo‘yaturaylik, bir asrgina oldingi ahvolni eslaylik. Abdulla Avloniy o‘zining “Afg‘on sayohati”da 1919 yili Xovosda ko‘rgani manzarani bunday tasvirlagan edi:

“16-iyunda kech soat 8 da kelub Xavos istansasida qolduk. Yo‘llarda bo‘(l)sun, istansalarda bo‘(l)sun, yalang‘och, avrotlari ochuq, kiyimlari pora-pora musulmon xotin-qizlari, yosh-yosh bolalar ko‘rilurdi. Albatta, ilmsiz va tarbiyatsiz, ahvoli olamdan xabarsiz musulmonlarning hol-ahvollari birgina O‘rta Osiyo yo‘linda emas, butun Turkistonning hamma o‘lkasinda sho‘yla fano va ayanch holda ekanlig‘in hech kim inkor qilmaydi… “

Mana shunday vaziyatda, albatta, kambag‘alni urishning ham, so‘kishning ham hojati yo‘q – to‘nini yirtib qo‘ysangiz, bas.

Avloniyning “Afg‘on sayohati” yozilganidan beri 100 yil o‘tdi. Bugun “yalang‘och, avrotlari ochuq, kiyimlari pora-pora” o‘zbek yo‘q. Kiyimni o‘zbekning o‘zi tikyapti, yetmaganini Xitoyu Turkiyadan opkelyapti.

Abdulla Avloniy bundan 100 yil muqaddam o‘zining “Afg‘on sayohati”da Xovosdagi ahvolni tasvirlar ekan, yirtishga to‘ni yo‘q o‘zbekning “yalang‘och, avrotlari ochuq, kiyimlari pora-pora” ekanligida “rus tovarishlarni” ayblagan erdi:

“Bizim Turkistonda har yerda hozirda ish boshin-da o‘lturgan rus tovarishlarimizning o‘zlari ish boshig‘a o‘lturub olub, o‘zlari oshalab, biz musulmonlarga yalatuvlarining natijasidur”.

Bundan 30 yil oldin Avloniyning avlodlari – demokratlar hamda Avloniyni tan olmagan, "demokrat"ga aylanayotgan kommunistlar o‘zbek o‘z to‘niga o‘z paxtasini qalin sololmagani uchun kommunistlarni ayblagan edi.

Bugun o‘zbekning to‘ni bor. Lekin qadri 100 yil oldingi ajdodining yirtiq to‘niday “pora-pora, yalang‘och, avrotlari ochuq”.

Xo‘sh, endi kimni ayblaymiz, Avloniy domla?

XS
SM
MD
LG