Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 15:12

To‘rtko‘lda o‘quvchining peshonasiga yozib izza qilgan o‘qituvchi jazolandi


Illyustratsiya

To‘rtko‘l tumanidagi 5- son sanatoriy maktab-internatining tarix o‘qituvchisi Bekmamat Nurmetov Ma’muriy ishlar bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudi hukmi bilan jarimaga tortildi.

Ayni paytda internat o‘quvchisi va tarbiyachisining Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishlaricha, sil kasalga moyil bo‘lgan bolalarni jismonan baquvvat qilishga ixtisoslashgan internatda “menyuga ikki ovqat yozilib faqat bittasi” berilmoqda.

Maktab direktori esa, Ozodlik muxbiri bilan suhbatda o‘quvchilar to‘yib ovqat yeyayotgani va ularning peshonasiga ruchka bilan yozish izza qilishga barham berilganini aytdi.​

Bir oy oldin kuchga kirgan hukm nusxasi Ozodlikka 19 oktabr kuni yetib keldi. Ozodlik suhbatlashgan ayni maktab-internat tarbiyachisi Zulfiya Mavlonovaga ko‘ra, “arzimas jarima to‘lab qutilgan o‘qituvchi o‘z aybidan hulosa chiqarmay maktabda ishlashda davom etmoqda”.

O‘qituvchi nega jazolandi

Ozodlik tasarrufida mavjud bo‘lgan bo‘lgan 1801- sonli ma’muriy ish hujjatlarida To‘rtko‘ldagi maktab-internatda “intizomsiz o‘quvchilarni jazolashning keng tarqalgan uslubi” o‘z aksini topgan. Hujjatda ëzilishicha, To‘rtko‘l tumanidagi maktab-internat o‘qituvchisi Nurmetov joriy yilning 18 aprelida "o‘quvchining peshonasiga ruchka bilan yozayotib tan jarohati yetkazgan”.

Ozodlik muxbiri bilan 19 oktabr kuni suhbatlashgan maktab-internat o‘quvchisi bunday jazo barcha o‘quvchilarga qo‘llanilganini aytadi:

- Sal gap bo‘lsa, peshonangga yozib qo‘yadi ruchkasi bilan. "Axmoq" deb yozadi, "jinni" deb yozadi. Ismingni yozib qo‘yadi. Tarixchi ustoz Bekmamat aka peshonasiga yozaman deganda yuzi tirnalib ketgan bola (ismi Ozodlikda mavjud) bilan bir partada o‘tiraman. Dars vaqtida ichida zapasi yo‘q ruchkani partaga ishqalab o‘tirganda Bekmamat ustoz kelib nega partaga chizasan deb urdi. Keyin peshonasiga yozaman deganda u yuzini burib yuborganda tirnalib qonab ketdi¸ - dedi To‘rtko‘l tumanidagi 5- son sanatoriy maktab-internatining 9 sinf o‘quvchisi Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni maktab-internat tarbiyachisi Zulfiya Mavlonovaning Ozodlikka aytishicha¸ yuzi tirnalgan o‘quvchining ota-onasi huquq-tartibot organlariga shikoyat qilganidan keyin ishni sud ko‘rib chiqqan:

- Tarix o‘qituvchisi Bekmamat Nurmetov Ma’muriy ishlar bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudi hukmi bilan jarimaga tortildi, ammo maktabda ishlayapti. Bolalarni izza qilish va ularga jismoniy jazo qo‘llash davom etmoqda.

Ozodlikda nusxasi mavjud ma’muriy ishlar bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudi hukmiga ko‘ra “O‘quvchini izza qilib tan jarohati yetkazgan o‘qituvchi” 344¸480 so‘m jarimaga torilgan.

"Sanatoriydagi o‘quvchilar to‘yib ovqat yemayapti"

Maktab-internatning 9 sinf o‘quvchisi Ozodlik bilan suhbatda to‘yib ovqat yemayotganidan shikoyat qildi:

- Ikki oy ichida bugun palov berdi. Til bayrami o‘tkazilib¸ To‘rtko‘l TV videoga olayotgani uchun dasturxon bezaldi. Aslida har kuni suma-sum (yovg‘on sho‘rva) yeymiz. Faqat bir bo‘lak non beradi. O‘quvchilar non talashadi. Menyuga ikkki ovqat deb yozib qo‘yadi ammo faqat bir ovqat yeymiz. Tuxum yemaganimizga ancha bo‘ldi.

Ayni maktab-internat tarbiyachisi Zulfiya Mavlonova Ozodlik bilan suhbatda doktor tavsiyasiga ko‘ra sil kasalga moyil o‘quvchilar iste’mol qilishi kerak bo‘lgan¸ sariyog‘¸ tuxum¸ no‘xat va boshqa o‘nlab nomdagi yegulik qog‘ozga yoziladi, ammo o‘quvchilar dasturxoniga tortilmaydi.

Suhbatdosh maktab-internatda gaz yo‘qligi bois, ovqat ko‘chada o‘choqda pishirilayotgani aks etgan video tasvirlarni Ozodlikka yubordi.

Tasvirda xovlidagi temir qozon o‘choqda sho‘rva pishayotgani aks etgan.

Direktor inkor qildi

To‘rtko‘l tumanidagi 5- son sanatoriy maktab-internati direktori Nurilla Ro‘zimov 19 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda “bolalarning qorni to‘q”, deb aytdi:

- Hozir mana til bayrami o‘tkazib turibmiz. Bolalarning ko‘ngli ham, qorni ham to‘q. Ishonmasangiz, mana men mikrofonni olib o‘quvchilarga sizning savolingizni beraman.

Ana shundan keyin u bolalarga qarata “qorningiz to‘qmi”, deb savol berdi. Bolalar xor bo‘lib “to‘qmiz”, deya javob berishdi.

Ozodlik bilan suhbatda maktab-internat direktori o‘quvchilarga jismoniy jazo berish to‘xtagani va shu kunlarda hech bir o‘qituvchi o‘quvchining peshonasiga yozib sazoyi qilmayotganligini aytdi.

To‘rtko‘l tuman hokimligining Ozodlik bilan suhbatlashgan mulozimi maktab-internat doimo davlatning g‘amxo‘rligi ostida ekani va yaqinda 1 milliard 700 million so‘m sarflanib ta’mirlanganini aytish bilan kifoyalandi.

Mulozimning aytishicha¸ o‘tgan oyda¸ maktab-internatda tegishli organlar keng qamrovli tekshiruv o‘takazgan. Mulozim tekshiruvchilarning aynan qaysi tashkilotdan ekanligiga aniqlama kiritmadi.

XS
SM
MD
LG