Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:06

Oqqo‘rg‘onda ikki fermer paxtaga olgan kreditini qaytarolmagani uchun Toshturmaga tashlandi


Qamoqqa olingan oqqo‘rg‘onlik fermerning xotini Shahnoza Qodirova qarovsiz qolib ketgan paxta dalasida, noyabr, 2018 yil
Qamoqqa olingan oqqo‘rg‘onlik fermerning xotini Shahnoza Qodirova qarovsiz qolib ketgan paxta dalasida, noyabr, 2018 yil

Toshkent viloyat, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida yashovchi ikki paxtakor fermer - 39 yashar Sherali Toshiboev va 54 yashar Erkin Maripovlar hibsga olinib, shu kunda Toshturmada saqlanmoqda.

Yaqinlarining Ozodlikka bildirishicha, fermerlardan biri "Agrobank", yana biri "ABS Oqqo‘rg‘on agro klaster" tashkilotidan qarzini to‘lamagani uchun qamoqqa olingan.

Toshkent viloyat hokimiyati mulozimi ikki fermerning hibsda olinganini tasdiqlar ekan, oktabr oyi oxiridan shu kunga qadar Oqqo‘rg‘on tumanida "yana bir necha fermer" paxta rejasini bajarmagani va katta miqdordagi qarzini yopolmagani uchun hibsga olinganini bildirdi.

Sherali Toshiboev hokimiyat yig‘ilishida hibsga olindi

Onasi 58 yashar Bibihadicha Mantievaning Ozodlikka aytishicha, o‘g‘li tuman "Agrobank"idan 32 million so‘m qarz bo‘lib qolgani uchun "hibsda saqlanmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Mantieva o‘g‘lining hokimiyatdagi yig‘ilishdan qo‘liga kishan solingan holda olib ketilgani va bu haqda o‘sha kezda oilasiga ma’lumot berilmaganini aytdi:

"27 oktabr shanba kuni kechqurun "hokimiyatdagi yig‘ilishga ketdim", deb ketganicha qaytmadi. 28 oktabr kuni kelinim aytdi: "O‘g‘lingiz hokimiyatdagi yig‘ilishga ketganicha qaytmadi", deb. Men yakshanba kuni yomg‘irda o‘g‘limni izlab bordim va bilsam, tuman IIBga qamab qo‘yishgan ekan. Menga ko‘rsatishmadi. Keyin esa Zangiotadagi yangi Toshturmaga qamab qo‘yishdi".

Oilasining aytishicha, 32 gektar maydonning bir qismida bug‘doy, katta qismida paxta ekkan Sherali Toshiboev "Agrobank"dan olgan 32 million so‘mlik qarzini to‘lamagani uchun hibsga olingan.

"Menga viloyat prokuraturasidan kelganlar: "Shu 32 million so‘mni to‘laganingizdan keyin, o‘g‘lingizni chiqaramiz", deb aytishdi. Lekin, menda uncha pul yo‘q. Bor pulimizni shu paxtaga sarflaganmiz o‘zi. Men yolg‘iz onaman. O‘g‘lim uy qurish uchun olgan yer uchastkasi bor edi - faqat shuni sotishga umid qilib turibman", dedi Bibihadicha Mantieva.

Fermer "davlat mulkini talon-taroj" qilishda ayblanmoqda

Ozodlik so‘rovi bilan qamoqqa tashlangan Toshiboevning ahvolini o‘rgangan mobil muxbirning bildirishicha, fermerga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan davlat mulkini "o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish" aybi qo‘yilgan:

"Hozirda fermerga nisbatan jinoyat ishi ochilgan va Toshturma hibsxonasida saqlashyapti. Uni bir necha bor advokati bilan ko‘rishtirishgan, ahvoli yaxshi, qiynoqlar qo‘llanmagan, deyishyapti. Lekin onasiga ko‘rsatishmayapti".​

Erkin Maripov 50 millionlik qarzni to‘lamagan

Oqqo‘rg‘ondagi vaziyatni o‘rgangan mobil muxbirning aniqlashicha, shu kunda Toshturmada saqlanayotgan yana bir fermer - qariyb 54 million so‘m pulni o‘zlashtirishda ayblanayotgan Erkin Maripovdir.

Ozodlik Maripovning oilasi bilan bog‘landi, ammo ular hozircha savollarga javob bermasligini, viloyat sudiga qilgan murojaatiga javob kutayotganini bildirdi.

Ammo, mobil muxbir qo‘lga kiritgan sud ajrimidan nusxada Erkin Maripovning "ABS Oqqo‘rg‘on agro klaster" mas’uliyati cheklangan jamiyatidan paxtani yetishtirishda ketadigan harajatlar uchun olingan 53 million 948 ming so‘mni o‘zlashtirib yuborgani da’vo qilingan.

Oqqo‘rg‘onda yana bir necha fermer hibsga olingan

Toshkent viloyat hokimiyatining ismini oshkor qilmagan mulozimiga ko‘ra, oktabr oyi oxiridan shu kunga qadar Oqqo‘rg‘on tumanida "yana bir necha fermer" paxta rejasini bajarmagani va katta miqdordagi qarzini yopolmagani uchun hibsga olingan.

Muxbir bilan mikrofonsiz suhbatlashgan mulozimga ko‘ra, hozirda hibsga olinganlardan ikki nafari "Toshturma"da saqlanmoqda, qolganlari esa qarzini to‘lagani uchun qo‘yib yuborilgan.

"Ikkalasi qarzini to‘lolmagan. Toshiboevning qarzi 30 milliondan ortiq, yana biri Erkin aka Maripovning qarzi 53 million so‘m. Bu fermerlarga qarzini qoplash uchun vaqt berilgan, lekin to‘lamagan. Hozir 167-moddaning 2-qismi "g" bandi qo‘llangan bularga. Agar, davlatga yetkazgan moddiy zararni qoplasa, qamoq jazosi qo‘llanilmaydi", dedi viloyat hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Hokimiyat vakilining aytishicha, Oqqo‘rg‘on tumani bu yilgi mavsumda tajriba tariqasida shaxsan prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ilgari surilgan agroklaster tizimiga o‘tkazilgan.

"Klaster shunaqa narsaki - fermerlar, agar o‘sha paytda puli bo‘lmasa, paxtasiga ketadigan barcha ishlovlarga shu tashkilotdan qarz oladi, texnika oladi. Keyin paxta hosili daromadidan qarzini uzadi. Lekin, pulni maqsadli sarflamasa, keyin rejani bajarolmasa javob beradi".

Ayni paytda, bu mulozim bu yilgi paxta terimi paytida hibsga olingan boshqa fermerlarning shaxsiga oid ma’lumotlarni taqdim etmadi.

Tovuqxonada yashayotgan fermer

“O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida yashovchi 58 yashar Mantieva Bibihadicha fermer o‘g‘lini Zangiota tumaniga ko‘chirilgan "Toshturma" qamoqxonasidan chiqarish uchun qo‘lidagi yagona mulki - bo‘sh yotgan yer uchastkasini sotishga urinayotganini aytdi:

"O‘g‘limning uyi yo‘q o‘zi - kolxozning ("O‘zbekiston" jamoa xo‘jaligi - tahr) eski tovuqxonasining qorovulxonasida yashayotgan edi. Ikki yil oldin o‘zi yuragidan chiqarib, fermer bo‘laman, dedi. Men qaytardim, ammo qaytmadida. Hali foyda ko‘rmasak ham, lekin qarz bo‘lib qolmadik o‘tgan yili. Lekin, bu yil paxta og‘ir bo‘ldi, ko‘sak qurti edi, mol eb qo‘ydi. Agar prezidentimiz bilsa, tushunib, yordam beradi, deb bilaman men. Iltimos, men yolg‘iz onaman, o‘g‘limni chiqarib beringlar, ishlab qarzimizni uzamiz lekin".

Mirziyoev: bu yil hasharot 1,5 barobar ko‘p bo‘ldi

Bu yil mamlakatda suv tanqisligi kuchli bo‘lgani va hasharotlarning favqulodda ko‘paygani bois, qishloq xo‘jaligi og‘ir ahvolda qolgani kuzatilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev shu yilning 31 iyulida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida: "Hasharotlarning qishdan chiqish darajasi 50 foiz bo‘lganda favqulodda holat, deb baholanadi. Bu yil esa hasharot 1,5 barobar ko‘p. Bundan barcha rahbarlar tegishli xulosa chiqarishi, ayniqsa, fermerlar o‘z hosili uchun mas’uliyatni kuchaytirishi shart”, deb ta’kidlagan edi.

Bundan tashqari, qator viloyatlarda suv tanqisligi ham kuzatildi va oqibatda, paxta yig‘im-terimi kech qolgani va hosilning oz bo‘lgani kuzatildi.

Bu esa, o‘z navbatida, bug‘doy ekilishi va sug‘orilishining ortga surilishiga sabab bo‘ldi va natijada, Ozodlik birinchi bo‘lib yoritgan, "Oqqo‘rg‘on ishi"ga sabab bo‘ldi.

Shu yilning 25 oktabrida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida bug‘doyni vaqtida sug‘ormagani uchun 6 kishi ariqdagi suvga tushirilib, tahqirlandi. O‘sha kuni viloyatning Bekobod tumanida yana 6 kishi dalada kesak ko‘tartirib tahqirlandi.

Bu voqealar ortidan O‘zbekiston Bosh vazirining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zoyir Mirzaev lavozimidan olinib, Jizzaxning Sharof Rashidov tumaniga hokim qilib qo‘yildi.

O‘zbekistondagi g‘allakor fermerlarning aksariyati, ayni paytning o‘zida paxta ham yetishtiradi. Shu bois, qishloq xo‘jaligining asosiy yo‘nalishi bo‘lgan har ikki sohadagi muammolar natijasiga, odatda, faqat fermerlar javobgar qilinishi kuzatilmoqda.

Ozodlikka murojaat qilayotgan fermerlar bundan norozi ekani, ayniqsa, joriy yilda paxtachilik va g‘allachilik bilan shug‘ullanish og‘ir bo‘lganidan shikoyat qilmoqdalar.

XS
SM
MD
LG