«Chodirxayol» dasturining «Bir qo‘shiq tarixi» sahifasida bundan 28 yil oldin ijro qilinib, bugungi yosh avlod tarafidan ham tinglanayotgan «Atirgulim, atring qayga taraladi?» qo‘shig‘i tarixini o‘rgandik.
O‘zbekiston MTRK oltin fondidan o‘rin olgan «Atirgulim, atring qayga taraladi?» qo‘shig‘ining «Bojalar» guruhi tarafidan joriy yil ijro qilingan varianti shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘ldi.
Bundan oldin bu qo‘shiqni Shuhrat Davletov va Sardor Mamadalievlar ham aytgan edi.
Qo‘shiq matni muallifi, 58 yashar shoir Ibod Sa’dullaning Ozodlikkka aytishicha¸ bu qo‘shiqning Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Qodir Mirashurov ijrosidagi varianti Milliy teleradiokompaniya oltin fondiga kiritilgan.
Hirgoyidan paydo bo‘lgan she’r qo‘shiqqa aylandi
Qo‘shiq matnini yozgan shoir Ibod Sa’dulla Ozodlik bilan suhbatda «Atirgulim, atring qayga taraladi?» she’ri ichki hirgoyi natijasida paydo bo‘lganiini aytadi:
- O‘zim san’atkor bo‘lmasam ham ichimda hirgoyi qilib yuraman. Bu she’rni qo‘shiq bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Ammo she’rni oldin ichimda kuylab, keyin yozgandim.
Gazetadagi she’r qo‘shiq bo‘ldi
Uning aytishicha¸ she’r ilk marta Tojikistondagi «Xalq ovozi» gazetasida 1990 yili bosilgan.
Qo‘shiqni ijro qilgan Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Qodir Mirashurov Ozodlik bilan 27 noyabr kungi suhbatda¸ she’rni gazetada o‘qib yoqtirib qolib qo‘shiq qilganini so‘zlab berdi:
- Tojikistonda chiqadigan o‘zbekcha gazetani ochib, ishidagi she’rlarni o‘qirdim. Ibod Sa’dullani u paytda tanimas edim. Ammo she’rini ko‘rib, yoqtirib qolib, qo‘shiq qildim.
Premyera to‘yda bo‘lgan
Qodir Mirashurovning aytishicha, u qo‘shiqni ilk marta 1990 yili Jizzaxdagi to‘yda ijro qilgan:
- Qo‘shiqni yaxshi qabul qilishdi. Bu qo‘shiq meni butun O‘zbekistonga mashhur qilgan qo‘shiqlardan bir bo‘ldi.
Qo‘shiq matnini yozgan shoir Ibod Sa’dullaning aytishicha¸ bu qo‘shiqni bir paytning o‘zida ikki ashulachi ijro qilgan:
- Tojikistonda urush-janjal chiqqanda men O‘zbekistonga ko‘chib kelib, Dehqonobod shahrida yashadim. Yangi kvartiraga ko‘chib kelgan kunim televizorda eshitdim Qodir Mirashurov ijrosidagi variantini. O‘sha vaqtda bu qo‘shiqni Shuhrat Davletov ham ijro qildi. Odamlar bu ikki variantni solishtirib qaysinisi yaxshi deb muhokama ham qilishgandi.
Yangi talqin
O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari tingovchisi eshitgan bu qo‘shiq 2018 yili «Bojalar» guruhi honandasi Jahongir Poziljonov ijrosida yangi avlodga taqdim qilindi.
Qo‘shiqchi Qodir Mirashurov Ozodlik bilan suhbatda «Bojalar» ijrosidagi talqinni olqishladi:
- Jahongir kelib shu qo‘shiqni aytmoqchiman deb mendan izn oldi. O‘ziga hos ijro qildi. Barakalla. Bu qo‘shiqni yosh avlodning yangi auditoriyasi eshitayotganidan mamnunman.
Tojikistonda yashab O‘zbekistonda tanilgan qo‘shiqchi
Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Qodir Mirashurov o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida «Yorug‘ dunyo kerak menga», «Mirzo Boburman», «Nega kelmassan», «Ketma yonimdan», «Sarvinoz», «Atirgulim» kabi o‘nlab qo‘shiqlari bilan o‘zbek tomoshabinlari nazariga tushgan edi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida munosabatlar sovuq bo‘lgan o‘tgan chorak asrda Qodir Mirashurov Tojikistonning Nov (hozirgi Spitamen) shahridagi Shukur Burhonov nomidagi o‘zbek davlat teatrida ishladi.
Qo‘shiqchi 1957 yil 1 martida Tojikistonning Nov (hozirgi Spitamen) tumanidagi Saidqo‘rg‘on qishlog‘ida dunyoga kelgan.
O‘zining aytishicha¸ 16 yoshidan boshlab ashula ayta boshlagan.
O‘zbekistonning Bekobod shahridagi musiqa bilim yurtini tamomlagan hofiz birinchi ustozi sifatida maktabda rubob chalish sirlarini o‘rgatgan Tolibjon To‘raboevni ehtirom bilan eslaydi.
Ozodlik bilan suhbatda Mirashurov O‘zbekiston Xalq hofizi Sherali Jo‘raev olqishini olib san’atga kirganidan faxrlanishini aytdi.