Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 05:39

Tojikistonda qaynona-kelin munosabatlari o‘rganildi


Tojikistonning konservativ jamiyatida qaynona tomonidan kelinga ruhiy bosim o‘tkazish va hattoki uni urish va tahqirlash holatlari uchrab turadi.

Xalqaro «International Alert» va mustaqil tashkilotlar tomonidan Tojikistonda o‘tkazilgan «Qadrli hayot» loyihasi shunday xulosaga keldi.

Loyiha doirasida 80 oilada qaynona va kelin munosabatlari o‘rganib chiqilgan.

52 yashar Qurbongul Bobievaning xonadonida to‘rt kelin bor.Qurbongul kelinlari bilan janjallashmasligi, tinch-totuv yashashini aytadi.

Zero u kelinlik paytida qaynonasi jabrini ko‘rgan: tinimsiz ruhiy va jismoniy tahqirlashlarni boshdan o‘tkazgan.

Qurbongul Bobievaning fikricha, hozirgi kelinlar "ko‘ngli nozik", gap ko‘tarmaydi, tez-tez erlari bilan mojaro qilishadi va arazlab qizlik uylariga ketib qolishadi.

«Hozirgi kelinlar qaynona, qaynotani yoqtirmaydi. Erining aka-uka va opa-singili bilan yashashni xohlamaydi. Ular yetim yigitlarga turmushga chiqishni afzal ko‘rishadi» -deydi Qurbongul Bobieva.

Xatlon viloyatida yashovchi 18 yashar Nozaninning ishonishicha, agar qaynona keliniga yaxshi munosabatda bo‘lsa va o‘z qizidek ko‘rsa, kelin ham, qaynonasiga xizmat qilish, uning hurmatini bajo keltirishga harakat qiladi.

«Men faqat kelinga er xonadonida azob berilgani, uning ruhiy va jismoniy kamsitilgani haqida ko‘p eshitaman. Ayni shu qo‘rquv sababli erga chiqishni istamayman yoki turmushga chiqsam ham, yetim, hech kimi yo‘q yigitga turmushga chiqishni xohlayman» - deydi Nozanin.

Xalqaro «International Alert» va mustaqil tashkilotlar tomonidan Tojikistonda amalga oshirilgan «Qadrli hayot» loyihasida qatnashgan mustaqil «Farodis» tashkilotining rahbari Mehriniso To‘xtaevaning aytishicha, shimoliy Tojikistondagi Panjakent va janubiy mintaqadagi Jomiy tumanlarida 80 mojaroli va notinch oilada qaynona va kelin orasidagi muammolar ildizlari o‘rganilgan va muammo echimi ko‘rsatilgan.

«Odatda qaynona uchun qizi kelinidan yuqori turadi. Hatto kelin eri bilan ota-onasi uyiga borishga haqqi yo‘q. Biz qaynonalarga bunday munosabat noto‘g‘ri ekani va kelin bilan o‘z farzandidek muomala qilish lozimligini tushuntirdik. Oilada «Er bo‘lganidan keyin uradi-da» degan tushunchalarga chek qo‘yishga chaqirdik» - dedi Mehriniso To‘xtaeva.

Rasmiy ma’lumotlarga kӯra, Tojikistonda ayollar mamlakatning aholisining 57 foizini tashkil etadi.

Inson huquqlarini muhofaza qilish tashkilotlariga ko‘ra, ayollarning uchdan bir qismi erlarining yaqinlari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiqlarga duch keladilar.

Natijada, ba’zi yosh ayollar orasida o‘zini osish, daryoga tashlash yoki sirka ichish yo‘llari bilan o‘z jonlariga qasd qilish hollari yuz berib turadi.

Tojikistonda maishiy zo‘ravonliklar joniga tekkan kelinlarning qaynona hayotiga qasd qilgan holatlari ham kuzatiladi.

Ikki yil oldin Tojikistonning Kubodiyon tumanida ikki kelin qaynonasini vahshiylarcha o‘ldirib, keyin jasadini yondirib yuborgandi.

Kubodiyon tumanida sud bu ikki kelinni umumiy hisobda 43 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

XS
SM
MD
LG