Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:39

7 o‘zbek muhojiri o‘limida aybdor deb topilgan direktor 2 yilga qamaldi


7 o‘zbek yigiti yonib ketgan angar.
7 o‘zbek yigiti yonib ketgan angar.

Peterburgda o‘t ketgan angar ichida qolib, halok bo‘lgan 7 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirini ishga yollagan tadbirkor ayolni sud 2 yillik qamoqqa hukm qildi.

Sankt-Peterburgning Kolpino tuman sudi qaroriga ko‘ra, 32 yoshli Yuliya Zabunova ish joyida yong‘in xavfsizligi choralarini ta’minlamasdan o‘zbek migrantlarini nolegal ishlatgan.

Sudda aybini tan olmagan 32 yashar tadbirkorYuliyaZabunova, “muayyan axloqiy mas’uliyatni” his etayotganinigina bildirdi.

Yuliya Zabunova 2 yilga qamalgani to‘g‘risidagi xabarni Ozodlikka Sankt-Peterburg sud tizimi birlashgan matbuot xizmati rahbari Darya Lebedeva tasdiqladi:

- Uning aybi o‘z isbotini topdi. Zabunova 2 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi. Shuningdek, unga yana ikki yilga muayyan boshqaruv lavozimlarini egallash taqig‘i qo‘yildi. Yuliya Zabunova jazoni umumiy rejimli koloniyada o‘taydi.

Sud vakili “Everest” firmasi ta’sischisi va direktori Yuliya Zabunova mahkama jarayoni davomida o‘z aybini tan olmagani, yakuniy so‘z berilganda esa “muayyan axloqiy mas’uliyatni” his etganini aytganini bildirdi.

7 nafar O‘zbekiston vatandoshi o‘limida javobgarlikka tortilgan yana bir shaxs – ishchilarni bevosita boshqarib kelgan Oleg Friginga nisbatan taraflar yarashishi tufayli jinoyat ishi to‘xtatilgan edi.

Brigadir Frigin o‘zbek muhojirlari jasadlarini O‘zbekistonga jo‘natish harajatlarini to‘liq o‘z zimmasiga olgan va o‘lgan yigitlar yaqinlariga 1,4 million rubl miqdorida yordam puli o‘tkazgan.

Youtube kanalida yong‘in paytida olingan video paydo bo‘lgandi.

Sankt-Peterburgning Kolpino tumanidagi sanoat zonasi hududida 2017 yilning 13 iyuliga o‘tar kechasi yonib ketgan angardan 7 kishining murdasi topilgan edi.

Kolpinodagi angar ichida yonib ketganlar surishtiruv davomida O‘zbekistonning bitta qishlog‘idan bo‘lib chiqdi.

Ro‘zmat Xusinov (1967 yilda tug‘ilgan), Siroj Xusinov (1991 yilda tug‘ilgan), Zoir Otaniyozov (1973 yilda tug‘ilgan), Ilyos Boyjanov (1988 yilda tug‘ilgan), Yunus Sultonov (1981 yilda tug‘ilgan), O‘tkirbek Atakov (1989 yilda tug‘ilgan), Shahzod Quramboev (1997 yilda tug‘ilgan) jasadlari keyinroq Xorazm viloyatining Yangiariq tumaniga jo‘natildi.

Xorazmlik migrantlar jasadlari 17 iyulda Urganchga olib kelindi va dafn etildi.

Hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 109- moddasi 3- qismi asosida (Ehtiyotsizlikdan odam o‘ldirish) bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi keyinchalik yengillashtirildi va 129- moddasi 3- qismiga (Yong‘in xavfsizligi talablarini buzish) almashtirildi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik yigitlar bu angarda trotuar plitkasi va beton bordyurlarini mehnat shartnomasini tuzmasdan ishlab chiqargan: ularning yotog‘i ham shu bino ichkarisida bo‘lgan.

O‘t o‘chiruvchilar yong‘in chiqishiga nosoz elektr tarmog‘i sabab bo‘lgani, yong‘in ko‘tarilganda uxlab yotgan ishchilar tutundan zaharlanib o‘lganini aniqlagan edi.

XS
SM
MD
LG