Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:10

Eynshteynning "Xudo haqidagi maktubi" qariyb 3 million dollarga sotildi


Albert Eynshteyn nemis yozuvchisi Tomas Mann bilan. 1938 yil.
Albert Eynshteyn nemis yozuvchisi Tomas Mann bilan. 1938 yil.

Insoniyat tarixida o‘tgan eng buyuk olimlardan biri deb e’tirof qilingan Albert Eynshteynning din haqidagi qarashlari aks etgan maktub Nyu-Yorkda o‘tkazilgan kimoshdi savdosida 2,9 million dollarga sotildi.

1954 yil yozilgan va “Xudo haqidagi maktub” deb tanilgan xatning 1,5 million dollarga sotilishi taxmin qilingan edi.

Maktubni yozgan paytda 75 yoshda bo‘lgan Eynshteyn bir yarim sahifalik xatni nemis faylasufi Erik Gutkindga yozgan.

«Kristis» auksion uyining kitoblar va qo‘lyozmalar bo‘yicha mutaxassisi Piter Klarnet qo‘lda yozilgan ushbu maktub ilm va din o‘rtasidagi tortishuvda o‘ta muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

«Kristis» e’lon qilgan bildiruvda «Ushbu samimiy, shaxsiy maktub Eynshteyn vafotidan bir yil oldin yozilgan hamda olimning diniy va falsafiy qarashlari eng to‘liq izhor qilingan hujjat hisoblanadi», deyiladi.

Nemis tilida yozilgan maktubda Eynshteyn xudoga ishonishni tanqid qiladi.

«Xudo so‘zi men uchun inson ojizligi ifodasi va uning mahsulidan boshqa narsa emas. Bibliya primitiv afsonalarning maqtovga loyiq majmuasidir»¸ deb yozadi nisbiylik nazariyasi asoschisi.

«Qanchalik nozik bo‘lishidan qat’iy nazar¸ biror talqin bu masala bo‘yicha qarashlarimni o‘zgartira olmaydi».

Maktubda, shuningdek, fizik olim o‘z ajdodlari mansub yahudiylikka ham to‘xtalib o‘tadi. Olim yahudiylikni ham «boshqa barcha dinlar kabi primitiv xurofot timsoli» deb ta’riflaydi.

«[Yahudiylar] tanlangan xalq ekanligini tasdiqlovchi hech nimani ko‘rmayapman. Yahudiylar – men ularning biri ekanligidan mamnunman va ularning mentalitetiga tayanib kelayotganimga ishonaman – men uchun boshqa xalqlardan o‘zgacha fazilatlarga ega emas»¸ deb davom etadi Eynshteyn dinlarga oid fundamental qarashlari qisqa ifoda etilgan maktubida.

Eynshteyn qalamiga mansub maktublar ilk marotaba kimoshdi savdosiga qo‘yilayotgani yo‘q.

O‘tgan yilda olim o‘zi bilan uchrashishdan bosh tortgan italyan talabaga yozgan qisqa maktub 6100 dollarga sotilgan edi.

Eynshteyn 1928 yilda nisbiylik nazariyasining uchinchi etapi haqidagi fikrlarini izhor qilgan xat esa 103 ming dollarga sotildi.

2017 yilda olimning baxt nima degan savolga bergan qisqa javobi Quddus shahrida 1,56 million dollarga sotildi. Bir gapdan iborat qog‘oz parchasida shunday deyiladi:

«Sokin va kamtar hayot muvaffaqiyat ortidan quvish hamda u bilan bog‘liq tinimsiz jonsaraklikdan ko‘ra ko‘proq baxt olib keladi».

XS
SM
MD
LG