Линклар

Шошилинч хабар
14 май 2021, Тошкент вақти: 00:46

O‘zbekistonliklarni olib ketayotgan nosoz avtobus Krasnoyarskda to‘xtatib qolindi (VIDEO)


2018 yilning 19 noyabrida Yekaterinburg yaqinidagi avtohalokat.

Rossiya yo‘l politsiyasi tomonidan to‘xtatilgan Krasnoyarskdan O‘zbekistonga mehnat muhojirlarini olib ketayotgan avtobusga nosozligi bois harakatlanish taqiqlandi. Transport vositasi maxsus stoyankaga yuborildi, migratsiya qonunchiligini buzganligi aniqlangan 10 migrant 2 ming rubldan jarimaga tortildi va ularning Rossiyaga kirishi taqiqlandi.

Krasnoyarsk politsiyasining bildirishicha, 11 dekabrga o‘tar kechasi R-255 “Sibir” federal trassasi bo‘ylab Krasnoyarskdan O‘zbekistonga qarab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini olib ketayotgan “Mersedes” avtobusi mahalliy yo‘l harakati xavfsizligi nazorati xodimlari tomonidan to‘xtatildi.

"GIBDD xalqaro va shaharlararo yo‘lovchi tashish xavfsizligi bo‘yicha profilaktika amaliyotlarini o‘tkazayotgan edi", dedi Ozodlik so‘roviga o‘zini tanishtirmagan Krasnoyarsk viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xodimasi.

- “Mersedes” avtobusi Irkutsk – O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha 36 yo‘lovchini olib ketayotgani aniqlandi. Transport vositasining texnik holati o‘rganilganida, unda keyingi harakatlanishni taqiqlovchi nosozliklar borligi ma’lum bo‘ldi. Mashinaning rul boshqaruvi va tormoz tizimi buzuq holatda bo‘lgan, uning keyingi ekspluatatsiyasi jiddiy yo‘l-transport hodisasiga olib kelishi mumkin edi, - dedi Krasnoyarsk viloyat Ichki ishlar boshqarmasining navbatchi ofitseri.

Yo‘l politsiyasi avtobusni maxsus stoyankaga jo‘natgani aytildi.

Politsiya boshqarmasi Sibir sovuqlarida ketayotgan avtobusning ayanchli ahvolini tasvirlovchi videolavhani ham Ozodlikka taqdim etdi.

(Krasnoyarsk viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati taqdim etgan video)

Unda politsiya xodimi o‘zbek yo‘lovchilaridan biriga “Avtobus chiptasini qanchaga sotib oldingiz?” savoliga “6 ming rubl” javobini olganini eshitish mumkin. Haydovchi esa avtobus dvigateli o‘chirilsa, qayta ishlatishda muammo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Migrantlarni O‘zbekistonga olib ketayotgan transport vositasini ko‘zdan kechirgan mutaxassislar ham uni ekspluatatsiya qilish xavfli ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, politsiya avtobusda ketayotgan 36 nafar O‘zbekiston vatandoshlari hujjatlarini tekshiruvdan o‘tkazdi. Xususan, o‘zbek yo‘lovchilaridan 10 nafari Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgani aniqlandi.

Hujjatlari joyida bo‘lmagan o‘zbekistonlik migrantlarning har biriga sud qarori bilan 2 ming rubldan jarima solindi va ular yaqin orada Rossiya tashqarisiga chiqib ketishi kerakligi aytildi.

Politsiya xodimi bu 10 kishiga Rossiyaga kirish taqiqlanganini ham eslatib o‘tdi.

Oxirgi yillarda mehnat muhojirlarini Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida avtobus, mikroavtobus va yengil avtomashinalarda tashish katta daromad keltiruvchi biznesga aylandi.

O‘zbekistonlik ishchilarni Qozog‘iston orqali tashiyotgan minglab avtobuslar yo‘lovchi tashish transportining eng arzon turiga aylangan. Shuning uchun unga bo‘lgan talab-ehtiyoj oshib bormoqda.

Rossiya va Qozog‘iston hududida mehnat muhojirlarini olib borayotgan va olib kelayotgan avtotransport bilan bog‘liq halokatlar, bu ikki davlatda mahalliy yo‘l harakati xavfsizligi idoralarining aynan shu turdagi transport vositasiga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirdi.

Yo‘l politsiyasi ko‘p hollarda bunday reyslar qayta ta’mirlangan eski avtobuslar yordamida amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratib kelmoqda.

Ozodlik 2018 yilning o‘zida Rossiyadan O‘zbekistonga yoki O‘zbekistondan Rossiyaga ketayotgan transport vositalari bilan bog‘liq bir qancha yirik avtohalokatlar sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Jumladan, 2018 yilning yanvar oyida Aqto‘be viloyatining Samara-Shimkent trassasida Rossiyaga yo‘l olgan yo‘lovchilar avtobusi yonib ketgan. Yong‘in oqibatida Qozon shahriga ishlashga ketayotgan 52 nafar O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lishgan.

Shu yilning 1 martida Aqtau-Beynau avtomobil yo‘lida yo‘lovchi tashuvchi mashina bilan yuk mashinasi to‘qnashib ketishi oqibatida 7 kishi o‘lgan edi.

23 yanvarga o‘tar kechasi Chimkent-Petropavlosk- Nijnevartovsk yo‘nalishida yo‘lga chiqqan avtobusning muzlab buzilib qolishi oqibatida sovuqda qolib ketgan 47 o‘zbekistonlik qutqarildi.

26 fevral kuni “Samara-Chimkent” yo‘lining Aqto‘be viloyatidan o‘tuvchi qismida “Krasnodar-Chimkent” yo‘nalishi bo‘yicha 25 nafar o‘zbekistonlikni olib ketayotgan Mercedes avtobusi ag‘darilib ketgan edi. Voqeada 7 o‘zbekistonlik jarohatlangan.

XS
SM
MD
LG