Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:59

2 yilda ishdan chiqarilgan $200 millionlik Dreamliner Amsterdamga olib kelindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

So‘nggi marta 2018 yilning 24 dekabrida Moskva-Toshkent reysi bilan uchgan Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasiga qarashli Boeing 787-8 Dreamliner yo‘lovchi uchqichi 2019 yilning 7 yanvar kuni Amsterdamga uchib keldi.

Jarayon tafsilotlaridan xabardor toshkentlik mutaxassisning shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ Amsterdamda samolyotning motori almashtiriladi.

Mustaqil manbalar ham 2016 yil dekabrida Toshkentga olib kelingan “Orzu layneri”ning ikki haftalik tanaffusdan keyingi ilk parvozi Hollandiya poytaxtiga bo‘lganini ko‘rsatadi.

8 yanvar kuni Ozodlik Uzbekistan Airways (avvalgi rasmiy nomi “O‘zbekiston havo yo‘llari”) shirkati rasmiylaridan Dreamlinerning nima maqsadda Amsterdamga olib kelinganiga oid ma’lumot ola olmadi – aviakompaniya rahbarlari kun davomida majlisda ekani bois¸ matbuot xizmati Ozodlik savollariga javob bera olmasligini bildirdi.

Ozodlikning 26 dekabr kungi "$200 millionlik Dreamliner ikki yilga qolmay ishdan chiqdi" sarlavhali maqolasiga ikki kun o‘tib raddiya bergan Uzbekistan airways rahbariyati uchqichning "rejali modifikatsiya qilish (Upgrade) uchun jo‘natil"ganini iddao qilgan edi.

Reysdan chiqarilgan Dreamliner Amsterdamga qo‘ndi

7 yanvar kuni Ozodlik gaplashgan Uzbekistan airways shirkati uchqichlari ahvolidan bevosita xabardor mutaxassis¸ bir martalik uchishga ruxsat berilgan Dreamlinerning hozirda Hollandiya poytaxtida ekanini bildirdi:

Dvigatelga qirindi tushib¸ turbina kuraklari qayrilganidan keyin¸ Toshkentda rejadan tashqari remont qilishdi. Dvigatelь ishlab chiqaruvchisi “Havo yo‘llari”ga motorni butunlay almashtirish uchun bir marta uchishga ruxsat berdi. Dreamlinerni nega Amsterdamga olib kelishgani sababi¸ bilishimcha¸ ziyon yetgan motorni ko‘rib chiqishguncha arendaga olib turish mumkin motorni shu yerdan topishgan”.

Amsterdamdagi Schiphol aeroporti dunyoning yirik havo hablaridan hisoblanadi va bu aeroportga tutash hududda Boeing shirkatining texnik xizmat ko‘rsatish markazi (Amsterdam Service Center ) joylashgan.

Bu markaz Boeing shirkatining dunyodagi sakkizta tez texnik ko‘rsatish markazlaridan biri va Boeing bayonotiga ko‘ra¸ "6317 kvadrat metrlik maydonda joylashgan bu markazda bir paytning o‘zida Boeing samolyotlarining 50,000 dan oshiq ehtiyot qismi saqlanadi va texnik xizmatga muhtoj uchqichlar "eng qisqa muddatda o‘ziga kerakli qismni topish imkoniga ega".

Hollandiyadagi Boeing vakolatxonasining Ozodlik bog‘langan xodimi Amsterdam aeroportida qolayotgan Uzbekistan Airways shirkatiga qarashli Dreamliner uchqichining texnik holati haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik mutaxassis¸ registratsiya raqami UK-78702 bo‘lgan Dreamlinerning Amsterdamdagi Boeing markaziga bir martalik texnik xizmatga olib kelinganini inkor qilish qiyin ekanini aytadi.

Ozodlikning avvalgi xabariga "Havo yo‘llari" UK-78702ning upgrade uchun reysdan olinganini aytdi. Bu bo‘lmag‘ur bahona chunki Upgrade bir necha soatlik ish va buni Toshkentning o‘zida qilish mumkin. UK-78702 esa¸ 24 dekabrdan beri reysga qo‘yilmadi. Ayni uchqichning nega aynan Amsterdamga kelganini qanday izohlasharkan endi! Milliy aviakompaniyaning Toshkent-Amsterdam reysi yo‘q. Yo‘lovchi reysini amalga oshiradigan samolyotlarning kod raqami uchtalik bo‘ladi. Masalan¸ Nyu-Yorkka 101-¸ Londonga 201-reys uchadi. Amsterdamga uchgan UK-78702 Dreamlinerning kod raqamiga qarang - HY3519. To‘rtta raqamlik kod bu charter reys ëki uchqichning o‘zini bir joydan ikkinchi joyga olib kelish uchun beriladi¸ xolos”.

Qayd raqami UK-78702 bo‘lgan O‘zbekiston milliy aviakompaniyasiga qarashli Dreamliner uchqichining qariyb 7 soatlik uchishdan so‘ng 7 yanvar tonggi soat 7:20 da Toshkentdan Amsterdamga kelib qo‘nganini dunyo bo‘ylab amalga oshiriladigan parvozlarni jonli rejimda kuzatib boruvchi flightradar24.com sayti ham tasdiqlaydi.

UK-78702 Dreamlinerning Amsterdamga uchib kelganini flightradar24.com mustaqil sayti tasdiqlaydi.
UK-78702 Dreamlinerning Amsterdamga uchib kelganini flightradar24.com mustaqil sayti tasdiqlaydi.

Saytdagi ma’lumotlar UK-78702 uchqichining 24 dekabrdan beri biror marta yo‘lovchi reysi bilan uchmaganini¸ ayni paytda¸ shirkat ixtiyoridagi UK-78701 va UK-78703 raqamli qolgan ikki Dreamlinerning bir necha soatlik qisqa tanaffuslardan so‘ng biror kun to‘xtamasdan xalqaro yo‘lovchi reyslarni amalga oshirayotganini ham ko‘rsatadi.

Remont va almashtiriladigan motor pulini kim to‘laydi?

Uzbekistan Airways aktsiyalarining 100 foizi hozircha davlatga qarashli va milliy aviakompaniya sarflaydigan har bir tiyin o‘zbekistonlik soliq to‘lovchining pulidir.

Shu bois¸ Ozodlik gaplashgan mutaxassislar¸ shirkatning bu jarayon soliq to‘lovchiga qanchaga tushishi haqida shaffof ma’lumot bermayotganini tanqid qildi.

Ozodlik suhbatdoshlaridan biri¸ hozirda Uzbekistan Airways remont pulini kim to‘lashi borasida motor ishlab chiqaruvchisi bilan muzokara qilayotgani¸ motorning ishdan chiqishiga muttasil qisqa masofaga uchish barobarida undagi noqislik ham sabab bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli ham soqit qilinmayotganini bildirdi.

"Remontni hatto ishlab chiqaruvchi qilib berganda ham¸ samolyotni Amsterdamga olib kelish¸ ekipajga to‘lanadigan haq¸ samolyotning turib qolishi - bularning hammasini "Havo yo‘llari"¸ demakki¸ o‘zbekistonlik soliq to‘lovchi to‘laydi".

Sug‘urtasi yo‘qmi?

Ikki motoridan biri ishdan chiqqan UK-78702 Dreamliner¸ mustaqil manbalarga ko‘ra¸ 2016 yil noyabr oyida Toshkentga yetkazib berilgan va dekabrdan boshlab yo‘lovchi tashishni boshlagan.

Ikki yillik Dreamliner¸ mutaxassislar ta’kidicha¸ yap-yangi hisoblanadi va uchqich¸ xususan¸ uning motorining ishlab chiqaruvchi tomonidan beriladigan kafolat muddati va sug‘urtasi bir qator shartlarga qarab belgilanadi.

"UK-78702 motorining sug‘urtasi tugagan¸ bilishimcha. Straxovka bo‘lganida edi¸ dvigatelni ishlab chiqargan kompaniyaning o‘zi Toshkentga yangisini olib kelib¸ o‘rnatib berardi. Yo‘qligi uchun¸ ular samolyotni Amsterdamga olib kelishdi. Motorni ochish¸ taqriban¸ 3-4 million dollar turadi. Bu pulni "Havo yo‘llari" to‘laydi. Yangi motor alohida sotib olinsa¸ 22-26 million dollar atrofida turadi. To‘rtta Dreamliner olgan "Havo yo‘llari"da (jami sakkizta GEnx motori) bitta ham zapasdagi motor yo‘q. Qolgan Dreamlinerlarni ham qisqa masofada uchirish davom etayotganidan kelib chiqib¸ yaqin orada yana bir motorning ishdan chiqishini kutish mumkin"¸ deydi Uzbekistan Airways shirkati uchqichlarining texnik holatidan yaxshi xabardor aviatsiya mutaxassisi.

Yonilg‘i bakiga 100 tonna aviakerosin sig‘adigan Boeing 787-8 Dreamliner konfiguratsiyasiga qarab¸ 250 nafargacha yo‘lovchi tashiydi va bir uchganda 13 600 kilometr masofagacha to‘xtovsiz ucha oladi. 2011 yildan boshlab yo‘lovchi tashishiga ruxsat berilgan Boeing 787-8 Dreamlinerning o‘rtacha narxi 224,6 million AQSh dollariga teng¸ ammo “O‘zbekiston havo yo‘llari” lizingga olingan to‘rtta Dreamlinerning O‘zbekiston soliq to‘lovchilariga qanchaga tushgani haqida hozirgacha ma’lumot bergan emas.

Uzbekistan Airways Ozodlik xabarini rad qilishga urindi...

26 dekabr kuni Ozodlik Uzbekistan airways kompaniyasiga aloqador bir necha mutaxassis va mulozimga tayanib turib¸ 24 dekabr kuni Moskvadan uchib kelgan Boeing 787-8 Dreamliner dvigatellaridan birining Toshkentga qo‘nar-qo‘nmas¸ ishdan chiqqani haqida xabar tarqatgan edi.

Ozodlik bu xabarni o‘rganish jarayonida 26 dekabr kuni “Uzbekistan airways” shirkati matbuot xizmati¸ tijorat departamenti¸ aviashirkat uchqichlariga texnik xizmat ko‘rsatuvchi “Uzbekistan Airways Technics” AKdan Dreamlinerning texnik va tijoriy vaziyatiga oid ma’lumot olishga harakat qilgan¸ ammo shirkat mulozimlari o‘zlari qayta bog‘lanishni va’da qilib¸ bu ishni qilmagan edi.

Ozodlik savollarini javobsiz qoldirgan milliy avikompaniya 28 dekabr kuni mahalliy matbuotga raddiya berib¸ bu xabarni «asabi baquvvat tomoshabinlar uchun triller ssenariysi» deb atagan edi.

Parvoz xavfsizligini ta’minlash maqsadida Boeing-787 uchqichlari samolyot va uning dvigatelini ishlab chiqaruvchilar bilan uzviy hamkorlikda tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Ularning tavsiyalariga muvofiq, kelgusida qimmat ta’mirlash ishlarining oldini olish maqsadida samolyot 24 dekabr kuni dvigatellari rejali modifikatsiya qilish (Upgrade) uchun jo‘natildi. Bu aviakompaniyaning ortiqcha xarajatlarining oldini oladi, samolyotning ekspluatatsiya qilinishi muddatini uzaytiradi va yonilg‘i sarfini kamaytiradi», deyilgan edi mazkur raddiyada jumladan.

Ayni paytda milliy aviakompaniya registratsiya raqami UK-78702 bo‘lgan Dreamliner uchqichining aynan avvaldan rejalashtirilgan modifikatsiya - upgrade uchun parvozlardan olinganini tasdiqlovchi fakt va hujjatlarni na Ozodlik va na mahalliy matbuotga taqdim qilgani yo‘q.

Shuningdek shirkat hozircha 24 dekabrdan beri uchmayotgan Dreamliner uchqichining yana qancha "upgrade" jarayonida qolishi haqida ham aniq ma’lumot berganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG