Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 09:08

Namanganda fermerning 23 yashar o‘g‘li osilgan holda topildi


Namangan viloyat, Kosonsoy tumanidagi Qo‘qimboy qishlog‘ida yashagan 23 yashar yigit 9 yanvar kuni o‘z uyining molxonasida osilgan holda topildi.

Hamqishloqlarining aytishicha, yigit osilgan holda topilgan kuni fermer otasining o‘rniga tuman hokimligida o‘tkazilgan majlisda qatnashgan.

Tuman ichki ishlar bo‘limi mulozimi uning o‘limiga majlisning aloqasi yo‘qligini aytar ekan, bu voqea yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib borayotganini aytdi.

Kosonsoy tumanining Qo‘qimboy qishlog‘ida yashagan, 23 yashar Sh.A. 9 yanvar kuni tush payti o‘z uyining molxonasida osilgan holda topilgani haqida kosonsoyliklardan biri Ozodlikka xabar berdi:

“Bu bolaning bobosi militsiya polkovnigi bo‘lgan. Dadasi fermer. O‘zi ham litseyni tugatganidan keyin dadasining yonida ishlab yurardi. Lekin so‘nggi paytda dadasining fermerlik ishlari yurishmay, hokimiyat undan yerini topshirishini talab qilayotgan edi. O‘sha kuni dadasining o‘rniga hokimiyatga majlisga borgan ekan. Majlisda unga va otasiga nisbatan ba’zi achchiq gaplar aytilibdi, u tushga yaqin uyiga qaytib, o‘zini osib qo‘yibdi, deb eshitdik”.

Tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Sh.A.ning majlisda qatnashganini bilvosita tasdiqladi:

"Majlisda unga nisbatan bosim yoki unga taalluqli hech bir gap bo‘lmagan".

Mulozimga ko‘ra, yigitning "o‘z joniga qasd qilish sababi hozircha noma’lum, bu bilan prokuratura shug‘ullanyapti”.

Kosonsoy tuman prokuraturasidan munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Qo‘qimboy Shoshilinch tibbiy yordam markazining ismi sir qolishini so‘ragan shifokoriga ko‘ra, ularga chaqiruv 9 yanvar kuni soat 15.00da tushgan:

“Bizga xabar kelganidan so‘ng shifkorlarimiz 20 minut ichida yetib borgan. Tekshirib ko‘rishib, o‘lim holatini qayd qilishgan”.

Ozodlikning marhumning yaqinlari bilan bog‘lanishga qilgan harakati natija bermadi.

Ozodlik bu voqeani o‘rganishda davom etadi.

O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlari haqida Ozodlik so‘nggi kunlarda bir necha marta xabar qildi.

Masalan, Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘g‘il bola o‘quvchisi 6 yanvar kuni osilgan holda topilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan kollej o‘qituvchisining aytishicha, 28 dekabr kuni 3-bosqichda o‘qiydigan yana bir o‘quvchi - qiz bola osilgan holda topilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

O‘tgan yilning 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG