Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:18

Farg‘onalik ayolga bir oylik tortishuvdan so‘ng markazdan uy berildi (VIDEO)


Farg‘onaliklar "Gidroliz shaharchasi" deb ataydigan hududda bir oy avval buzilishi boshlangan uyda yashayotgan 60 yashar Extibor Abdullaevaga, nihoyat, shahar markazidan uy berildi.

Shaharchadagi 10 dan ortiq ko‘pqavatli uylar "ma’nan eskirgani" sababli shu yilning 2 yanvaridan buzila boshlagan.

Bu uylarda yashayotgan ayrim oilalar ularga ajratilgan uylarni "shahar chekkasida va chala bitgan", deb hanuz ko‘chishga rozi bo‘lmayotir.

Ozodlik shahar markazidagi 3 ta ko‘cha bo‘ylab joylashgan 12 ta ko‘pqavatli uydagi 120 oilani ko‘chirish boshlangach, yuzaga kelgan ziddiyat haqida ilk bor 14 yanvarda xabar qilgan, keyinchalik ayrim uylar oilalar ko‘chib ulgurmasidan, buzilayotgani haqida bir necha bor yozgandi.

Alisher Navoiy ko‘chasidagi 38- uyning 6- kvartirasida yashagan Extibor Abdullaeva, uyi buzilishi ortidan boshlangan qariyb bir oylik tortishuvdan so‘ng, markazdan uy oldi.

Ozodlik bilan suhbatda bu ayol tomining yarmi ko‘chirilgan uyda qariyb bir oy yashaganini aytdi:

- Bizning uy 10 yanvarda buzilishi boshlangan bo‘lsa, 3 fevralgacha yashadim. Uyning biz yashab turgan qismidagi tomni buzishmadi. Mana oxiri shahar markazidan bir uyni almashtirish yo‘li bilan oldim. Bir ayolga hokimiyat menga taklif qilgan uy yoqdi - qarindoshlari o‘sha yerda ekan. Menga esa, uning uyi yoqdi - markazdagi qarindoshlarimga yaqin ekan. Xasta bo‘lganim uchun, shu yerda qoldim - ikki tomon rozi bo‘lib almashtirdik.

Ayolning aytishicha, hozirda yarmi buzilgan 38- uyda yana 3 oila yashamoqda, ularning ikkisida yosh bolalar bor.

- Ularga ham markazdan uy topilar, nasib etsa. Bu xatodan keyin bizning ahvolimiz dars bo‘lar. Chunki, qishning kunida biz ham qiynaldik, ular ham (hokimiyat idoralari - tahr.) qiynalishdi. Mana oxiri shartlarimizga to‘g‘ri keladigan uy topildi. Bundan keyin aholini ko‘chirishsa, avval ularga uy topib, sharoitini qilib berib, keyin ko‘chirishsa, yaxshi bo‘lardi, - dedi Extibor Abdullaeva.

Quyida bu ayol bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Bosh prokuraturaning ikki bayonoti

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Farg‘ona markazida uylarning buzilishi yuzasidan ikki bora bayonot berdi.

Gazeta.uz nashrining yozishicha, 3 fevralku ni prokuratura Farg‘ona hokimiga uyi buzilayotgan aholini Vazirlar Mahkamasi qarori asosida kelishuvga erishib, so‘ngra ko‘chirish majburiyatini yuklagan. Xonadon egalari yangi uy bilan ta’minlangunga qadar buzilish ishlarini to‘xtatishga ko‘rsatma bergan.

Bunga qadar, Bosh prokuratura 23 yanvar kuni buzilayotgan va buzilishi kutilayotgan uylardan chiqishdan bosh tortayotgan oilalar vaziyatini o‘z nazoratiga olganini bildirgan edi.

Ammo, 4 fevral kuni shaharchada turib, Ozodlik bilan suhbatlashgan bir necha oila Bosh prokuraturaning har ikki bayonotidan so‘ng ham ayni vaziyat davom etayotgani, ichida odamlar yashayotgan uylarni buzish davom etayotganini aytdi.

"Bugun ertalab keldi ekskavatorlar, buzdi va mana hozir tushlikka chiqishdi, shekilli, ish to‘xtab turibdi. Bosh prokuratura aytayapti, lekin bu yerda jiddiy o‘zgarish yo‘q. Mana 32-uyda 3 ta oila yashab turibdi, ular buzayapti", - dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tomi ko‘chirilgan uyda yashayotgan va ismini oshkor etishni istamagan oila vakili.

Bu oilalar 4 fevral kuni olingan, deya bir necha suratni tahririyatga yo‘lladi. Quyida ulardan ba’zilari:

Shuningdek, Bosh prokuraturaning 3 fevral kungi bayonotida uylari buzilishga tushgan fuqarolarni ko‘chirish ishlari mutaxassislar ishtirokida o‘rganilib, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmagani aniqlanib, shahar hokimining 8 yanvardagi qaroriga nisbatan protest keltirish uchun asoslar yo‘qligi aytilgan.

Gazeta.uz nashrining yozishicha, bu hududda Farg‘ona viloyat hokimligi va Koreya respublikasining "Chung Construction Design Group" shirkati bilan hamkorlikda besh yulduzli mehmonxona va zamonaviy ko‘pqavatli turar-joy kompleksini qurish bo‘yicha o‘tgan yili yozda memorandum imzolangan edi.

Ammo, shu yilning 25 yanvarida esa, chet el shirkati vakillari Farg‘onaga borgan va "Fergana Kompleks-Siti" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha og‘zaki yakuniy kelishuvga erishgan va bu kelishuvda turar-joy kompleksini qurish rejasi yo‘q.

"Unga ko‘ra, koreys kompaniyasi tomonidan Farg‘ona shahar, A.Navoiy ko‘chasida 20,9 ming kv.m maydonda jami qiymati 98,5 mln. dollarlik 500 o‘rindan iborat 21 va 18 qavatli mehmonxona-rezidensiya, 10 qavatli biznes markazi, savdo majmuasi va to‘yxona qurish bo‘yicha loyiha taqdim etilishi ma’lum qilingan", deb xabar qiladi nashr.

"Bizga tahdid qilishmoqda"

Gidroliz shaharchasida, mana bir oydirki, buzilayotgan bir necha ko‘pqavatli uyda yashovchilar bilan mahalliy hokimiyat idoralari o‘rtasida ziddiyat davom etmoqda.

Bu uylardagi oilalar ularga taklif qilinayotgan yangi uylarni buzilayotgan uylariga nisbatan "sifatsiz, arzon va shahar markazidan chetda" deb, ko‘chishdan bosh tortmoqda.

Ular o‘zlari yashab turgan uy qiymatiga teng yoki undan arzonroq, kichikroq bo‘lsa-da, shahar markazidan uy berilishi, yoxud tovon puli berilishini talab qilmoqda.

Ammo, mahalliy hokimiyat, ular uchun Registon ko‘chasidan ajratilgan uylarni “yangi qurilgan va buzilayotgan uylarga nisbatan keng”, deb tovon puli berishdan bosh tortmoqda.

24 yanvar kuni 38, 36, 32 va 30-uylarda yashovchi oilalar nomidan Ozodlikka kelib tushgan videomurojaatda bir necha oila mahalliy rahbarlardan arz qilib, prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat qilgandi.

4 fevral kungi ma’lumotga ko‘ra, ushbu videomurojaatdan so‘ng bir necha oilaga, hokimiyatning vositachiligi ostidagi almashuv yo‘li bilan, shahar markazidan uy topib berilgan. Ammo, shikoyat qilinishicha, ko‘chishdan bosh tortayotgan aksar oilalar bosim ostida qolmoqda.

"To‘g‘ri, bir necha oilaga markazdan uy qilib berishdi, lekin ko‘pchilikni o‘sha chetdan berilgan chala bitgan uyga ko‘chishga majburlash davom etayapti. Lekin, biz: "Ko‘chishga qarshi emasmiz, faqat bizga qonuniy haqqimizni berishsin - shu uyimizga teng yoki sal pastroq bahoda bo‘lsa ham, shahar markazidan yashashga yaroqli uy berishsin!" deb yashab turibmiz", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tomi ko‘chirilgan uyda yashayotgan va ismini oshkor etishni istamagan oila vakili.​

"Ma’nan eskirgan uylar"

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, shu kunda Farg‘ona shahri markazidagi 10 dan ortiq uy - Navoiy ko‘chasidagi 30-, 32-, 32-a, 34-, 36-, 38-, 38-a, 40- uylar, Forobiy ko‘chasidagi 3- va 5- uylar hamda S. Temur ko‘chasidagi 34- va 36- uylar shahar hokimining shu yil 8 yanvar kungi qarori asosida buziladigan uylar ro‘yxatiga kiritilgan.

Bu uylar, shahar hokimi Hamidjon Habibiddinovning qarori bilan, "ma’nan eskirgan uylar" sifatida buzilmoqda.

​Qarorda ​bu uylardagi oilalar, ular bilan narx va tovon pulini belgilovchi komissiya o‘rtasidagi erishilgan shartnoma asosida, o‘zaro erishilgan kelishuv asosida ko‘chirilishi kerakligi belgilangan.

Bosh prokuraturaning 3 fevral kungi bayonotida qayd etilishicha, 31 yanvar holatiga 57 xonadon egasi yangi uyga ko‘chirilgan. Hozirda buzilishga tushgan uylardagi 8 ta xonadonda oilalar yashamoqda, ularni boshqa joyga ko‘chirish uchun yangi turar-joy binosi ajratish choralari ko‘rilmoqda. Ko‘chirilmagan jami 65 ta xonadon egalarini yangi turar-joy bilan ta’minlanishi kerak.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Farg‘ona shahri markazidagi imkon qadar qisqa muddat ichida buzilishi rejalashtirilgan bu ko‘pqavatli g‘ishtin uylar 1941-1947 yillarda qurilgan va ular "ma’nan eskirgan uylar", deb hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG