Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:03

Freedom House O‘zbekistonni demokratiya achinarli holdagi davlatlar qatorida qoldirdi


Demokratiya xaritasida postsovet hududlari hamon qorong‘u hudud sifatida qolmoqda.
Demokratiya xaritasida postsovet hududlari hamon qorong‘u hudud sifatida qolmoqda.

Qarorgohi Vashingtonda joylashgan Freedom House tashkiloti AQShda demokratiya bilan bog‘liq muammolar jahon bo‘ylab “siyosiy huquqlar hamda fuqaroviy erkinliklarga tahdid solayotgani” haqida ogohlantirdi.

Tashkilotning navbatdagi yillik hisobotida 2018 yil davomida 68 davlatda siyosiy huquqlar hamda fuqaroviy erkinliklar ozaygani aytiladi.

5 fevral kuni e’lon qilingan hisobotda Rossiya, Eron, Ozarbayjon, Chernogoriya, Serbiya, Vengriya hamda Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekistondagi vaziyat tanqid qilingan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, jahon bo‘ylab 13 yildan beri demokratiya yemirilmoqda.

Hisobot muqovasidagi siyosiy karikaturada yonayotgan “erkinlik” so‘zi atrofida mash’al tutgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on tasvirlangan. Shuningdek, suratga Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salon olovga benzin sepayotgani, Eron, Xitoy, Venesuela hamda Vengriya yetakchilari o‘tni puflab yondirayotgani aks etgan. AQSh prezidenti Donald Tramp esa olovda marshmellou pishirayotganini ko‘rish mumkin.

Hisobotda AQShda demokratiya hanuz kuchli ekanligi, ammo keyingi sakkiz yil davomida keskin emirilgani aytiladi. Shuningdek, hisobotda prezident Trampning “qonun ustuvorligi, haqiqatga asoslangan jurnalistika va demokratiyaning boshqa tamoyillari va me’yorlariga davomli hujumlari mamlakatda demokratiya yanada sustlashishiga olib kelishi mumkinligi” e’tirof etilgan. Tashkilot xulosalariga ko‘ra, demokratiya, inson huquqlari va matbuot erkinligi masalasida AQSh Gretsiya, Xorvatiya va Mongoliya bilan bir guruhga kiritilgan.

Freedom House direktori Maykl Abramovich:

- Boshqa davlatlar Qo‘shma Shtatlarda nima bo‘layotganini kuzatib turadi va bu mamlakat yetakchilaridan o‘rnak oladi. Amerikada demokratiya ahvoli yomonlashayotgani jahon bo‘ylab demokratiyani yemiradi, - dedi.

Hisobotda Rossiya, Eron va boshqa bir necha davlat hukumatlari o‘z hududidan tashqarida o‘ziga qarshi shaxslarni nishonga olayotgani aytiladi.

“Freedom House jahon bo‘ylab 24 davlat, jumladan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron va Saudiya Arabistoni kabi yirik davlatlar xorijda siyosiy dissidentlarni nishonga olib, ularga tazyiq o‘tkazgani, ularni ekstraditsiya qilishni so‘ragani, o‘g‘irlab ketgani va hatto o‘ldirganini aniqladi”, deyiladi hisobotda.

Shuningdek, hisobotda Putin va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev 2018 yilda matbuot erkinligi va fuqaroviy jamiyatni siquvga olib, ma’muriy resurslarni suiiste’mol qilib va siyosiy raqiblarni tazyiq ostiga olib qayta saylangani aytiladi.

Hisobotda uch Markaziy Osiyo davlati – Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekistonda erkin bo‘lmagan mamlakatlar orasidan o‘rin oldi. Xususan, hisobotda Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklar eng achinarli ahvolda bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritildi.

Ayni paytda tashkilot O‘zbekistonda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni olqishladi. Xususan, hisobotda 2018 yilda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan “dastlabki ijobiy o‘zgarishlar” tilga olingan va mamlakatda siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarilib, ayrim cheklovlar yumshatilgani aytib o‘tilgan.

Tashkilot Xitoyni milliondan oshiq uyg‘ur, qozoq va xueylarni “qayta tarbiyalash markazlariga” majburlab yuborgani uchun keskin tanqid qildi. Freedom House bunday markazlarda odamlar qiynoqqa tutilayotgani hamda halok bo‘layotgani haqidagi xabarlar yuzasidan xavotir bildirdi.

Freedom House xulosalariga ko‘ra, demokratiya, inson huquqlari va matbuot erkinligi masalasida ushbu uch mamlakat Suriya, Janubiy Suda, Eritreya, Shimoliy Koreya, Sudan, Markaziy Afrika Respublikasi hamda Liviya kabi davlatlar bilan bir guruhga kiritilgan.

XS
SM
MD
LG