Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:06

Tataristonda chiqindi yoqish zavodi qurish rejasidan mahalliy aholi norozilik bildirmoqda (VIDEO)


Moskva oblastidagi "Yadrovo" chiqindixonasi
Moskva oblastidagi "Yadrovo" chiqindixonasi

Regina Kalimullina Tatariston Respublikasining Osinovo shaharchasida qurilishi rejalashtirilayotgan qattiq chiqindilarni yoqish zavodi, rasmiylar iddao qilayotganiga qaramay, havoni ifloslantirmasligiga ishonmaydi.

Poytaxt Qozondan 25 km uzoqlikdagi taxminan 10 ming kishi yashaydigan Osinovo shaharchasidagi boshqalar kabi Kalimullina ham zavod havoni bulg‘ashi, havoga saraton kasali qo‘zg‘atuvchi zarralar chiqarishi va ushbu kasallik bilan og‘rish xavfi ortib ketishidan qo‘rqadi.

‒ Tatariston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni damda respublikasi aholisining har 35 nafaridan biri saratonga chalingan. Bu yerda esa, har uch kishidan biri shu dardga mubtalo bo‘ladi. Bu – dahshat, –dedi Kalimullina “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiostansiyalari hamkorligida tashkil etilgan rus tilidagi “Current Times” telekanaliga.

Osinovodagi loyiha 2016 yili mamlakat bo‘yicha ishga tushirilgan “Toza mamlakat” tashabbusining bir bo‘lagidir. Ushbu rejaga ko‘ra, 2015 yilga qadar Moskva viloyatida 4 ta, Osinovoda esa 1 ta – jami 5 ta qattiq chiqindilarni yoqish zavodi ishga tushiriladi. Osinovo aholisi va boshqalar o‘sha zavod qurilishiga og‘zaki norozilik bildirayotgan bo‘lsa-da, mahalliy kengash o‘tgan yili uni qurishga bel bog‘lagan xususiy kompaniyaga yer ajratish uchun yakdil ovoz bergan edi.

Chiqindi zavodi qurish rejasidan norozi osinovoliklar.
Chiqindi zavodi qurish rejasidan norozi osinovoliklar.

Rossiyada chiqindi tashlash uchun maydonlar qisqarayotgani sababli muammo ortib bormoqda. Yevropa mamlakatlaridan farqli o‘laroq, Rossiyada faqat chiqindilarning bir qismi qayta ishlanadi. Faollar muammoga yechim sifatida chiqindilarni yoqish yoki ko‘mishni emas, qayta ishlashni ko‘rishini ta’kidlamoqda.

Piket va boshqa norozilik namoyishlari davom etayotgan Osinovoda hokimiyat idoralari aholiga qurilishi rejalashtirilayotgan qattiq chiqindilarni yoqish zavodidan cho‘chimaslikni, G‘arbiy Yevropada bunday zavodlar shaharlarning o‘rtasida ham borligini aytmoqda.

Ammo ayrim mutaxassislarga ko‘ra, bunday zavodlarda ishlatilayotgan Rossiya va Yevropa texnologiyasi o‘rtasida katta farq mavjud: Yevropada havoni bulg‘aydigan dioksin va boshqa moddalar havoga chiqishiga yo‘l qo‘ymaydigan gaz tozalash vositalari ishlatiladi. Rossiyadagi zavodlar esa, faqat ko‘mirli filtrlardan foydalanadi.

2018 yil o‘rtalarida qurilishi rejalashtirilayotgan zavod bilan bog‘liq jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tgan edi, ammo o‘sha tadbir chog‘ida mahalliy aholi fikr bildirish imkoniga ega bo‘lmadi.

Mahalliy deputatlar chiqindilarni yoqish zavodi singari sanoat korxonalari uchun joy ajratishga yakdil ovoz berdi. Uni “Rostex” korporatsiyasiga qarashli “RT-Invest” korxonasi quradi. Loyiha qiymati – 28 milliard rubl (428 million dollar).

Osinovodagi chiqindilarni yoqish zavodi 2022 yili ishga tushiriladi va har yili 555 ming tonna qattiq chiqindini yoqadi. Bu Qozon shahrida bir yilda to‘planadigan qattiq chiqindilar miqdorining qariyb yarmidir.

Rossiyadagi ko‘plab shaharlar aholisi chiqindilar to‘planib qolayotganidan, ulardan chiqayotgan zaharli gazlar odamlar, ayniqsa, bolalarni zaharlayotganidan tashvish bildirmoqda.

Joriy yil yanvarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga 2019 yil oxiriga qadar chiqindilarni qayta ishlash milliy tizimini yaratish va milliy miqyosda nazorat bilan shug‘ullanadigan Rossiya ekologiya operatori agentligini tashkil qilish to‘g‘risida topshiriq bergan edi. Faollar hukumatning rejasi shaffof emasligini va mahalliy aholining xavotirlari inobatga olinmasligidan tashvish bildiryapti.

Shuning uchun 3 fevralda mamlakatning 30 dan ortiq shahrida minglab kishilar “Rossiya axlatxona emas!” degan shior bilan norozilik namoyishlariga chiqqan edi.

XS
SM
MD
LG