Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:01

Andijon prokurori fermerlar yeri noqonuniy olib qo‘yilganiga protest keltirdi


Andijon viloyat prokuraturasi Andijon tumanidagi “Abduqahhor vorislari”, “Sherzodbek oltin dalasi”, "Jo‘rabek” fermer xo‘jaliklari yerlari tuman hokimining qarori bilan noqonuniy olib qo‘yilganiga 3 aprel kuni protest keltirdi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan tuman Fermerlar kengashi mutaxassisiga ko‘ra, bu fermer xo‘jaliklari rahbarlari yerlari olib qo‘yilishi haqida ogohlantirilmagan, sudning hal qiluvchi qarori chiqarilmagan.

Andijon viloyat prokuraturasi 3 aprel kuni Andijon tuman hokimining “Abduqahhor vorislari”, “Sherzodbek oltin dalasi”, “Jo‘rabek” fermer xo‘jaliklari yerlari davlat zaxirasiga qaytarilgani to‘g‘risida joriy yilning 23 yanvarida chiqarilgan 43-Q- sonli qaroriga protest keltirdi.

Viloyat prokuraturasi Andijon tumani hokimi qaroriga protesti
Viloyat prokuraturasi Andijon tumani hokimi qaroriga protesti

Viloyat prokuraturasining “Sherzodbek oltin dalasi” fermer xo‘jaligiga jo‘natgan maktubida aytilishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 24-moddasi 10-bandi hamda “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasi 9-bandida “Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi taraflarning kelishuviga binoan, taraflar kelishmagan taqdirda, sud tomonidan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin”ligi belgilangan.

Biroq, Andijon tumani hokimi tomonidan Siz bilan kelishuvga erishilmagan hamda sudning hal qiluvchi qarori mavjud bo‘lmagan holda qonunga zid ravishda “Sherzodbek oltin dalasi” fermer xo‘jaligi yer maydonlarini tuman zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan”.

Viloyat prokurori o‘rinbosari F. Rahmonov imzosi qo‘yilgan maktubda, Andijon tuman hokimining 43-Q-sonli qarorini “Sherzodbek oltin dalasi” fermer xo‘jaligiga oid qismini bekor qilish haqida protest keltirilishi ta’minlanishi yozilgan.

Ayni shunday mazmundagi maktub, “Abduqahhor vorislari” va “Jo‘rabek” fermer xo‘jaligi rahbarlariga ham berilgan.

“Jo‘rabek” fermer xo‘jaligi rahbari Jo‘rabek Ro‘zioxunovning Ozodlikka aytishicha, uning yeri noqonuniy ravishda ko‘rsatkichlari undan past bo‘lgan boshqa fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan:

- Doim shartnomalarni bajarib kelayotgan edim. Yanvar oyida maqbullashtirish boshlandi. O‘zlari bir taraflama qaror chiqarib, shartnomani bekor qildi. Na biz bilan kelishildi, na sud orqali qaror chiqardi. Mening yerim bitta ham texnikasi yo‘q boshqa fermerga berib yuborildi. Hozir yerimning boshida turibman. Yerni olgan fermer ekkan bug‘doyimga umuman qaramagan, biror marta sug‘ormagan. Jinjayib yotibdi. Men 2019 yilgacha paxtani zo‘r sortini ekib, chopiq traktor oldim, organlarini oldim. 1 yanvar holatiga o‘zim bilan ishlagan tashkilotlardan 142 million so‘m haqdorman. Shularga ham qaramasdan, yerimni olib qo‘yishdi. Nihoyat, uzoq chopa-choplardan so‘ng prokuratura hokimning bu qaroriga adolatli protest keltirdi.

Tuman Fermerlar kengashi mutaxassisiga ko‘ra, viloyat prokuraturasining protesti asosida bu ish ma’muriy sudda ko‘rib chiqiladi:

"Tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning xohishiga qarab chiqarilgan mana shu 43-sonli qarori bilan 50dan ortiq fermerning yeri olib qo‘yildi.Bu hammasi bir tomonlama qaror. Agar yaxshilab tekshirib, o‘rganib chiqilsa, 48-49ta qaror bekor bo‘lishi kerak. Chunki tuman hokimining qarori O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining maqbullashtirish to‘g‘risidagi qaroriga tamoman zid. Faqat, ko‘pchilik fermerlar shikoyat qilishdan foydasi yo‘q, deb etagini qoqib qo‘yishgan. Agar astoydil haqqini talab qilsa, prokuratura bu holatlarni o‘rganadi".

Ozodlik Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning mobil telefoniga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildi, lekin hokim qo‘ng‘iroqlarni qabul qilmadi.

So‘kong‘ichligi bilan tanilgan Andijon tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning barcha fermerlardan yerlarini davlat zaxirasiga topshirish haqida majburiy tarzda ariza yozdirib olgani haqida 2018 yilning 2 fevralida xabar bergan edi.

Bundan avval Ulug‘bek Isomiddinov fermerlarni plenkaga pul o‘tkazmagani uchun “hayvon, maraz, tvar, iflos” kabi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.

Joriy yilning 9 yanvarida "Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" hukumat qarori qabul qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami – 100 gektar, g‘allachilik va sabzavotchilik 20 gektar, bog‘dorchilik va uzumchilik 10 gektar qilib belgilangan.

Ammo, fermerlarga ko‘ra, aksariyat hududlarda kimga yer berish yoki bermaslikni ishchi guruhning raisi bo‘lgan tuman hokimi hal qilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini maqbullashtirish haqidagi hukumat qarori ortidan, yerlari qonunlarga zid ravishda olib qo‘yilgan fermerlar shikoyati Ozodlikka kelishda to‘xtamayapti.

Prokuraturaning bu tadbirda hokimlar qaroriga protest keltirishi O‘zbekistonda juda kam uchraydigan holatlardan biri hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG