Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:17

Yangiyo‘llik fermerlar hokimlik majburlab bergan ipak qurtiga barg topolmayapti


Ipak qurti
Ipak qurti

Toshkent viloyat, Yangiyo‘l tumanidagi paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlar ularga majburan berilgan ipak qurtini boqish uchun tut daraxtlari yetishmasligini aytmoqda.

O‘zining asosiy dala ishlari qolib, pilla boqishga majburlanayotgan fermerlarga ko‘ra, bu yil ularga o‘tgan yilga nisbatan 3-4 baravar ko‘p pilla yetishtirish majburiyati yuklatilgan.

Tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Ozodlik savollariga javob berishni istamadi. U ipak qurti boqish uchun "plantatsiyalar yetarli" ekanligini aytish bilan cheklandi.

Ipak qurti
Ipak qurti

​Yangiyo‘l tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan, ismi sir qolishini so‘ragan fermerning yozishicha, hokimlik pilla yetishtirish bo‘yicha shartnoma imzolashga majburlamoqda:

“Menga olti quti urug‘ berib, 360 kilo pilla topshirish majburiyatini yuklashdi. Lekin, ipak qurtini boqishga na ozuqam, na joyim bor. Buncha qurtga ozuqa topib berishim uchun men bir oy paxta va g‘allamni yig‘ishtirib qo‘yib, qishloqma-qishloq barg izlashim kerak. Hokimlik yoki pillani bajar yoki yeringni topshirib ket, deyapti”.

Ozodlik suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, hokimlikning qishloq xo‘jaligi rahbarlari pilla yetishtirishga qancha barg kerakligini hisob-kitob qilmasdan majburan ipak qurti tarqatmoqda:

“Pillachilik uchun tut plantatsiyalari bo‘lishi kerak, lekin bu yaqin-atrofda yo‘q. Yo‘lning ikki tomoniga bir qator qilib ekib qo‘yilgan tutlar bor, xolos. Mahalladagi odamlarning hovlisidagi tutlar bargini ipak qurti boshida uch kungacha yeydi, barg dag‘allashgandan keyin yemay qo‘yadi. Mana kecha, Tinchlik mahallasidan barg o‘rib keldik, yemadi. Hozir yo‘l bo‘yidagi daraxtlarning bargini berib ushlab turibmiz”.

Fermerning aytishicha, qurt katta dahaga kirganidan keyin unga barg yetkazish mushkul bo‘lib qoladi:

“Tasavvur qiling, qurt qirq kunlik bo‘lish arafasida bargni o‘pirib tashlaydi. Masalan, mening besh quti ipak qurtim bo‘lsa, o‘sha paytda bir kunda bir traktor telejkasida barg yeydi. 8 kunda 8 telejka barg topib berish, bizning sharoitda amalga oshirib bo‘lmaydigan ish. Rahbarlarning esa gapi bitta: u yoq-bu yoqdan topib kelasan! Axir ish degan bunday bo‘lmaydi-da, pilla kerakmi, marhamat qilib o‘shanga yetarli plantatsiyalarni ham qilib qo‘y. Biz paxta va bug‘doyimiz bu yoqda qolib, tumanma-tuman barg izlab yuramizmi, endi?!”

Fermerning aytishicha, belgilangan tartib bo‘yicha, ipak qurti kasanachilik tartibida boqilishi, fermerlar bunga majburlanmasligi kerak:

“Masalan, bizga bir gektar yerni ajratib bersinda, bu yerga tut plantatsiyasi qil, pilla qilasan desin, biz yo‘q demaymiz. Shu yil eksak, uch yil ichida barg beradigan darajaga chiqadi. Ikkinchidan, ipak qurti boqish uchun maxsus joylar kerak. Bizniki esa, o‘sha eskicha, kimdir yotadigan uyini bo‘shatgan, kimdir, molxonasini. Bu sohaning aniq bir xo‘jayini yo‘qda, hokimlik ham, pilla bo‘limlari ham bo‘l-bo‘l, deyishadi. Fermerlar, endi odamlarga yalinib, shuni boqib ber, oyligingni ham beraman deyapti. Odamlar ham bargini topib ber, keyin boqaman deyapti. Bunday holatda nima qilish kerak, hech yo‘lini topolmayapmiz”.

Yangiyo‘l tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Zafar Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda, ipak qurti boqish uchun tut plantatsiyalari yetarli ekanligini aytdi:

“Tumanda bizning ozuqa bazamiz yetarli, tut plantatsiyalarimiz bor. Hammasi yetarli”.

Ozodlik fermerlar iddaolarini ayta boshlagandan so‘ng, Zafar Yo‘ldoshev telefonni o‘chirib qo‘ydi va u bilan qayta bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda 2018 yilda 18 ming tonna pilla yetishtirilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev pillachilik sohasini isloh qilish va rivojlantirish maqsadida “O‘zbekipaksanoat” assotsiatsiyasi tashkil etish haqida 2017 yilning 29 martida qaror qabul qilgan edi.

Bu haqda qarorga ilova qilingan sharhda mana bunday deyilgan:

“2023 yil 1 yanvargacha [pillachilik sohasi] korxonalari yagona soliq, yagona ijtimoiy to‘lov va bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari)dan ozod qilinishi, kasanachilarning jismoniy shaxslarga hisoblanadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi, shuningdek, pilla boquvchilar va kasanachilarning pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya ta’minlashda bir yillik ish staji deb hisoblanishi alohida belgilab qo‘yilgan”.

XS
SM
MD
LG