Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:10

IIV xodimlari: Firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilmayapti


2019 yilning 10 yanvar kungi videoselektor oldidan prezident Mirziyoev Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan uchrashdi.

Ozodlikka murojaat qilgan Ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlari¸ ayni paytda¸ oddiy o‘zbekistonliklar¸ ayni kunlarda Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik bo‘yicha tushgan arizalarni rasmiylashtirish to‘xtatilganini bildirdi.

Ular ta’kidicha¸ bu jarayon jinoyatchilik bo‘yicha statistikani kamaytirish maqsadida qilinmoqda.

Ayni paytda¸ profilaktika inspektorlari aholini ma’muriy qonunchilikni buzganlikda ayblab¸ ularni jarimaga tortish bo‘yicha maxsus plan berilgani va ularning oylik olish-olmasligi ana shu planning bajarilishiga qaram bo‘lib qolganini bildirdi.

Bu ma’lumot va shikoyatlar yuzasidan IIV Matbuot xizmatidan munosabat olishning imkoni bo‘lmadi – vazirlik rasmiy saytida mazkur xizmat uchun berilgan telefon raqamlariga 6 may kuni hech kim javob bermadi.

Firibgarlik O‘zbekistonda jinoyat bo‘lmay qoldi...mi?

Ozodlikka murojaat qilgan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlari o‘zlarining Toshkent shahar¸ qolaversa¸ ayrim viloyatlarda profilaktika inspektori bo‘lib ishlashlarini bildirdi.

Ishdan haydalish va rahbariyat qahriga uchrash tahdidi bois¸ ular shaxslari ochiqlanmasligini so‘radi.

Ozodlikka bir-biridan mustaqil ravishda gapirgan bu rasmiylarga ko‘ra¸ prezidentga jinoyatchilikni kamaytirdik¸ deb hisob berishni maqsad qilgan joriy kampaniya bois o‘z hududlarida Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik bo‘yicha tushayotgan arizalarni qabul qilish va ular asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atish deyarli to‘xtatilgan.

Hozirgi kunda qo‘limizda 100 million so‘mlik firibgarlik¸ yoki og‘ir turdagi tan jarohati bilan bog‘liq arizalar bor¸ lekin boshlig‘imiz qabul qildirmayapti. Mabodo tergovga o‘tkazaman¸ desangiz¸ darrov “tizimga dushmanmisan” deb boshlaydi. Tergovga material o‘tkazmasak¸ unda tergov xizmati nima kerak? Tergovchi xodimlar ham qo‘rqib yurishibdi¸ material berishmayapti¸ delo chiqarmayapmiz¸ oxiri nima bo‘larkan¸ deb. Jinoyatchilik falon foizga kamaydi¸ deb katta rahbarlarimiz aldashni bilishadi¸ aslida jinoyat ishi qo‘zg‘atmay¸ kelgan arizaning yechimini yechmay¸ soxtakorlik qilishayapti”¸ deydi Toshkent shahar tumanlaridan birida profilaktika inspektori bo‘lib ishlayotgan huquqshunos.

Amaldagi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasida “Firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish” jinoyat deb belgilangan va bu jinoyatga “eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishdan to 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

“Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi”¸ deyiladi JKning 168-moddasida jumladan.

“Firibgarlikni qaydga olmaslik og‘ir jinoyatlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi”

O‘zbekiston IIV tizimi mulozimlaridan biri - oddiy profilaktika noziridan kelgan bu ma’lumotning haqiqat ekani va bu jaraën ildizi prezidentning “jinoyatchilikni kamaytirasan¸ yoki ishdan ketasan”¸ deb IIV va prokuratura rahbarlariga bergan buyrug‘iga borib taqalishini aytdi:

Firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi ochmaslik faqat Toshkent emas¸ hamma joyda bo‘laëtgan gap. Jinoyatchilik¸ uning qachon va qanday oshib-kamayishi haqida tushunchaga ega bo‘lmagan odamlardan chiqqan bu tashabbus va buyruq¸ nihoyatda xatarli. Uyi¸ mashinasi¸ katta pulini moshenniklar olib¸ jazosiz qolsa¸ odamlar adolat istab qaerga boradi. Samosud boshlanadi – ular firibgarlar bilan o‘z bilganicha razborka qilishga o‘tadi – borib pichoqlashadi¸ uyiga o‘t qo‘yadi¸ mashinasini yondiradi¸ hatto o‘ldirishgacha boradi. Ikkinchi yo‘l¸ ko‘cha – mafiyaga bosh urib boradi – aka falonchidan falon pulimni olib bering¸ falon foizi sizniki deb. Yaqin orada jinoyatchilikni kamaytirishning bunday noprofessional yondashuvining qanchalik xavfli ekanini yashirib bo‘lmay qoladi – og‘ir turdagi jinoyatlar ko‘payib ketadi”¸ deydi jinoyat qidiruv sohasi mutaxassisi.

Ozodlikka Toshkent va Namangan viloyatidan murojaat qilgan oddiy o‘zbekistonliklar¸ o‘zlarini chuv tushirgan firibgarlik ustidan bergan shikoyat arizasi ro‘yxatga olinmaganini bildirdilar.

Profilaktika inspektori mening arizam bo‘yicha jinoyat ishi ochishni so‘rab IIB boshlig‘i nomiga ariza yozdi. Ammo boshliq¸ mening murojaatim bo‘yicha surishtiruv natijasida unda “jinoyat alomatlari yo‘qligi va shu bois¸ jinoyat ishi ochmaslik haqida qaror qabul qilgan”ini bildirdi. IIB boshlig‘i xatining oxirida¸ norozi bo‘lsangiz¸ asoslantiruvchi dalillar bilan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishingiz mumkin¸ deb yozipti. Bu jinoyatchilikni xaspo‘shlash va arizachining ustidan kulishdan boshqa narsa emasku!”¸ deyiladi Namangandan Ozodlikka yuborilgan murojaatda.

(Bu murojaatga ariza¸ profilaktika inspektori bayonnomasi va IIB boshlig‘ining rasmiy javobi ilova qilinga – tahr.)

“Katta jinoyatlarni xaspo‘shlab¸ ma’muriy protokol bo‘yicha plan qo‘yishdi”

Ozodlikka murojaat qilgan profilaktika inspektorlari¸ firibgarlik bo‘yicha murojaatlarni bosti-bosti qilish bilan ayni paytda¸ aholini ma’muriy qonunbuzarlik uchun jarimaga tortish bo‘yicha plan belgilanganini bildirdi.

Prezident 10 yanvar kungi selektorda¸ qaysi mahallada jinoyatchilik kamaysa¸ inspektoriga mukofot ber¸ dedi. Bular teskarisini qilayapti – qaerdan bo‘lsa ham bahona topib¸ ma’muriy protokol tuzasan¸ bo‘lmasa oylik yo‘q¸ deydi. Biz top desa¸ bahona topishimiz mumkin¸ lekin xalkniyam o‘ylash kerakku! Xalqni himoya qilish o‘rniga¸ ko‘chadagi bir bechorani protokol qilib¸ bola-chaqasini rizqini qiyish kerakmasku. Keyin xalq bizni yomon ko‘radida!”¸ deydi Ozodlikka bog‘langan inspektorlardan biri.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida 300 dan oshiq “shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik” ma’muriy qonunbuzarlik deb tasbiflangan. Kodeksda¸ ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimadan boshlab¸ ma’muriy qamoqqa olishgacha bo‘lgan jazo choralari belgilangan.

Ozodlik suhbatdoshlari¸ shu qonunbuzarliklardan 20 ga yaqini bo‘yicha protokol tuzish¸ bevosita profilaktika inspektori vakolatida ekanini bildirdilar.

Bular orasida eng ko‘p tarqalgani¸ 183-modda – mayda bezorilik¸ 187-modda - jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish va 223-modda - pasport tizimi qoidalarini buzish¸ xususan propiskasiz yashash holatlaridir.

Bizga qo‘yilayotgan talab-reja¸ umuman aqlga sig‘maydi - har kuni ma’muriy protokol tuzasan¸ tuzmasang¸ oyliging kesiladi¸ deyapti IIB boshliqlari. Mahalla inspektori o‘sha mahallada yashaydi hisob¸ hammani biladi¸ taniydi. Huquqbuzar bo‘lmasa¸ nimaga va kimga protokol tuzaylik?" deydi bu talab ortidan oyliksiz qolish tahdidi bilan ishlayotgan inspektorlardan yana biri.

Ozodlik bichki ishlar tizimi xodimlari va oddiy aholidan kelgan murojaat va shikoyatlarga munosabat so‘rab IIV rahbariyati va matbuot xizmatiga kun davomida ko‘p marta qo‘ng‘iroq qildi. Ammo rasmiy saytda berilgan o‘nga yaqin raqamga 6 may kuni hech kim javob bermadi.

30 aprel kuni O‘zA muxbiri bilan suhbatda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov " jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilgani va natijada joriy yilning birinchi choragida jinoyatchilik o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,6 foizga kamaygani, mahallalarning 78 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani" haqida bayonot berdi.

Prezident videoselektorda nima topshiriq bergan?

2019 yilning 10 yanvar kuni ichki ishlar tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus videoselektor yig‘inidan so‘ng O‘zbekiston bo‘ylab jinoyatchilikni qaydga olishning keskin kamaytirilayotgani haqida Ozodlikka hozirga qadar ham ko‘plab shikoyat bo‘lgan.

Bu videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoev 2018 yilda 3734 ta jinoyatning ochilmay qolganini qayta-qayta ta’kidlab¸ tizim rahbarlaridan bu ko‘rsatkichni zudlik bilan yaxshilashni talab qilgan edi.

Yig‘inning Ozodlikka yuborilgan qariyb ikki soatlik audioyozuvida Shavkat Mirziyoev IIV rahbarlariga qarata:

- 3000 dan ko‘p jinoyat ochilmaganiga yo olti oyda manga hisobotini berasan¸ yo ikkoving ham ishdan ketasan – jinoyat ochilmadimi – javob berasan¸ - deydi jumladan.

Ayni paytda¸ bu va boshqa yig‘inlarda prezident jinoyatchilikni ochishdan ko‘ra¸ uning oldini olish yaxshiroq ekanini qayta-qayta ta’kidlab¸ jinoyatchilik ko‘rsatkichini kamaytirish maqsadga muvofiqligini ham ta’kidlab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG