Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2019, Тошкент вақти: 17:25

Gulnora Karimovaning birinchi eri Coca-Cola aktsiyalarini sotganni ham¸ olganni ham sudga bermoqchi


ROZ Group va Maqsudiy oilasi nomidan 7 may kuni Ozodlikka yuborilgan bayonotda O‘zbekiston hukumatining The Coca-Cola Bottlers Uzbekistan LTD qo‘shma korxonasi aksiyalarining xorijiy investorlar uchun sotuvga qo‘yilgani “keskin qoralanadi”.

Oilaviy bayonotda aka-uka Farid va Mansur Maqsudiylar bu qo‘shma korxona aksiyalarining 55 foizi hamon o‘ziga tegishli ekanini iddao qilib, O‘zbekiston hukumatining bu aksiyalarni sotish¸ taklif qilish va boshqalarga o‘tkazish urinishiga keskin qarshilik ko‘rsatishini bildirgan.

O‘zbekiston hukumatining bunday mas’uliyatsiz harakatlari har qanday ehtimoliy investorni huquqiy jihatdan tahlikali vaziyatga qo‘yadi¸ zotan bu masalani AQSh va xalqaro sudlarga olib chiqamiz¸ O‘zbekiston hukumati va qo‘shma korxonadagi bizning aksiyalarimizni sotib oladiganlarni Chet el korrupsiya amaliyoti akti ( Foreign Corrupt Practice Act) va Magnitskiy akti kabi AQSh va Yevropa qonunlari asosida javobgarlikka tortamiz”¸ deyiladi Maqsudiylar e’lon qilgan bayonotda.

1991 yilda o‘shandagi prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qiziga uylangan amerikalik o‘zbek tadbirkori Mansur Maqsudiy va uning oilasi 1993 yili O‘zbekistonda The Coca-Cola Bottlers Uzbekistan LTD qo‘shma korxonasiga asos solgan.

Maqsudiylar 7 may kuni e’lon qilgan bayonotda¸ bu korxonaning bevosita 2000¸ bilvosita esa 20 ming odamni ish bilan ta’minlagani¸ 1998 yili Toshkentda qurilgan megazavodga o‘z hisobidan 50 million AQSh dollari sarflangani aytiladi.

Mansur Maqsudiy va Gulnora Karimova 2001 yilda ajrashishi ortidan¸ bayonotda aytilishicha¸ ularning O‘zbekistondagi biznesiga qarshi “o‘ch kampaniyasi” boshlangan va Maqsudiylarga qarashli zavod-fabrikalar “noqonuniy yo‘l bilan” tortib olingan.

O‘zbekiston yangi hukumati rahbarlari¸ o‘zlarining oldingi rejimda ham yuqori lavozimda bo‘lganlarini tan olmasdan¸ butun aybni oldingi ma’muriyatga to‘nkashni istayapti. Avvalgi rejimning tarkibiy qismi bo‘lgan hozirgi rahbarlar O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirib¸ investorlarni mamlakatga qaytaradigan haqiqiy islohotlar qilmoqchi bo‘lsa¸ ular o‘tmish xatolarini tuzatishi kerak. Prezident Shavkat Mirziyoev xorij investorlariga ochiqlik va global bozorga qo‘shilish g‘oyalarini targ‘ib qilayotgan bir paytda¸ uning ma’muriyati bizdan o‘g‘irlanib¸ noqonuniy ravishda o‘zlashtirilgan aksiyalarni sotishga urinmoqda. Bunday qaror prezident Mirziyoev va O‘zbekiston elchilarining xorijda aytayotgan gaplariga tamom teskaridir”¸ deyiladi Maqsudiylar bayonotida.

Farid va Mansur Maqsudiylar¸ The Coca-Cola Bottlers Uzbekistan LTD shirkatidagi o‘z aksiyalari uchun haq to‘lansa¸ ularning hukumat tomonidan yangi investorga sotilishiga e’tirozlari yo‘qligi¸ aks holda¸ bu aksiyalarning qaytarib berilishini so‘ragan.

Joriy yilning yanvar oyida Shveysariyaning Der Bund gazetasiga bergan intervyusida Gulnora Karimovaning sobiq eri Mansur Maqsudiy Karimovaning Shveysariyada muzlatib qo‘yilgan 800 million dollarning 100 millioniga da’vogarlik qilishini bildirgan edi.

Mansur Maqsudiy bu mablag‘ni Gulnora Karimova bilan ajrashganidan keyin tortib olingan O‘zbekistondagi mol-mulki uchun kompensatsiya sifatida taqdim etgan.

Hozircha O‘zbekiston hukumati Maqsudiylarning bu da’vosi¸ qolaversa¸ 2001 yilda o‘zlaridan tortib olingani aytilayotgan Coca-Cola aksiyalarini qaytarib berish talabiga u yoki bu shaklda javob bergan emas.

Maqsudiy bilan ajrashganidan so‘ng The Coca-Cola Bottlers Uzbekistan kompaniyasi uzoq vaqt davomida bir qator shirkatlardan qo‘lma-qo‘l o‘tib¸ Gulnora Karimova nazoratida qolib kelgani iddao qilinadi.

2014 yili Gulnora Karimovaga qarashli biznes tizimlarining O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va MXX tomonidan taftish qilinishi ortidan bu shirkatdagi davlat aktivlari O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga o‘tkazilgan edi.

Shirkat aksiyalarining keyingi taqdiriga oid ochiq rasmiy ma’lumot e’lon qilinmagan.

Dunyoning qator davlatlarida korrupsiya¸ pul yuvish kabi og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan Gulnora Karimova hozirda O‘zbekistonda qamoq jazosini o‘tamoqda; Karimovaning Mansur Maqsudiydan bo‘lgan bolalari - Islom va Imon Londonda yashaydi.

XS
SM
MD
LG