Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:30

Chorsu mojarosi: Tadbirkorlar Ortiqxo‘jaev 8 mlrd so‘m tovon pulini bermayotganini aytdi (VIDEO)


Jahongir Ortiqxo‘jaev Chorsudagi do‘konlar yerini tortib olgunga qadar bu yerdagi yangi qurilishning poydevor qismi qariyb bitirilgan.
Jahongir Ortiqxo‘jaev Chorsudagi do‘konlar yerini tortib olgunga qadar bu yerdagi yangi qurilishning poydevor qismi qariyb bitirilgan.

Toshkentning mashhur Chorsu bozoridagi tilla buyumlari do‘konlari va ularga tutash kafe-restoranlar buzilganiga qariyb uch yil bo‘ladi.

Poytaxtning oldingi hokimi Rahmonberdi Usmonov 2016 yil yozida bozor hududidagi 35 do‘kon va kafe egasiga ko‘chmas mulkini o‘zi buzib¸ o‘rnida yana o‘zi yangi kompleks qurishni buyurgan edi.

Tadbirkorlar buzishni tugatib¸ qurilishning asosiy qismini qilib bo‘lgan mahal shahar hokimi o‘zgarib¸ uning o‘rniga “Akfa-Artel” holdingi egasi Jahongir Ortiqxo‘jaev tayinlandi.

Tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, 2018 yil 21 dekabr - Toshkent shahar hokimi etib tasdiqlangan kuniyoq Ortiqxo‘jaev ilk qaror bilan nafaqat Chorsudagi bu qurilishni to‘xtatgan¸ balki 35 tadbirkorga tegishli yerni ham tortib olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkorlarning Toshkent ramzlaridan biriga aylangan Chorsu bozoridagi ko‘chmas mulkini shahar hokimligi balansiga o‘tkazgan Ortiqxo‘jaev bu yer o‘rniga tadbirkorlarga Olmazor tumanidagi avtostoyanka hududini bergan.

Ammo tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, ularning Chorsudagi qurilishga sarflagan qariyb 8 milliard so‘mlik xarajatini¸ Ortiqxo‘jaev o‘z va’dasiga qaramay¸ qariyb bir yildan beri qaytarmayotir.

Ozodlikka murojaat qilgan “Chorsu”dan haydalgan tadbirkorlar¸ yangi hokim eskisi qarorini hech bir izoh va ogohlantirishsiz bekor qiladigan O‘zbekistonda davlatga nisbatan ishonch qolmaganini bildirdi.

“Bir hokim qarorini ikkinchisi bekor qilishi – dunyoning normal davlatida bo‘lmaydigan ish!”

10 iyun kuni Ozodlik gaplashgan tadbirkorlardan biri turkiyalik investor Yurdakul Qahramon Sezgindir.

Sezgin¸ 90-yillarda Toshkentda “Elita pardalari” tikib¸ sotishni yo‘lga qo‘ygan ilk turk tadbirkorlaridan biri.

U 2002 yili “Chorsu” bozori hududidagi tilla buyumlari rastasidan 1000 kvadrat metrga yaqin joyni sotib olib¸ u yerda parda tikish sexi ochgan.

2016 yili tilla buyumlari sotiladigan do‘konlar qatori uning sexi ham buzilgan.

Ozodlik bilan suhbatda Sezgin¸ uch yildan beri ko‘rgan-kechirganlarini¸ dunyoning boshqa davlatida uchramaydigan hodisa deb ta’rifladi.

Davlat kadastr hujjati bilan “Chorsu”da 950 kvadrat metrlik yerim bor edi. Davlatga ishonib¸ seximni o‘z qo‘lim bilan buzdim – birinchi hokim qurdirgan joyni ikkinchisi kelib yana buzdirayapti. Dunyoning boshqa yerida bunday voqea bo‘lishini tasavvur ham qilolmayman”¸ deydi turkiyalik tadbirkor Yurdakul Qahramon Sezgin.

“Eng og‘ir ishlarni qilib bo‘lishimiz bilan¸ yerimiz tortib olindi”

Rahmonbek Usmonov qarori bilan 2016 yili “Chorsu”dagi o‘z do‘konini o‘zi buzganlardan yana biri toshkentlik 58 yashar Abdurasul Po‘latovdir.

Po‘latov¸ 90-yillarda davlat kadastr hujjatlari bilan olingan 138 kvadrat metrlik do‘kon o‘zi va oilasini boqib kelgan asosiy daromad manbai bo‘lganini aytadi.

O‘z do‘konini o‘zi buzib¸ uning o‘rnida yangisini qurishga bor pulini bergan Po‘latov¸ Jahongir Ortiqxo‘jaev tadbirkorlar qurilishning eng og‘ir va qimmat qismini bajarib bo‘lganidan so‘ng¸ bu yerni tortib olganini aytadi.

35 ta tadbirkor yeridan ajragan bo‘lsa¸ ularning ba’zilari boshqa joydan yer oldi¸ ba’zilari¸ O‘zbekistondan butunlay chiqib ketdi. Qolgan 25 tamiz do‘konimiz kvadraturasiga qarab pul chiqarib¸ 70 sotix joyga fundament qildik. Chorsu - to‘rt tomoni suv¸ degan ma’noni bildiradi. 4 metrlik kotlovan qaziganimizdan keyin¸ balchiq suv chiqib ketdi. Uni quritish uchun¸ proektniy institutlar ruxsati bilan¸ drenaj sistemasi qildik. Bu joydan Toshkentning uchta tumanini suv bilan ta’minlaydigan katta suv quvuri ham o‘tarkan¸ bu trubalar yangilandi. Bu ishda oldingi hokim Usmonov yordam berdi. Proekt¸ kotlovan¸ drenaj qimmat ish¸ shularni qilib¸ balchiqni quritib¸ endi temir stoykalarni qo‘ygan joyimizda¸ bu joy kimgadir kerak bo‘ldi shekilli¸ Ortiqxo‘jaev yerimizni olib qo‘ydi¸ fundamentimizni bir kechada ko‘mdirib tashladi. Hozir shuncha qilingan ish ustiga tuproq tortib¸ atrofini o‘rab qo‘yishgan”¸ deydi Abdurasul Po‘latov.

Chorsudan haydalgan tadbirkorlar Jahongir Ortiqxo‘jaev tortib olgunga qadar¸ o‘z do‘konlari o‘rnida qurish boshlangan majmuaning qaysi ahvolda bo‘lgani aks etgan videotasvirni Ozodlikka taqdim etdi.

Ҳавога совурилган 8 миллиард сўм
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:46 0:00

Sezgin va Po‘latov¸ Jahongir Ortiqxo‘jaev “Chorsu”dagi ko‘chmas mulklarini tortib olar ekan¸ bu yer o‘rniga Olmazor tumanidagi Zarqaynar ko‘chasidan 900 sotix yer ajratganini aytadi.

Bu yer mashina stoyankasi. Hokim bizga borib o‘sha joyda yangi do‘kon quringlar¸ degan. Birinchidan¸ “Chorsu”dagi buzib-qurishga ketgan pulimizni qaytarib berishmasa¸ qaysi pulga yangisini quramiz? Ikkinchidan¸ bir hokim kelib oldingisi qarorini o‘zgartiradigan davlatda bunaqa qarorlarga umuman ishonch qolmadi. Ertaga Ortiqxo‘jaev ketib¸ o‘rniga boshqasi kelsa¸ Zarqaynardan berilgan yerniyam tortib olmaydi¸ deb kim kafolat beradi?” deydi Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar.

Ortiqxo‘jaev va’dasida turmadi

“Chorsu” bozori hududidagi ko‘chmas mulkidan ajragan tadbirkorlar¸ 2018 yil oxiri – yangi yil arafasida o‘zlari bilan bevosita uchrashgan Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev tovon puli berilishi haqidagi katta va’dasini unutgani¸ bugun hokim yaqiniga yo‘lashning imkoni yo‘qligini aytadi.

Jahongir Ortiqxo‘jaevning uyi¸ bilishimcha¸ shu atrofda. Har kun o‘tib qaytadi shu yo‘ldan¸ nima bo‘layotganini bilmaydi¸ deb aytolmaymiz. Lekin qariyb sakkiz oydan beri uning oldiga kirish uchun o‘n martacha urindik¸ yaqiniga yo‘latishmaydi. Shahar prokuraturasi¸ Bosh prokuror¸ Bosh vazir va prezident portaliga yozdik¸ birortasi qaytib¸ izoh bermadi. Uch yildan beri tayinli ishim yo‘q. 30 dan oshiq tadbirkor sindirildi¸ 500 ga yaqin odam ishsiz qoldi¸ ammo bu bilan hech kimning ishi yo‘q”¸ deydi turkiyalik tadbirkor Sezgin.

7.9 milliard so‘mlik kompensatsiya

“Chorsu” bozoridagi ko‘chmas mulki buzilib¸ o‘rnida boshlagan yangi qurilishi ham buzdirilgan tadbirkorlar taqdim etgan hujjatlarda¸ ularning yangi kompleks qurilishiga 7.9 milliard so‘m sarflagani va to‘lanadigan kompensatsiyaning ham shuncha bo‘lishi qayd qilingan.

Abdurasul Po‘latov¸ bu mablag‘ning davlat tizimlari o‘tkazgan hisob-kitobdan kelib chiqqanini aytadi.

Aslida¸ biz ketkizgan pul bundan ko‘proq. Do‘konlarimizni buzish xarajatlari bunga kiritilmagan. Biz o‘zimiz hisoblab berganda¸ aldayapsanlar¸ deyishi mumkin edi. 7.9 milliard bu davlatning idoralari chiqargan narx. Bungayam ishonmasa¸ boshqatdan sanasin xarajatlarimizni”¸ deydi suhbatdosh.

Usmonov “Chorsu”dagi do‘konlarni nega buzdirdiyu¸ Ortiqxo‘jaev yangisini nega ko‘mdirdi?

2016 yil 16 avgust kungi 757-sonli qarori bilan Toshkent shahrining o‘shandagi hokimi Rahmonberdi Usmonov poytaxt markazidagi mashhur Chorsu bozoridagi tilla buyumlar rastasidagi 35 do‘kon¸ kafe va tikuv sexini buzishni buyurdi.

Bu qaror¸ “Yer maydonlarida obodonlashtirish va buzish ishlari olib borish haqida” deb nomlangan.

Ko‘chmas mulki buziladigan tadbirkorlar bilan qariyb bir yilga cho‘zilgan so‘zlashuvlar natijasida hokim Usmonov 2017 yil 7 aprel kuni 366-sonli boshqa qarorga qo‘l qo‘ydi.

Toshkent sobiq hokimi Usmonovning 2017 yil 7 aprel kungi 366-sonli qarorining Ozodlikka yuborilgan nusxasi.
Toshkent sobiq hokimi Usmonovning 2017 yil 7 aprel kungi 366-sonli qarorining Ozodlikka yuborilgan nusxasi.

Bu qarorda Shayxontohur tumani Navoiy va Beruniy ko‘chalari hamda “Chorsu buyum bozori” hududida joylashgan do‘kon¸ ishlab chiqarish sexi va kafeni buzib¸ ular egalarining ayni hududda milliy an’analarga tayangan “zamonaviy savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari” qurishga ruxsat berildi. Tegishli idoralarga bu hududda yangi quriladigan do‘kon va xizmat ob’ektlariga tegishli kadastr hujjatlari rasmiylashtirish buyurildi.

Mazkur qaror asosida bu tadbirkorlar o‘z do‘konlarini o‘z qo‘llari bilan buzib¸ “Chorsu majmuasi” deb nomlangan MChJ tuzib¸ yangi qurilishni boshladi.

“Usmonov bizga¸ kamida 200 yilga yetadigan¸ nevara-chevaralaringizga qoladigan milliy uslubda chiroyli kompleks quringlar¸ dedi. Juda chiroyli proekt qildirdik¸ uni hokimlik boshqarmalari¸ xususan¸ Arxitektura va qurilish boshqarmasi tasdiqladi”¸ deydi Abdurasul Po‘latov.

Davlat tegishli idoralari ruxsati bilan buzilgan rastalar o‘rnida yangi kompleks poydevori qurilib¸ tadbirkorlar o‘z cho‘ntagidan 8 milliard so‘mdan ko‘proq pul sarflab bo‘lgandan keyin Toshkentning yangi hokimi Ortiqxo‘jaev oldingi hokim qarorini bekor qildi – kadastr bo‘yicha tadbirkorlarga qarashli yerni hokimlik balansiga oldi.

Ozodlik ixtiyoridagi qaror nusxasidan¸ Chorsudagi yangi majmua qurilishini to‘xtatish haqidagi qarorning Jahongir Ortiqxo‘jaev tomonidan u shahar hokimi etib rasman tasdiqlangan 21 dekabr kuni imzolangani ko‘riladi.
Ozodlik ixtiyoridagi qaror nusxasidan¸ Chorsudagi yangi majmua qurilishini to‘xtatish haqidagi qarorning Jahongir Ortiqxo‘jaev tomonidan u shahar hokimi etib rasman tasdiqlangan 21 dekabr kuni imzolangani ko‘riladi.

Shaharsozlikka to‘g‘ri kelmaydi¸ degan bir og‘iz gap bilan buzib tashladi. Biz qurayotgan kompleks orqasida Chorsuning gumbazi bor emish¸ shuni to‘sib qo‘yarmish. Yangi kompleks proektga ko‘ra¸ podvaldan tashqari ikki qavatli bo‘lardi¸ gumbazni to‘sib qo‘yadigan emasdi. Proekt juda chiroyli edi¸ GlavAPudan tortib¸ hamma tasdiqlagan. Yonimizdagi Ko‘kaldosh madrasasiga uyg‘un¸ mos keladigan bino bo‘lardi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan yana bir tadbirkor.

Tegishli idoralar izoh bermadi

Turkiyalik tadbirkor Yurdakul Qahramon Sezgin Chorsudagi ko‘chmas mulki kompensatsiyasiz tortib olinib¸ daromad manbaidan ajragan 20 ga yaqin tadbirkor namoyandasi sifatida O‘zbekistondagi turli davlat idoralariga tinimsiz murojaat qilib¸ ulardan biror yordam ololmaganini aytdi.

10 iyun kuni Ozodlik ham shu idoralarga ayni masalada izoh so‘rab murojaat qildi.

Xususan¸ Toshkent shahar hokimligining o‘nga yaqin rasmiysi bilan gaplashdi. “Masalaning chigal ekan”ligini aytgan hokimlik matbuot xizmati uni batafsil o‘rganib¸ izoh berishini bildirdi.

Hozircha bunday izoh berilmadi – Toshkent hokimligining rasmiy javobi kelishi bilan¸ Ozodlik uni jamoatchilikka taqdim etadi.

Tadbirkordan chiqqan hokimning ilk qarori tadbikorga qarshi

Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekistondagi yirik biznes imperiyasi Akfa Group holdinggi egasi Jahongir Ortiqxo‘jaevni mamlakatning eng yirik va boy shahri Toshkentga hokim etib tayinlash qarorini 2018 yilning 1 may kuni – O‘zbekiston-Turkiya biznes forumida e’lon qildi.

«O‘zbekiston tarixida birinchi marta, o‘zim ishongan ishbilarmonni Toshkent shahri hokimi etib tayinladim. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan», -deb gap boshlagan Shavkat Mirziyoev Ortiqxo‘jaevni tadbirkorlar¸ xususan¸ turkiyalik tadbirkorlar himoyachisi bo‘lajagini va’da qildi.

«Bu yigit ham hozirgi islohotlarni tushunadigan, byurokratiyadan yiroq, O‘zbekiston [ishbilarmonlik muhiti]ga toza havo kirishiga, investorlarni qo‘llab-quvvatlashga, Toshkent shahrining ertangi kunini tasavvur qiladigan hozirgi zamonaviy [yoshlardan]. Bu bizning aksariyat rahbarlardan farqli o‘laroq, “raykom”, [kom]partiya kabi hech qaysi byurokratik tizimda ishlab ko‘rmagan. Bu — tadbirkor. Men mana shu tadbirkorni barcha hududlarimiz ichra ulushi eng katta hudud hisoblanuvchi Toshkent shahriga — ertangi kunimizni barpo etishda faqat tadbirkorlarga ishonishim bois, [hokim etib tayinlash to‘g‘risida] qaror qabul qildim. Tadbirkor — Toshkent shahar hokimi. Shu bois endi buning (J.Ortiqxo‘jaevning) ertadan boshlab ikki karra mas’uliyati ko‘payadi. Sizlarga (turkiyalik tadbirkorlarga) Toshkent shahrida biror to‘siq [paydo] bo‘lsa — buning vijdoniga havola bo‘ladi».

2018 yilning 21 dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar sessiyasida Shavkat Mirziyoev Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jaev nomzodini shahar hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

- Toshkent mamlakatimiz uchun qanchalik muhimligini hammangiz yaxshi bilasiz. Bu yerga rahbar qo‘yish ham osonmas. Shuni inobatga olib, Jahongir Ortiqxo‘jaevni hokim vazifasini bajaruvchi sifatida 8 oydan buyon sinadik. To‘g‘risini aytish kerak, u shaharga kelib, muhitni o‘zgartirishga erishdi. Hokimlikning obro‘sini oshirdi, tadbirkorlarni o‘ziga ergashtira oldi. Jahongir Ortiqxo‘jaev Toshkent shahrining sharoitini, uning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini, bu yerdagi odamlarni va faollarni yaqindan biladi. Eng asosiysi, qanday qilib odamlar uchun ish joyi tashkil etishni yaxshi biladi, - dedi o‘z chiqishida Mirziyoev.

Ortiqxo‘jaev 21 dekabr kuni rasman O‘zbekiston poytaxtining 1-raqamli rahbariga aylandi va ayni kuni Chorsudagi 35 tadbirkorga qarashli qariyb bir gektarlik yerni tortib olish haqidagi qarorga imzo chekdi. Bu qaror ortidan bankrot bo‘lganlardan biri aynan turkiyalik investor Yurdakul Qahramon Sezgindir va u hozirgacha Ortqixo‘jaevdan o‘z qonuniy haqqini ololmay kelayotganini aytadi.

Mirziyoev¸ “qanday qilib odamlar uchun ish joyi tashkil etishni yaxshi biladi” deb ta’riflagan hokimning ilk qarori bilan¸ Chorsudagi tadbirkorlar hisobicha¸ kamida 500 odam ishsiz qoldi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG