Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:34

Marhamatdagi tug‘ruqxonada ayollar joy yetishmasligidan polda yotibdi


Marhamat tuman Tug‘ruq kompleksining tug‘ruqdan keyingi ayollar bo‘limi palatalaridan birida ayollar chaqaloqlari bilan polda yotibdi. 2019, 24 iyunga o‘tar tun.
Marhamat tuman Tug‘ruq kompleksining tug‘ruqdan keyingi ayollar bo‘limi palatalaridan birida ayollar chaqaloqlari bilan polda yotibdi. 2019, 24 iyunga o‘tar tun.

Andijon viloyat, Marhamat tuman Tug‘ruq kompleksida ko‘zi yorigan ayollardan Ozodlikka kelgan suratda bir necha ayol chaqalog‘i bilan yangi ta’mirdan chiqqan xonaning poliga to‘shalgan matraslarda yotganini ko‘rish mumkin.

Surat bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish jarayonida tug‘ruqxona hamshiralarining ish vaqti bilan bog‘liq yana bir muammo aniqlandi: har bir hamshira bir oyda faqat bir kun ishga chiqadi.

Tug‘ruqxona bosh vrachi ayollarning polda yotganini inkor etdi, biroq hamshiralar keragidan ko‘pligini, natijada ular munosib maosh ololmayotganini tan oldi.

Марҳаматдаги туғруқхонада аёллар жой етишмаслигидан полда ётибди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:57 0:00
Бевосита линк

"Tug‘ish mavsumi"

Ozodlikka kelgan suratda ko‘rinishidan yangi yoki yaqinda ta’mirdan chiqqan xonaning oq kafel to‘shalgan poliga tashlangan matraslar ustida uch ayol yotgani, to‘rtinchi ayol bola emizayotgani aks etgan.

Suratni Ozodlikka jo‘natgan ayolning yozishicha, bu surat Marhamat tuman Tug‘ruq kompleksida 24 iyunga o‘tar tunda olingan.

Tilga olingan tug‘ruqxonada tug‘ruqdan keyingi ayollarga qarovchi hamshira, suratni Telegram orqali ko‘rgach, unda aynan u ishlaydigan muassasa aks etganini tasdiqladi. Hamshiraning aytishicha, kompleksda ba’zi kunlari joy yetishmay qolmoqda va ana shunday paytda tuqqan ayollarning bir qismi polga yotqizilmoqda.

Marhamat tuman Tug‘ruq kompleksi mudirasi Matluba Temirova 9 iyul kuni Ozodlik savollariga javob berar ekan, tuqqan ayollarning polda yotganini inkor etdi.

“Kompleksimiz yaqindan ta’mirdan chiqdi. Xonalar yorug‘, toza. Issiq, sovuq suv bilan ta’minlangan. 50 ayolga mo‘ljallangan, shu bugun 41 ayol bor. Ayollar polda yotibdi degan gap asossiz”, - dedi Matluba Temirova.

Hamshiraning aytishicha, yoz oylari “tug‘ish mavsumi” hisoblanadi va bu mavsumda ba’zi kunlari tuqqan ayollar soni 70 nafargacha yetadi:

"Mana shunday vaziyatda, tuqqan ayollarning palatalarga sig‘maganlari, agar bo‘sh bo‘lsa, jonlantirish bo‘limiga, intensiv terapiya bo‘limiga yotqiziladi, qolganlar - 7-8 nafargachasi polga yotqiziladi".

1 oyda 1 kun ish, 29 kun ishsizlik

Hamshira fursatdan foydalanib o‘zi va hamkasblarining boshqa bir muammosi haqida gapirdi. Uning aytishicha, kompleksning tug‘ruqdan keyin yotadiganlar bo‘limida 25 hamshira ishlaydi:

“Pensiya yoshi yaqin bir-ikki hamkasbimizdan tashqari hammamiz bir oyda bir martagina ishga chiqamiz. Maoshimiz ham shunga yarasha”.

Tug‘ruq kompleksi mudirasi Matluba Temirova hamshiralar keragidan ortiqcha ekanligini tan olar ekan, “Ularning hammasi ishga kirayotganida bir oyda bir kun, ikki kun ishlashga rozi bo‘lgan”, dedi.

Temirovaning aytishicha, u Marhamat tuman Tibbiyot birlashmasining iqtisodchisiga vaziyatni izga solish – hamshiralar sonini optimallashtirish kerakligini aytgan, iqtisodchi ko‘rib chiqishga va’da bergan.

Birlashmaning ismi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlik savollariga javob bergan rahbarlaridan biri ham tug‘ruqxonada hamshiralar keragidan ortiqcha ekanligini tan olar ekan, bunday dedi:

“O‘rta tibbiyot xodimlari, ish so‘rab keluvchilar juda ko‘p. Navbatda turgan yana 200 atrofida odam bor. Ularni alohida jurnalga yozib, navbatga qo‘yganmiz. Ishlayotganlarning ko‘pchiligi homiladorlik ta’tilidan qaytganlar. Qonun bo‘yicha ularni ishga qaytarishga majburmiz. Shuning hisobigayam ko‘payib ketishgan. Tug‘ruqdan keyingilar bo‘limida 25 hamshira ishlayotgani rost. Bunday ko‘rinishni boshqa muassasalardayam kuzatish mumkin. To‘g‘risi, o‘zimiz ham hayron bo‘lgan edik bunday ko‘payib ketganidan. Vaziyatni o‘nglash choralarini ko‘rayapmiz, masalan, homiladorlik ta’tilidan qaytganlarni boshqa ishga joylash choralarini izlayapmiz”.

“Rasman ishli, aslida ishsizligidan” zorlangan hamshiraning aytishicha, u bir oyda ishga 1 kun boradi va 16 soat ishlaydi, qolgan 29 kunda u ishsiz. Oladigan maoshi 100 000 so‘m - taqriban $11.

Qonun nima deydi - mutaxassis izohi

Tug‘ruqxona hamshirasi va uning hamkasblarining bir oyda bir kungina ish bilan ta’minlanishi mamlakat qonunlariga zid emasmi?

Ozodlikning bu savoliga O‘zbekiston Respublikasi Aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi mutaxassisi bunday javob berdi:

“Mehnat kodeksida 35 soatlik, 40 soatlik ish haftasi belgilangan. Bu 5 kunlik, 6 kunlik ish haftasi deganidir. Bundan kam bo‘lish holatlari ham bor. Kamroq ish vaqti imtiyoli mehnat qilish huquqiga ega bo‘lganlarga beriladi. Masalan, 3 yoshgacha bolasi bor ayollarga beriladigan imtiyozni nazarda tutayapman. Ular 8 soat emas, 7 soat ishlaydi. Yana yarim stavkali ishlar bo‘ladi. Bunday ish rejimi shartnoma asosida bo‘ladi”.

Marhamat tuman Tug‘ruqxonasi hamshirasi shikoyati mazmunini eshitgach, mutaxassis bunday dedi:

“Siz aytayotgan tug‘ruqxonadagi vaziyat haqida gapirish uchun joyida o‘rganish kerak. Lekin umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida mehnat shartnomasi tuzilishi kerak. O‘sha hujjatda hamma narsa, shu jumladan xodimning necha soat ishlashi belgilab qo‘yilishi lozim. Shartnomani tuzayotganda u Mehnat kodeksining qaysi moddalariga asosan tuzilayotgani ko‘rsatib o‘tilishi lozim”.

Mutaxassisning bu gapidan so‘ng marhamatlik hamshira bilan yana bog‘landik. Uning aytishicha, rahbari bundan 3 yil muqaddam hamma hamshiralarga bir oyda bir marta ishga chiqishga rozilikka qo‘l qo‘ydirib olgan.

"Informatsion xuruj"

Mavzuni o‘rganish jarayonida paydo bo‘lgan savollarimizni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmatiga ham bermoqchi bo‘ldik. Xizmatning o‘zini tanishtirmagan xodimasi, dastlabki savolimizni eshitgach, bunday dedi:

“Informatsion xuruj bo‘layotgan hozirgi vaqtda savollaringizga telefon orqali javob berolmayman. Lekin biz Ozodlikda chiqayotgan har bitta yangilikni o‘rganib, ommaviy axborot vositalari hamda o‘zimizning saytda e’lon qilib borayapmiz”.

XS
SM
MD
LG