Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:02

Navoiydagi Zarmiton oltin konida 38 yashar ishchi tosh ostida qolib, halok bo‘ldi


25 iyul kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli​ Zarmiton konining GDU-3 uchastkasi shaxtasida 38 yashar ishchi Shuhrat Tilavovtosh bosib qolishi oqibatida nobud bo‘ldi.

Kon ishchilaridan biridan olingan bu xabarni Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Janubiy kon boshqarmasi mulozimi hamda shu boshqarmaning Xavfsizlik texnikasi bo‘limi xodimi tasdiqladi.

Tosh bosib qolgan Shuhrat Tilavovning hamkasbi voqea to‘g‘risida aytarkan, bunday dedi:

- Kecha ertalab soat 7 larda tosh bosib qoldi. O‘likni kun tushgan paytda olib chiqishdi, 1-2 soat ketdi bungayam. Tilavov Shuhrat, 81 yilgi bola, Nuroboddan.

Janubiy kon boshqarmasi rahbariyati telefonini ko‘targan mulozim Zarmitonda 25 iyul kuni sodir bo‘lgan baxtsiz hodisadan xabardor ekanligini, hodisa tafsilotlari o‘rganilayotganini bildirdi.

Janubiy kon boshqarmasi Xavfsizlik texnikasi bo‘limining o‘zini Komiljon, deb tanishtirgan xodimi ham 25 iyul kuni baxtsiz hodisa bo‘lganini tasdiqladi.

Komiljon bunday dedi:

- Hozir nima bo‘lganini aniq ayta olmaymiz. Maxsus komissiya tuziladi, tekshiriladi, ular xulosa berganidan keyin nimadir aytishimiz mumkin. Qonun bo‘yicha xavfsizlik texnikasi uchun “ish beruvchi javobgar” deyilgan. Ish beruvchining har bir konda o‘zining vakillari bor – shular javobgar.

Zarmiton koni ishchisiga ko‘ra, baxtsiz hodisalar oxirgi paytlarda xavfsizlik texnikasiga rioya qilmaslikdan kelib chiqmoqda:

- Yaqinda ham bitta avariya bo‘luvdi. Asosiy muammolar 540- gorizontda bo‘layapti. Shu bir yil ichida 7 tacha bo‘lib ketdi bunaqa o‘limlar – yil davomida undan ham ko‘pdir. Qancha-qancha odam jarohat oldi.

Ishchi aytayotgan holatni Janubiy kon boshqarmasi Xavfsizlik texnikasi bo‘limi xodimi Komiljon ham tan oldi:

- Oxirgi paytlarda ko‘payyapti, ba’zi joylardagi hodisalarga qaralsa, haqiqatan, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagan joylari ham bor. Boshqa hodisalarga “gorniy davlenie” – bosim sabab bo‘layapti. Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun o‘sha maxsus komissiya tadbirlarni ishlab chiqadi – shunga rioya qilish zarur. Aktda kim javobgar ekani ham ko‘rsatiladi va ularga intizomiy jazo qo‘llaniladi.

Kon ishchisining so‘zlariga qaraganda, xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligiga Janubiy kon boshqarmasi rahbariyatining mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish talabi ham sabab bo‘lmoqda.

- Hammasi faqat davay, davay qilib bosayapti! Direktorning buyrug‘i deyishayapti. “Kuniga shuncha chiqarmasang bo‘lmaydi!”, deb virabotkani oshirib yuborishmoqda. Chiqib borsang ob’yom, virabotkani so‘rayveradi. Ilgari “pustoy” smenalar bo‘lardi: ular ham yo‘q bo‘lib ketgan. Haftasiga bir marta import mashinalar texnik ko‘rikdan o‘tkazilardi. Hozir bu yo‘q! Keyin bular burenie qiladigan jarayonni pastdan boshlab kelib, pasti bo‘shab qolgan joylarni suvlab, tog‘ jinslari bilan tiqib kelaverishi kerak. Bular esa tepadan pastga qarab olib borayapti!

Zarmiton konida bo‘lgan hodisadan xabardor yana bir kon ishchisi G‘ujumsoy shaxtalarida ham “davay, davay” bilan ish bitayotganini gapirdi. U konlarda oxirgi yillarda ishlab chiqarish texnikasi qoidalariga rioya qilish nazoratsiz qolmoqda, deydi:

- “Davay!” bilan boshlanadi – oxirigacha “Davay!” Bu topshiriq yuqoridan keladi. Ta’minot yoki xavfsizlik texnikasiga mutlaqo sharoitlar yaratilmayapti – faqat “bos-bos!”. Ishchilar shosha-pisha ishlaydi-da. Oqibatda tosh bosib qolish, gazda qolish juda ko‘p uchrayapti! Men bilganim – 2-3 oy ichida G‘ujumsoydan 2 kishi ketdi, Zarmiton rudnikidan yana 2 kishi ketdi. Qanchalari jarohatlanadi -ularni noqonuniy tarzda shifoxonaga olib boradi va statistikani buzmaslik uchun registratsiya ham qilmaydi.

Janubiy kon boshqarmasi Xavfsizlik texnikasi bo‘limi xodimi Komiljonning aytishicha, 26 iyul kuni Qo‘shrabot tuman sudida shu yilning may oyida ikki kon ishchisining gazdan zaharlanib o‘lgani yuzasidan sud mahkamasi boshlandi.

Fojia shu yilning 9 may kuni Samarqand viloyat, Qo'shrabot tumani hududida joylashgan “G‘ujumsoy” oltin konida ro‘y bergani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

Bundan oldin ham Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli konlarda bir necha fojia ro'y bergan.

O‘tgan yilning avgustida "G‘ujumsoy" oltin konida ustiga tog‘ jismi qulab tushishi oqibatida bir konchi halok bo‘lgandi.

2018 yilning yanvarida Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli boshqa bir konda 30 dan ortiq oltin qazuvchi qolib ketgan va bir kishining jasadi qazib olingan edi.

Nurota tog‘larining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Zarmiton oltin konlarida qazib olish ishlari 1978 yildan buyon olib boriladi.

Bu konlardan asosan oltin, kumush, volfram, qo‘rg‘oshin, ruh va boshqa metallar rudasi qazib olinadi. Zarmiton va 2010 yilda ochilgan yangi G‘ujumsoy konlari Navoiy kon- metallurgiya kombinatining Janubiy kon boshqarmasiga qarashlidir.

Quvvati 150 ming tonna bo‘lgan “G‘ujumsoy” konida oltin rudasi ochiq va yopiq shaklda qazib olinadi hamda qazib olinayotgan rudaning 75 foizi yer osti hissasiga to‘g‘ri keladi.

XS
SM
MD
LG