Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2021, Тошкент вақти: 10:53

Berdimuhamedovning o‘limi haqida mish-mish tarqatganlarni qo‘lga olish boshlandi (VIDEO)


Turkmanistonda prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘limi haqida mish-mish tarqatganlarni qo‘lga olish boshlandi, deb xabar qildi "Xroniki Turkmenistana".

Nashr ma’lumotiga ko‘ra,"Turkmentelekom"ning Lebap bo‘limi xodimi , qishloq xo‘jaligi ishchisi hamda mahalliy uy-joy-kommunal xo‘jaligi xodimasi qo‘lga olingan.

Inson huquqlari himoyachilari Turkmanistonni dunyodagi eng yopiq va hukumati eng mustabid jamiyatlardan biri sifatida biladi. Bu mamlakatda Berdimuhamedov va uning komandasi jamiyat hayotining har bir jabhasini nazorat qiladi. Bunday sharoitda mish-mishlar juda tez urchiydi va mustaqil jurnalistlar haqiqatni mish-mishlardan ajratish imkoniga emaslar.

Avvalroq, mahalliy OAVning xabarlari, so‘ngra prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘limi haqidagi ma’lumotlarni rad etuvchi rasmiy xabarlar soyasida ijtimoiy tarmoqlarda turkman estradasi vakillarining “prezident sog‘lig‘i to‘g‘risidagi soxta xabalarga” ishonmaslikka chaqiruvchi videomurojaatlari paydo bo‘ldi. Ular o‘z sahifalarida #duryalan (#yolg‘onni to‘xtat) xeshteglarini joylashtirishni so‘rashmoqda, deb xabar qildi Ozodlikning turkman xizmati.

"Shu kunlarda internet tarmog‘ida hurmatli prezident to‘g‘risida o‘ta nomaqbul xabarlarni tarqatishdi. Mening sizlarga iltimosim bor, bu gap-so‘zlarga ishonmang, bu yolg‘on ", – deydi bloger Yagshi Goshunov va vatanga muhabbatli bo‘lishga chaqiradi, prezidentga sog‘liq tilab, “tuhmatchilarni” qarg‘aydi.

21 iyul kuni muxolifatdagi "Ozod Turkmaniston" Yutub kanali mamlakat poytaxtidagi o‘z muxbirlariga tayanib, prezident 20 iyul kuni o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan vafot etganini xabar qilgan edi. Prezident oxirgi marta jamoatchilikka 5 iyul kuni ko‘rinish berdi. 15 iyul kuni matbuot xizmati prezidentning ta’tilda ekanini xabar qilib, prezident nabiralari va mushuklari bilan o‘ynayotgani borasidagi videolavhani namoyish qildi.

"Xroniki Turkmenistana" nashriga ko‘ra, prezident samolyotini 12 iyulda Germaniyada ko‘rishgan. Xabar berilishicha, Germaniyaga og‘ir ahvoldagi Berdimuhamedovning onasi uchgan, prezidentning mamlakat axborot makonidan g‘oyib bo‘lishi guyoki uning o‘limi bilan emas, balki prezident onasining og‘ir kasalligi bilan bog‘langan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

25 iyulda Ozodlik “Xroniki Turkmenistana” nashriga tayanib, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov to‘qqiz kunlik tanaffusdan keyin ilk bor davlat televideniesi telekameralari qarshisida paydo bo‘lgani to‘g‘risida xabar qilgan.

Berdimuhamedov 2007 yilda Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning o‘limidan so‘ng Turkmanistonning birinchi prezidenti bo‘ldi. Aynan u Niyozovni davolovchi shifokor bo‘lgan. Mamlakatda Berdimuhamedov shaxsiga sig‘inish urf bo‘ldi, unga Arkadag- barcha turkmanlarning himoyachisi unvoni berildi.

Iyun oyida Berdimuhamedov 62 yoshga to‘ldi. Bu yilgi tantana oldingi yillardagidan farq qildi. Maxsus ibodatlar uyushtirildiki, unda imomlar va vazirlar Berdimuhamedov sog‘lig‘ini tilab duo qildilar.

XS
SM
MD
LG