Линклар

Шошилинч хабар
22 сентябр 2019, Тошкент вақти: 02:51

Paxtaobodda dori yo‘qligidan chaqaloq komaga tushdi; Navoiyda kislorod yo‘qligidan bemor o‘ldi


Bu - illyustrativ surat - maqoladagi chaqaloqlarga aloqasi yo‘q.

Andijon viloyat, Paxtaobod tuman markaziy kasalxonasi jonlantirish bo‘limida qolayotgan 37 kunlik Abdulaziz Isomiddinov, yaqinlariga ko‘ra¸ chaqaloqqa tegishli professional tibbiy yordam ko‘rsatilmagani uchun hozirda komada qolmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan navoiylik Nodira Boymirodova esa, saraton tashxisi qo‘yilgan 66 yashar otasi 4 avgust kuni Navoiy shahar kasalxonasiga olib borilganda¸ nafas olishga yordam beruvchi kislorod yostiqchasida kislorod yo‘qligi oqibatida o‘lganini bildirdi.

Bir-biridan mustaqil ikki o‘zbekistonlik oiladan bu ikki xabar Ozodlikka 23 avgustda keldi.

Paxtaobod tug‘ruqxonasi vrachlari Abdulazizga chaqaloqlarda bosh miya gematomasi asoratlarini bartaraf qiluvchi K vitamini berilmaganini e’tirof etdi va buning sababini ta’minotdagi uzilish bilan izohladi.

Navoiylik vrach esa, vrach¸ “kislorod bo‘lganda ham¸ unga yordam bermas edi”¸ dedi.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan markaziy kasalxonalarda hayot-mamot uchun zarur dori-preparatlar taqchilligiga oid bu iddaolarga izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Paxtaoboddagi chaqaloqlar o‘limi va koma

23 avgust kuni Ozodlik bilan gaplashgan paxtaobodlik Ziyodbek Zaynobiddinov 17 iyul kuni tug‘ilgan jiyani Abdulaziz Isomiddinovning hozirda tuman markaziy kasalxonasining bolalar jonlantirish bo‘limida komada qolayotganini bildirdi.

Uning aytishicha¸ kasallik varaqasida chaqaloqning sog‘lom tug‘ilgani qayd etilgan va bir necha kundan so‘ng uyiga chiqarilgan.

Ammo xos suhbatda vrachlarning taxmin qilib aytishicha¸ Abdulaziz bosh miya gematomasi (tug‘ruq jarayonida bosh miyaning mexanik shikastlanishi) bilan tug‘ilgan¸ ko‘zida sarg‘ayish alomatlari bo‘lishiga qaramay¸ unga tegishli muolaja ko‘rsatilmagani bois¸ uyda qon ketish boshlangan.

Chaqaloq yaqinlari o‘zlarining tug‘ruqxona vrachlari bilan xos suhbati yozilgan audioni Ozodlikka taqdim etdi.

Unda tug‘ruqxona vrachlari va hamshiralari Abdulazizga chaqaloqlarda bosh miya gematomasi asoratlarini bartaraf qiluvchi K vitamini berilmaganini e’tirof etdi va buning sababini ta’minotdagi uzilish bilan izohladi.

Bola iyulda tug‘ilgan bo‘lsa¸ iyundan beri bizga K vitamini kelmayapti – jurnallarimizni ko‘tarib ko‘rishingiz mumkin. Buni bizga davlat berishi kerak. Yo‘riqnomada tug‘ilgan chaqaloqlarning hammasiga vitamin Kni ukol qilish kerakligi yozilgan¸ lekin u sotuvda ham yo‘q¸ davlat ham yetkazib bermayapti. Reanimatsiyada balki bordir¸ lekin bizda yo‘q¸ hozir ham yo‘q¸ bugun tug‘ilganlarga ham berilmayapti”¸ deydi bolaning nega komaga tushgani bo‘yicha izoh talab qilgan yaqinlariga Paxtaobod kasalxonasi vrach va hamshiralari. (Audioyozuv Ozodlikda bor)

Chaqaloqlar hayot-mamoti uchun muhim bo‘lgan K vitaminining berilmayotgani haqida talabnoma yozilganini aytgan tibbiyot xodimlari Ozodlikka yuborilgan suhbat audioyozuvida¸ kasalxonada bundan ham muhimroq dori-darmonlar yo‘qligini aytadi.

Vitamin Kni qo‘yib turing¸ hozir operatsiya qilaman desam¸ narkoz yo‘q! Hozir bizda narkoz yo‘q! Ekstrenniy vaziyat bo‘lsa¸ biz nima qilamiz! Hozir tug‘ruqqa kelgan ayolda qon ketish boshlansa¸ narkotik yo‘q¸ odam bolevoy shokdan o‘lib qolishi mumkin. Biz nima qilaylik ta’minlamayotgan bo‘lsa? Boshimizni kundaga qo‘yib¸ uni qilib¸ buni qilib¸ vaziyatdan chiqayapmiz. Hamma kelib do‘xtirni tepkilaydi! Biz ham tupoymasmiz¸ ertalabki 8 da kelib¸ ertasi kechki paytgacha ishlaymiz. Ta’minot bo‘lsayu¸ biz qilmayotgan bo‘lsak¸ unda ayblasangiz mayli! Ta’minot yo‘qku!”¸ deydi Ozodlikka taqdim etilgan audioyozuvda gapirgan paxtaobodlik vrachlardan biri.

Bolalar reanimatsiyasida hushsiz qolayotgan 37 kunlik Abdulazizning yaqinlari¸ qon so‘rilishiga yordam beruvchi Albumin preparatini topib kelish o‘zlariga buyurilgani va hozirda uni Toshkentdan qidirishayotganlarini aytadi.

- Bu dori bolaning vesiga qarab qilinar ekan. Bola 5 kg bolsa 50 gr ukol qilinar ekan. Bizning bolamiz 4.3 kg¸ unga 50 gr qilinishi kerak ekan. Lekin viloyat qon quyish markazida 50 grammlik bu doridan yo‘q ekan¸ shunga 100 gr olishga majbur ekanmiz. 100 gr 320 000 so‘m ekan. Qarang¸ bizga qancha zarar! Bu dorini majburlab sotishga kirmaydimi ? Uni olishga qurbi yetgan bor¸ yetmagan bor! Yetmaganlarning bolasi bunday holatda o‘lib ketaverar ekanda!¸ deydi Abdulazizning tog‘asi Ziyodbek Zaynobiddinov.

Bir necha kundan beri Paxtaobod kasalxonasining bolalar jonlantirish bo‘limi ostonasidan uzoqqa ketmayotganini ta’kidlagan Zaynobiddinov¸ 22 avgust kuni bu yerda ikki chaqaloqning o‘lganiga o‘zi guvoh bo‘lganini aytadi. Ozodlik ixtiyorida bu iddaoni tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot yo‘q.

Ozodlik Paxtaobod tuman markaziy kasalxonasi ma’muriyatidan tug‘ruqxona va jonlantirish bo‘limlarida chaqaloqlar hayot-mamoti uchun zarur dori vositalarining yo‘qligi haqidagi vrachlar bayonoti va bemor yaqinlari gaplariga izoh so‘radi.

Kasalxona boshliqlaridan biri¸ “bizda hammayoq bor¸ davlat hammasini berayapti”¸degan gapni qayta-qayta ta’kidladi.

Ayni paytda Ozodlik bilan o‘zini tanishtirmay gaplashgan ma’mur¸ tibbiy ta’minotda muammo bo‘lmasa¸ nima uchun chaqaloqlar hayoti uchun belgilovchi bo‘lgan preparatning berilmayotgani¸ bir kunning o‘zida ikki chaqaloqning o‘lganiga oid iddaoni izohlashni istamadi. Ayni paytda bu gapni inkor ham etmadi.

Bu savollarga yarim soatdan so‘ng o‘rganib¸ javob beraman¸ degan kasalxona ma’muriyati vakili¸ keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Navoiy shahar kasalxonasidagi o‘lim

23 avgust kuni Ozodlikka murojaat qilgan navoiylik Nodira Boymirodova shahar markaziy kasalxonasida 66 yashar otasining vrachlar noprofessionalligi va zarur tibbiy jihozlar bo‘lmagani bois o‘lganini aytdi.

- 40 yil Navoiy kon metallurgiya kombinatida ishlagan otam¸ Kunuzoq Boymirodovga shu yil 17 iyul kuni limfa saratoni (limfoma Xodjkina) tashxisi qo‘yildi. 22 iyul kungi birinchi ximioterapiyadan so‘ng uning ahvoli og‘irlashdi. 2-4 avgust kunlari istimasi ko‘tarilib¸ nafas olishi qiyinlashib¸ qon bosimi oshib ketdi¸ tanasiga toshma toshdi. 4 avgust¸ yakshanba kuni “Tez yordam” chaqirsak¸ kelib analgin-dimedrol ukol qilib ketdi!!! Otamning ahvoli og‘irlashaverganidan keyin¸ yana “Tez yordam” chaqirdik. Kelgan brigadada na nosilka¸ na katalkasi bor edi – og‘ir ahvoldagi otam 3- qavatdan o‘zi pastga tushishga majbur bo‘ldi! Navoiy shahar kasalxonasi navbatchi vrachi otamni¸ “o‘ladigan ahvolda emas¸ mening kasalim emas”¸ deb qabul qilishdan bosh tortdi. Otamning nafas olishi og‘irlashavergandan keyin¸ vrachlardan unga kislorod berishni so‘radik. Avvaliga yo‘q deyishdi¸ keyin olib kelishsa¸ u ishlamaydigan bo‘lib chiqti. Butun boshli shahar markaziy kasalxonasida na birinchi tibbiy yordam berishga qodir vrach¸ na kerakli tibbiy uskuna yo‘q edi! Bir soat ichida otam jon berdi.

Marhumning Moskvada yashayotgan qizi Nodira Boymirodovaning aytishicha¸ otasining bu qadar tezlikda o‘lishiga¸ rossiyalik vrachlar fikricha¸ unga noto‘g‘ri qilingan analgin-dimedrol ukoli keltirib chiqargan intoksikatsiya sabab bo‘lgan.

- Bir inson umr bo‘yi og‘ir mehnat qildi¸ davlatga muttasil soliq to‘ladi¸ umrining oxirida unga bitta kislorod yostiqchasi¸ kislorod barokamerasini ham ravo ko‘rishmadi! Navoiy kasalxonasida bor bo‘lgan bu narsalarni¸ vrachlar otamga ishlatishni istashmadi. Vrachlar¸ aybini tan olmayapti¸ kislorod berganimizda ham baribir o‘lardi¸ degan gapni uyalmay-netmay takrorlashayapti¸ deydi Nodira Boymirodova Ozodlik bilan suhbatda.

Aytilishicha¸ marhum yaqinlari o‘lim sabablarini tekshirishni so‘rab prokuraturaga murojaat qilgan va hozirda bu o‘lim yuzasidan ixtisoslashgan prokuratura mutaxassislari tergovga qadar surishtiruv olib bormoqda.

Navoiy shahar markaziy kasalxonasining Kunuzoq Boymirodov o‘limi tafsilotidan xabardor vrachi Ozodlik savollariga javob berarkan, marhumning yaqinlari gaplarini rad qilishga urindi¸ xususan¸ kasalxonada "hamma dori va tibbiy uskunlar mavjudligi va ularning risoladagiday ishlayotganini" bildirdi.

Nafas olishi og‘irlashgan bemorga tegishli yordam ko‘rstilmagani¸ xususan¸ kislorod yostiqchasida kislorod bo‘lmaganini inkor qilmagan bu vrach¸ “kislorod bo‘lganda ham¸ unga yordam bermas edi”¸ degan gap bilan cheklandi.

Ozodlik O‘zbekiston Sog‘lqini saqlash vazirligiga Paxtaobod markaziy kasalxonasida ona va bola hayoti uchun zarur dorilarning yo‘qligi¸ Navoiyda esa¸ kislorod yostiqchasining nosozligi bois yuz bergan o‘lim yuzasidan izoh berishni so‘rab murojaat qildi.

Vazirlik rasmiysi¸ har ikkala holat ularni alohida o‘rganib chiqishni talab qilishi bois¸ Ozodlik so‘roviga hozircha javob bera olmasligini bildirdi.

Ayni paytda bu rasmiy¸ O‘zbekistondagi chaqaloqlar o‘limi bo‘yicha so‘nggi statistik ma’lumotlarni taqdim etishni ham istamadi.

XS
SM
MD
LG