Линклар

Шошилинч хабар
18 сентябр 2019, Тошкент вақти: 05:01

Diniy qo‘mita sobiq mulozimi N.Abulhasan Terrorga qarshi kurash boshqarmasiga rahbar bo‘ldi


Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining sobiq o‘ribosari Nuriymon Abulhasan IIVning terrorga qarshi kurash boshqarmasiga rahbarlik qilishi xabar qilinmoqda.

Kun.uz Internet nashrining o‘z manbasiga tayanib xabar qilishicha, Nuriymon Abulhasan Ichki ishlar vazirligining Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasiga rahbar qilib tayinlangan.

N. Abulhasan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari - Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori sifatida ishlayotgandi.

Undan avval prezident devonining Millatlararo va din masalalari bo‘yicha xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tizimida ishlagan.

Kuni kecha ayni nashr qo‘mita raisi Jasur Akromov va rais o‘rinbosari Nuriymon Abulhasanlar boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z lavozimidan ozod etilganini xabar qilgandi.

Hozircha qo‘mitadagi bu tayinlov va lavozimdan olinishlar borasida rasmiy xabar berilgani yo‘q.

Ayni vaqtda Din ishlari qo‘mitasiga kim yangi rais etib tayinlangani ham noma’lum.

2018 yilning 18 aprel kuni 2003 yildan beri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi vazifasida faoliyat yuritib kelgan Ortiqbek Yusupov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Jasur Akromov qo‘mita raisi etib tayinlangandi.

XS
SM
MD
LG