Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:52

Kattaqo‘rg‘onda qishloq tug‘ruqxonasi yopilib, ayollar uyda tug‘ishga majbur bo‘lmoqda (VIDEO)


Qoqsoy QFY hududida joylashgan mazkur binodagi tug‘ruq bo‘limi fevral oyida yopilgunga qadar atrof-yaqindagi ko‘plab qishloq ayollariga xizmat ko‘rsatib kelgan.
Qoqsoy QFY hududida joylashgan mazkur binodagi tug‘ruq bo‘limi fevral oyida yopilgunga qadar atrof-yaqindagi ko‘plab qishloq ayollariga xizmat ko‘rsatib kelgan.

Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Moybuloq va Qoqsoy QFY ayollariga xizmat ko‘rsatib kelgan tug‘ruq bo‘limining olti oy avval yopilishi bu hududdagi homilador ayollar uchun jiddiy qiyinchilik tug‘dirmoqda.

9000 nafar tug‘ish yoshidagi ayol yashovchi bu va unga tutash dasht qishloqlari tuman markazidan 30-40 kilometr masofada joylashgani bois¸ to‘lg‘oq tutgan ayollar shahar tug‘ruqxonasiga yetolmay¸ yo‘lda¸ yoki uyida tug‘ishga majbur bo‘lmoqda.

Ozodlikka yuborilgan videotasvirda uyda tug‘ishga majbur bo‘lgan kelinchakning yaqinlari shunday deydi va rasmiylardan bu muammoga yechim topishni so‘raydi.

Samarqand viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiysi¸ qishloq tug‘ruqxonasining malakali kadr va zarur tibbiy uskunalar yo‘qligi bois yopilgani¸ ayni paytda uni ta’mirlab¸ qayta ishga tushirish imkoni o‘rganib chiqilayotganini bildirdi.

"Qishloq ayollari tuman markaziga yetolmay¸ uyda¸ yo‘lda tug‘moqda"

Ozodlikka 9 sentabr kuni yuborilgan videotasvirda uyda tuqqan ayol , uning chaqalog‘i va yaqinlari aks etgan. Videoda yerda yozilgan ko‘rpacha ustida yotgan ayol¸ uning oyoq tomonida turgan qaychi va doka¸ tog‘oraga solingan qonli latta ko‘rinadi.

Маҳаллий туғруқхонанинг ёпилиши ортидан аёллар уйда туғишга мажбур бўлмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:57 0:00

Videoda bir necha ayolning ovozi eshitilsa-da¸ ular “boshimga balo kelmasin” degan andisha bilan yuzini ko‘rsatmaslikni so‘raydi.

Oq yo‘rgakka o‘ralgan chaqaloqni ushlab turib gapirgan ayol¸ ovsinining kelinini uyida tug‘dirishga majbur bo‘lganini ayta turib¸ videodagi manzaraga izoh beradi.

Ayolning gapidan¸ Kattaqo‘rg‘on tumani Moybuloq qishlog‘idagi tug‘ruqxonaning olti oy avval yopilgani¸ shundan beri ayollar tug‘ish uchun tuman markazi¸ avgust oyida esa¸ boshqa tumanlarga borishga majbur bo‘layotgani anglashiladi.

Yo‘lda tug‘ib qo‘yayapti¸ uyida tug‘ib qo‘yayapti¸ duxturga oborolmay qolayapti. Oborganda hech kim qaramayapti. Ko‘chamiz yomon bo‘lsa¸ soylar yomon¸ yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lsa. Shunday azob yedik-shunday azob yedik! To‘lg‘oq tutgan mahal (ona-bola) narigi dunyo bilan kurashadi. Ovsinimning kelinini uyimga opkelib tug‘dirib o‘tiribman. Sho‘rlik¸ ozgina azob yedimi?” deydi videoga yuzini ko‘rsatmasdan gapirgan katta yoshdagi ayol.

Videodagi voqeaga izoh

Bu videoni yuborgan moybuloqliklardan birining 9 sentabr kuni Ozodlikka aytishicha¸ joriy yil 8 fevral kuni Moybuloq va Qoqsoy QFYlari o‘rtasida 2002 yildan beri ishlab kelgan tug‘ruqxona yopilgan.

Ikki qavatli bu bino rasman tug‘ruqqa tayyorlash bo‘limi¸ deb aytilardi. Ammo Moybuloq¸ Qoqsoy va yana qancha dasht qishloqlarining ayollari 10 yildan beri shu yerda tug‘ib kelgan. Og‘irroq holat bo‘lsa¸ Kattaqo‘rg‘on markazidagi tug‘ruqxonaga opketishardi¸ ammo ko‘pchilik shu yerda tug‘ardi. Fevralda remontga deb yopilganicha¸ ochilmadi¸ ochilishi ham dargumon bo‘p turipti”¸ dedi Ozodlikka gapirgan moybuloqliklardan biri.

Bu suhbatdoshning aytishicha¸ avgust oyida Kattaqo‘rg‘on tuman kasalxonasiga qarashli tug‘ruqxona ham remontga yopilgani¸ yon-atrofdagi oy-kuni yetgan ayollarni yanada og‘ir ahvolda qoldirgan.

Kadandagi tug‘ruqxona yopilganidan keyin¸ shaharga boringlar deyishdi. Shahar tug‘ruqxonasida joy yo‘qligidan¸ Ishtixon va boshqa tumanlarga yuborishdi. To‘lg‘oq tutayotgan ayolni 30-40 kmga Damasda olib borishni tasavvur qilib ko‘ring! Yo‘llar yomon¸ orada soy bor. Buncha uzoqqa yetolmasligini bilgan ayollar¸ uyida tug‘ayapti. Men bilganim¸ keyingi bir oy ichida to‘rtta ayol uyida tug‘ishga majbur bo‘ldi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan moylisoylik.

Moybuloq va Qoqsoy QFY hududida¸ rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ 35 ming aholi yashaydi¸ shundan 9000 nafari tug‘ruq yoshidagi ayollardir. Ayni kunlarda 400 ga yaqin homilador ayol borligi aytilgan bu ikkala QFY faollari Ozodlik bilan suhbatda¸ tug‘ruqxona yopilganidan keyin bu ikki hudud¸ qolaversa¸ ularga tutash dashtdagi qishloqlar aholisi uchun jiddiy muammo tug‘ilganini e’tirof etdi. Uzoqdagi tug‘ruqxonaga yetmay yo‘lda yoki uyida tug‘ib qo‘ygan ayollar borligini tan olgan bu faollar¸ ayni paytda ularning aniq sonini aytishni istamadi.

Ozodlik gaplashgan moybuloq va qoqsoyliklar¸ bu ikkala QFY o‘rtasidagi tug‘ruq bo‘limini qayta ochish so‘rovi bilan davlat idoralariga murojaat qilganliklari va Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddisi kelib¸ shu masalada uchrashuv o‘tkazganini bildirdi.

Qishloqliklar ta’kidicha¸ bu uchrashuvda tibbiyot rasmiylari Qoqsoy hududidagi tug‘ruq bo‘limining ochilish-ochilmasligi haqida aniq gap aytmagan.

“Qishloq tug‘ruqxonasi talabga javob bermagani uchun yopildi”

9 sentabr kuni Ozodlik Moybuloqdan kelgan video va qishloqliklar e’tirozlariga munosabat so‘rab Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiylari bilan bog‘landi.

O‘tgan hafta ayni masalada Moybuloq va Qoqsoy QFY aholisi bilan uch soat gaplashganini bildirgan boshqarmaning Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha boshliq o‘rinbosari¸ vaziyatning ancha chigal ekanini tushuntirdi.

Asosiy vazifamiz¸ tug‘ruq paytida ona va bola hayotini saqlab qolish. Tug‘ruq bu juda murakkab jarayon. Tug‘ish paytida ayoldan kutilmaganda kuchli qon ketish boshlansa¸ bachadon olib tashlanadi¸ bachadon olib tashlangandan keyin ham qon ketish to‘xtamasa¸ ekstirpatsiya qilish kerak¸ hamma narsasi olib tashlanadi. 8 soat operatsiya qilingan holatlar bor. Moybuloqda bunga na kadr ¸ na sharoit bor. Shuning uchun malakali vrachlar va tegishli apparatura bo‘lmaguncha¸ buni vaqtina yopib turishga qaror qildik”¸ deydi boshqarma mutasaddisi Sayfiddin Mo‘minov.

Qishloqliklarning¸ “10 yildan beri bu tug‘ruqxona tuppa-tuzuk ishlayotgan edi¸ hech kim o‘lmadi” degan e’tirozlariga javoban mutasaddi¸ bugunga kelib tug‘ruq yoshidagi ayollar salomatligi ancha yomonlashgani¸ tug‘ruq bilan bog‘liq murakkabliklar ko‘payganini aytdi.

Bu bo‘limda ishlab kelgan ginekolog normal tug‘ruq paytidagi doyaning ishini qila oladi. Lekin operatsiya qilish kerak bo‘lsa¸ qilolmaydi¸ na malaka¸ na sharoit bor bunga. Yo ona¸ yo bolaga biror kori-hol bo‘lsa¸ biz kallamiz bilan javob beramiz. 15-20 minut kech tug‘sa ham¸ ayol normal sharoitda tug‘ishi kerak. Bu roddom rezervda turipti¸ shtatlari ham turipti. Agar ham doyalik¸ ham jarrohlik qilish qo‘lidan keladigan vrach topilsa¸ ochamiz. Lekin bunaqa kadr yo‘q hozir”¸ deydi Mo‘minov.

Qishloq tug‘ruqxonasiga malakali vrach¸ uni ta’mirlab ishga tushirishga mablag‘ topilgunga qadar¸ mutasaddining aytishicha¸ vaqtinchalik chora sifatida boshqarma Moybuloq va Qoqsoydagi ayollarni tug‘ruqxonaga yetkazish uchun yangi UAZ mashinasi ajratilgan.

Ayni paytda¸ ikki qavatli bu binoni davlat-xususiy sheriklik asosida ishlovchi tibbiy muasssaga aylantirish imkonlari ham ko‘rib chiqilmoqda¸ dedi Mo‘minov.

Bu moybuloqliklarning qishloq tug‘ruqxonasi yopilishi yuzasidan Ozodlikka yuborgan birinchi e’tirozi emas. 22 avgust kuni SizdanTelegram kanalida qishloq ahli nomidan yozilgan murojaat e’lon qilingan va tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i O. Xudjamberdiyev unda keltirilgan shikoyatga javob ham bergan edi.

“Kattaqo‘rg‘on haqiqati” mahalliy gazetasi 26 avgust kuni chop etgan bu javobda Kattaqo‘rg‘on “Tug‘ruq kompleksining Moybuloq qismida davolash, diagnostika, sanitariya va gigiena va epidemiologiya talablariga rioya qilinish holatlari achinarli ekanligi ma’lum bo‘lgach, amaldagi qonunchilikka muvofiq tug‘ruq majmuasining faoliyati vaqtinchaga to‘xtatilgani” aytilgan edi.

Rasmiy javobda shuningdek¸ “o‘tgan vaqt ichida yuqoridagi holatlar aholi uchun muammo tug‘dirgan holatlari bo‘lishi mumkinligini rad etmaymiz. Buning uchun xalqimizdan uzr so‘raymiz. Kelgusida xuddi shunday holatlarni oldindan bartaraf etishga harakat qilamiz”¸ deyilgan edi.

Ozodlik gaplashgan vrachlarga ko‘ra¸ yoz O‘zbekistonda tug‘ruq mavsumi hisoblanadi va ayni shu faslda respublika bo‘ylab juda ko‘p tug‘ruqxona dezinfeksiya maqsadida yopiladi. Ochiq qolgan tug‘ruqxonalarning bir necha tuman ayollariga xizmat ko‘rsatishga majburligi ortidan¸ ularda tug‘ishga kelgan ayollar soni keskin oshib¸ joy yetishmasligi kuzatiladi.

Ozodlik joriy yilning iyul oyida Andijon viloyati Marhamat tumani tug‘ruqxonasi¸ o‘tgan hafta esa¸ Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani tug‘ruqxonasida tuqqan ayollarning joy yo‘qligidan yerda yotgani aks etgan surat va videolarni chop qilgan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG