Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2019, Тошкент вақти: 01:32

Ilk marotaba Yerga o‘xshash ekzosayyora atmosferasida suv topildi


Habbl teleskopi (suratda) 2016 va 2017 yillarda to‘plagan ma’lumotlar yordamida K2-18b atmosferasidan o‘tayotgan yulduz nurlarini o‘rgangan.

Chorshanba kuni Nature Astronomy jurnali Quyosh tizimidan tashqarida joylashgan Yerga o‘xshash sayyora atmosferasida ilk marotaba suv borligi aniqlanganini ma’lum qildi.

Vazni Yernikidan sakkiz marta og‘ir bo‘lgan K2-18b ekzosayyorasi o‘z yulduzlari atrofida hayot mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan masofada aylanadi.

Maqola mualliflaridan biri Jovanni Tinetti ushbu sayyora Quyosh tizimi tashqarisida hayot belgilarini topishga qaratilgan tadqiqotlar davomida aniqlangan eng yaxshi nomzod ekanligini aytdi.

- Sayyora sathida okeanlar borligini xulosa qila olmaymiz, ammo aslida bu ehtimoldan xoli emas, - dedi Tinetti.

Bugunga qadar 4000 ga yaqin ekzosayyora aniqlangan. Ammo ularning birortasida tosh yuza va tarkibida suv bo‘lgan atmosfera kuzatilmagan edi.

Atmosferaga ega ekzosayyoralarning aksari ulkan gaz sayyoralardir. Bizga ma’lum bo‘lgan sathi qattiq sanoqli sayyoralarning esa umuman atmosferasi yo‘q.

Qolaversa, Yerga o‘xshash sayyoralarning aksari o‘z yulduzidan o‘ta uzoq yoki o‘ta yaqin masofada joylashgan.

2015 yilda kashf etilgan K2-18b sayyorasi “super Yerlar” nomi berilgan yuzlab sayyoraning biridir. Olimlar vazni yernikidan 10 martagacha og‘ir bo‘lgan sayyoralarga shu nomni bergan. Kelajakda bundan ham ko‘p super Yerlar aniqlanishi kutilmoqda.

Maqola mualliflaridan biri Angelos Siaras:

- Yerdan boshqa yashash mumkin bo‘lgan dunyoda suv topish nihoyatda hayajonli holatdir, - dedi.

Siaras hamkasblari bilan Habbl teleskopi 2016 va 2017 yillarda to‘plagan ma’lumotlar yordamida K2-18b atmosferasidan o‘tayotgan yulduz nurlarini o‘rgangan. Natijada sayyora atmosferasida suv bug‘i borligi aniqlangan. Sayyora atmosferasida qancha suv qolgani noma’lum, ammo kompyuter modellari bu ko‘rsatkich 0,5-50 foiz bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Solishtirish uchun, Yer atmosferasidagi bug‘ qutblarda 0,2 foizni, tropik mintaqalar ustida esa 4 foizni tashkil qiladi.

Shuningdek, sayyorada vodorod va geliy ham borligi aniqlagan. U yerda azot va metan ham bo‘lishi mumkin, ammo mavjud texnologiyalar bilan buni aniqlashning iloji yo‘q.

Sayyoradagi bulutlar ko‘lami hamda atmosferadagi suv miqdorini aniqlash uchun ko‘proq tadqiqot o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Somon yo‘li galaktikasida joylashgan K2-18b Yerdan 110 yorug‘lik yili yoki bir million milliard km masofada qizil mitti yulduz atrofida aylanadi.

Jeyms Uebb fazo teleskopi hamda Yevropa fazo agentligining ARIEL missiyalari yordamida ekzosayyoralar atmosferasini yanada chuqurroq o‘rganish rejalashtirilmoqda.

XS
SM
MD
LG