Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:05

Yevropadan traktor va yuk mashina tashuvchilar sarosimada: boj imtiyozi bekor qilinishi mumkin


O‘zbekistonga yuborish uchun sotib olingan Belarus traktori.
O‘zbekistonga yuborish uchun sotib olingan Belarus traktori.

Ayni kunlarda O‘zbekistonga yuborish uchun Belarus va Yevropa davlatlaridan ikkinchi qo‘l (ishlatilgan) traktor va yuk mashinalari sotib olish bo‘yicha shartnoma qilib qo‘ygan tadbirkorlar qattiq sarosimada.

Sababi - ​prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil aprelida o‘zi imzolagan muhim qarorining amal qilish muddatini yana o‘zi bekor qilishi kutilmoqda. Agar qaror bekor qilinsa, chet eldan olib kirilayotgan yuk mashinalari uchun 70 foizlik boj va aktsiz solig‘i qayta tiklanadi.

Amaldagi qarorga ko‘ra¸ meva va sabzavot tashishga mo‘ljallangan traktor va yuk mashinalarini 2021 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonga olib kirish boj va aksiz solig‘idan ozod etilgan. Bunday imtiyoz¸ meva va sabzavotlarni yetishtirish, saqlash, qayta ishlash hamda eksport qilishni rag‘batlantirish maqsadida qabul qilingan edi.

Prezident imzosini kutayotgan yangi qaror loyihasida¸ bu imtiyozlarni muddatidan oldin – joriy yil oxirigacha bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihaga bevosita aloqador rasmiy idoralar Ozodlikka bu imtiyozlarni muddatidan oldin bekor qilish masalasi hal bo‘lgani¸ bunga oid qarorning 1 noyabr yoki 1 dekabrdan kuchga kirishi mumkinligini aytdi.

Tadbirkor vahimada chegarada navbatlar

20 sentabr kuni Ozodlikka bog‘langan tadbirkor o‘zini meva va sabzavot tashishga mo‘ljallangan (ya’ni boj va aksiz solig‘idan ozod etilgan) traktor va tirkamalar¸ sovutgichli yuk mashinalari importchisi deb tanishtirdi.

Davlat idoralari bosimiga uchramaslik uchun bu tadbirkor shaxsini ochiqlashni istamadi.

Unga ko‘ra¸ prezident qarori ijrosining muddatidan oldin to‘xtatilishi o‘zi va bu biznes bilan shug‘ullanayotgan yuzlab tadbirkorni sindirishi mumkin.

Biz Belarus¸ Litva¸ Polsha va Germaniyadagi sheriklarimiz bilan bir necha yuz ming dollarlik kelishuvlar qilganmiz. 2021 yilgacha ulardan ikkinchi qo‘l qishloq xo‘jalik texnikasi va refrijeratorlik yuk mashinasi sotib olib¸ uni O‘zbekistondagi fermerlar va meva eksportchilariga yetkazib berish uchun bor pulimizni tikkanmiz. Agar prezident qarori ijrosi 15 oy oldin to‘xtatilsa¸ biz sotib olingan texnikalarni O‘zbekistonga olib kirishga ulgurmaymiz. Yana 70 foizlik rastamojka va aksiz solig‘i qo‘ysa¸ molimiz kasod bo‘ladi”.

O‘zbekistonga yuborish uchun Yevropa davlatlarida sotib olingan yuzlab yuk mashinasining Belarus chegarasida to‘planib qolgani aytilmoqda.
O‘zbekistonga yuborish uchun Yevropa davlatlarida sotib olingan yuzlab yuk mashinasining Belarus chegarasida to‘planib qolgani aytilmoqda.

Bu tadbirkor¸ o‘zi kabilarning juda ko‘pligini ayta turib¸ ayni kunlarda Yevropa davlatlarida sotib olingan yuk mashinalarini 1 oktabrgacha O‘zbekistonga olib kirish uchun sarosima boshlanganini aytdi:

Germaniya¸ Polsha¸ Pribaltikadan O‘zbekistonga yo‘l Belarusdan o‘tadi. Litva va Polshaning Belarus bilan chegarasida hozir O‘zbekistonga yo‘lga chiqqan yuzlagan yuk mashinasi navbat kutib turipti. Hamma vahimada¸ ulgurmay qolsam¸ sinaman deb”.

Taxmin va vahimalarda asos bormi?

O‘zbekiston hukumatidagi mulozim¸ bu savolga “ha” deb javob berdi.

Unga ko‘ra¸ 2018 yil bahorida prezident qarori bilan g‘ildirakli traktor va 20 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalari, shuningdek pritseplar 70 foizlik boj va aksiz solig‘idan ozod etilgani ortidan O‘zbekistonga Yevropadan ikkinchi qo‘l agrotexnika va yuk mashinalari olib kirish keskin oshgan.

Yil boshidan beri bu masalada konflikt ketayapti. Prezident qaroridan keyin O‘zbekistonga¸ bilishimcha¸ kamida 20 mingta gruzovoy mashina kelgan. Traktor va pritseplar sonini aniq bilmayman¸ lekin u ham kam emas. O‘zavtosanoat va O‘zagrotexsanoatxolding yig‘lavordi - mashinalarimiz o‘tmayapti deb. O‘zavto o‘zimizda shuncha MAN¸ KamAz yig‘ayapmiz¸ ketmayapti¸ deb dod-voy qildi. O‘zagrotexsanoatxolding ham traktorlarimiz bor¸ ketmayapti¸ deb shikoyat qildi. Ana shu ikki kompaniya yangi qaror loyihasini ishlab chiqqan. Imtiyozni bekor qilish uchun keltirilayotgan asos yana eski gap – mahalliy ishlab chiqarishni quvvatlash¸ sanoatni mahalliylashtirish va hokazo”.

Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar ham bozor ochilganidan keyin mahalliy sanoatning raqobatga chiday olmay qolganini aytadi.

Biz Belarusdan olingan ikkinchi qo‘l traktorni¸ g‘ildiraklarini yangilab¸ hamma joyini sozlab O‘zbekistondagi fermerga 10-12 ming dollarga yetkazib berayotgandik. Bu traktorlar yana 10-15 yil bemalol ishlaydi. O‘zbekistonda chiqayotgan ayni shunday traktor 20-22 ming dollar turadi. Yuk mashinalarini Germaniyadan 20 ming¸ pritsepini 25 ming dollarga olayotgandik. MAN pritsepi bilan 90-95 ming dollarga tushadi. Ikkinchi qo‘l bo‘lsayam¸ O‘zbekistonda ishlab chiqarilganidan yaxshi bo‘lsa yaxshidir¸ yomon emas. Narxdagi farq ikki baravar. Monopolistlar erkin bozorga chidolmay¸ yana darrov chegarani yoptirayapti”.

Jarayondan xabardor mulozimga ko‘ra¸ imtiyozlarni bekor qilishga urinayotgan tizimlar prezidentga "O‘zbekistonga 95 foiz Yevropada metallolomga aylangan yaroqsiz texnika kirayapti¸ hamma dollar shunga chiqib ketayapti"¸ degan daillarni ham bozorni yopish uchun asos qilib keltirmoqda.

Imtiyozlar qachon bekor qilinadi?

O‘zbekiston hukumatining mazkur jarayon tafsilotidan xabardor rasmiysiga ko‘ra¸ meva va sabzavot tashishga mo‘ljallangan traktor va yuk mashinalari importiga 2021 yil 1 yanvarga qadar berilgan imtiyozlarni to‘xtatish haqidagi qaror loyihasi joriy oy prezidentga taqdim etilgan.

Prezident qo‘l qo‘ymadi va qayta ishlashga berildi. Yangi loyiha hozir bilishimcha administratsiya rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov stolida turipti. Unda imtiyozlarni 1 dekabrdan bekor qilish haqida gap bor. Lekin hali prezident qo‘l qo‘ygani yo‘q”.

Ozodlik 20 sentabr kuni imtiyozlarning qachon bekor qilinishiga aniqlik kiritish maqsadida manfaatli tomonlardan biri – O‘zagrotexsanoatxolding rahbariyati bilan bog‘landi.

Ozodlik gaplashgan mutasaddilardan biri¸ prezident joriy yil 31 iyul kuni imzolagan 4410-sonli qarorga muvofiq¸ bu imtiyozlar muddatidan oldin bekor qilinishini bildirdi.

1 oktabr yoki 1 noyabrdan bekor bo‘lishi kutilayapti. Hozircha anig‘ini bilmayman”¸ dedi O‘zbekistonda qishloq xo‘jalik texnikasi ishlab chiqarishga mas’ul O‘zagrotexsanoatxolding AJ rasmiysi.

Bu rasmiy tilga olgan 4410-sonli qarorga 3-ilovaning 14-bandida Investitsiyalar va tashqi savdo, Moliya vazirliklari¸ shuningdek Davlat bojxona qo‘mitasi va O‘zagrotexsanoatxolding jamiyatiga “import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari turlari va miqdorlarini chuqur tahlil qilgan holda bojxona tariflarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish” buyurilgan.

Bu takliflarni ishlab chiqish uchun 1 sentabrdan 1 noyabrgacha¸ ko‘rib chiqish uchun esa¸ 1 dekabrgacha muhlat berilgan.

Mazkur buyruq ijrosi uchun mas’ul etib belgilangan Moliya vazirligi va Bojxona qo‘mitasidan hozircha imtiyozlarning aynan qachondan boshlab bekor qilinishiga oid aniq javob olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG