Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:54

Maxfiy qaror: IIV va DXX mutaassiblikka moyillarning maxsus ro‘yxatlarini tuzmoqda


"Mutaassib dindor"lar va mutaassiblikka moyillar ro‘yxatini tuzish¸ maxfiy qarorga ko‘ra¸ IIV va DXX xodimlariga yuklatilgan.
"Mutaassib dindor"lar va mutaassiblikka moyillar ro‘yxatini tuzish¸ maxfiy qarorga ko‘ra¸ IIV va DXX xodimlariga yuklatilgan.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 4 sentabr kuni 4437m soni bilan rasmiylashtirilgan maxfiy qarori asosida butun mamlakat bo‘ylab yangi maxsus ro‘yxatlar tuzilmoqda.

Bunday ro‘yxatlarni tuzish to‘g‘risida Ozodlik ixtiyoridagi maxfiy hujjatga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”da aniq topshiriqlar berilgan.

Ozodlikka turli shahar va tumanlardan kelayotgan xabarlar bu topshiriq bajarilayotganini bilvosita tasdiqlamoqda.

5 sentabrdan boshlangan bu jarayon natijasida tuzilgan ro‘yxatlar 15 dekabrga qadar tegishli idoralarga taqdim qilinadi.

Prezident Mirziyoyv 2017 yilning 1 sentabrida “diniy-ekstremist oqim a’zolari ro‘yxati”da bo‘lgan 17 ming odamdan 16 mingining “qora ro‘yxat”dan chiqarilganini bildirgan edi. Ayni chiqishida Mirziyoyev¸ ro‘yxatdan chiqqanlar har birining orqasiga o‘ntadan odam qo‘yilishi¸ “adashganlarning yana balo ko‘chasiga kirmasligi” uchun ular bilan ikki-uch yil qattiq ishlanishini ta’kidlab aytgan edi.

Maxfiy qarorda yangidan ro‘yxatlar tuzishni taqozo qilgan omillardan biri sifatida “ afv etilgan yoki jazo muddati tugashi bilan ozod qilingan ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy faoliyatni davom ettirish va o‘zlarining ekstremistik yo‘ldagi hamfikrlari bilan aloqa o‘rnatish kabi holatlar kuzatilayotgani” aytilgan.

Maxsus ro‘yxatlar ro‘yxati

Prezidentning mamlakatdagi diniy vaziyatni sog‘lomlashtirishga oid Ozodlik ixtiyoridagi maxfiy qarori ijrosi bo‘yicha qilinadigan chora-tadbirlar jadvalida davlat va jamoat idoralariga o‘ndan oshiq maxsus ro‘yxat shakllantirish buyurilgan.

Bu ro‘yxatlarning asosiy qismi diniy mutaassiblik targ‘iboti yoki unga moyilligi bor shaxs va guruhlarga oid.

Oddiy xalq tilida “qora ro‘yxat” deb ataladigan bu ro‘yxatlar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:

1. Xorijdagi urushlar davom etayotgan nizoli hududlarda ekstremistik guruhlar tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar ro‘yxati;

2. Professional sportchilar orasidan turli diniy mutaassiblik¸ beo‘xshov soqol qo‘yish¸ hijob kiyish¸ tatuirovka chizdirish kabi illatlarga moyilligi bor shaxslar ro‘yxati;

3. Xorijga diniy ta’lim olish maqsadida chiqib ketgan voyaga yetmaganlar¸ chet eldagi diniy ta’lim muassasalarini bitirib qaytgan shaxslar ro‘yxati;

4. Diniy mutaassiblikka moyilligi bo‘lgan ayollar ro‘yxati;

5. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxati;

6. Xorijdan mamlakatga olib kirilayotgan diniy mazmundagi ramz va belgili ashyolar ro‘yxati;

7. Adliya idoralari ro‘yxatidan o‘tmagan va maqsadli foydalanilmayotgan norasmiy masjidlar ro‘yxati;

8.Terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar g‘oyalarini targ‘ib qilayotgan veb-saytlar¸profillar va ijtimoiy tarmoqdagi kanallar ro‘yxati.

«Qora ro‘yxat»dagilar bilan ishlovchilarning «oq» ro‘yxati

Prezidentning maxfiy qaroriga ilova qilingan «Yo‘l xaritasi»da bunday ro‘yxatlarga kiritilganlar bilan rejali ishlovchilar ro‘yxatini shakllantirish ham topshirilgan.

Bular esa:

1. Respublikadagi barcha tashkilot va idoralar rahbar xodimlarining toifalar kesimidagi ro‘yxati;

2. Buzg‘unchi g‘oyalaridan qaytmagan har bir fuqaroni individual tarzda o‘rganib¸qarindoshlari¸ hoji ota-onalar¸mahalla faollari¸hamkasblari va boshqalar orasidan ularga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan shaxslar ro‘yxati;

3. Fan-ta’lim¸ madaniyat¸ san’at¸ sport, tadbirkorlik sohalarida muvaffaqiyatga erishgan yoshlar ro‘yxati;

4. Diniy¸ dunyoviy va siyosiy bilimga ega bo‘lgan mahalliy mutaxassislar ro‘yxati;

5. Aholi orasida hurmati va ta’siri yuqori bo‘lgan imom-xatiblar ro‘yxati;

6. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita¸ O‘zbekiston musulmonlari idorasi¸ O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi¸ Islom sivilizatsiyasi markazi¸ IIV va DXXdan hududlarga biriktirilgan mas’ullar ro‘yxati.

Ro‘yxatlarni kim¸ qachon tuzadi?

Ozodlik ixtiyoridagi maxfiy hujjatda har bir ro‘yxatni shakllantirish uchun aniq idora (lar) va aniq muddatlar belgilangan.

O‘tmishi yoki joriy hayot tarzida mutaassiblik va unga moyillik kuzatilgan shaxslar ro‘yxatini tuzish vakolati¸ asosan¸ Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi¸ ularning hududiy boshqarma va bo‘linmalari¸ hokimliklar va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berilgan.

Mutaassiblikka qarshi ma’rifat bilan kurashish vazifasi esa¸ Xotin-qizlar qo‘mitasi¸ Respublika mahallalar kengashi¸ “Nuroniy” jamg‘armasi¸ O‘zbekiston musulmonlari idorasi¸ Yoshlar ittifoqi¸ Madaniyat vazirligi¸ Yozuvchilar uyushmasi¸ Ma’naviyat va ma’rifat markazi¸ MTRK¸ O‘zbekkino¸ va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga topshirilgan.

Bu davlat va jamoat tashkilotlarining har biriga o‘ziga berilgan vazifa bo‘yicha ishchi guruh tuzish topshirilgan.

Bunday ro‘yxatlarni tuzish¸ maxfiy hujjatdan ko‘rilishicha¸ u rasmiylashtirilgan 4 sentabrning ertasiga boshlangan va jarayon 15 dekabrga qadar yakunlanib¸ natijalar bo‘yicha prezident administratsiyasiga hisob berilishi lozim.

Mamlakat bo‘ylab ro‘yxat tuzish jarayoni qizg‘in bormoqda

Ozodlikka O‘zbekistonning turli shahar va tumanlaridan bir-biridan mustaqil holda kelayotgan xabarlar 5 sentabrdan beri diniy mutaassiblikka moyil shaxslar ro‘yxatini tuzish jadal borayotganini tasdiqlaydi.

Hozircha jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan va turli munozara uyg‘otayotgan ro‘yxat¸ maxfiy hujjatda “diniy mutaassiblikka moyilligi bo‘lgan ayollar”¸ xalq tilida esa¸ "hijoblilar" deb ataladigan toifadagilar ro‘yxatidir.

14 oktabr kuni Ozodlikka xabar yo‘llagan bekobodlik talaba¸ o‘z onasining ikki hafta oldin ana shunday ro‘yxatga kiritilganini bildirdi.

Bekobod shahrida mahalla kotiblari hijobli ayollarning ro‘yxatini tuzayapti. Mahalla raisi va sekretari onam bilan suhbatlashib¸ rasmga ham oldi. Nega oldingiz desa¸ bizga shunday buyruq bo‘lgan¸ dedi”.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ hozircha uyda o‘tiradigan 46 yashar onasi hijobini yechmagan¸ mahalla faollari bilan “hududdagi boshqa muammolarni hal qilinglar” deb tortishishni to‘xtatmagan.

Oltiariqdan Ozodlikka kelgan xabarda ham mahalla faollarining shunday ro‘yxat tuzib¸ uni IIBga taqdim qilayotgani aytiladi.

Ayoli va boshlang‘ich sinflarda o‘qiyotgan qizlarini hijobdan chiqarishga ko‘nmayotgan kosonsoylik otaning yozishicha¸ o‘zi kabilar bilan hozirda Ichki ishlar bo‘limining terrorizmga qarshi kurash bo‘linmasi xodimlari shug‘ullanmoqda.

Andijon ichki ishlar tizimining bu qaror va uning ijrosi haqida gapirish vakolati yo‘qligi bois shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi¸ hozirda bunday ro‘yxatlarni tuzib¸topshirish IIB xodimlarining asosiy vazifasiga aylanganini bildirdi.

Bunday ro‘yxatlar qilinayapti hokim topshirig‘i bilan. Ishchi guruh tuzilgan IIB¸ hokimiyat va MFY vakilidan iborat. Yana bitta ishchi guruhda soliq xodimi bor¸ MIB xodimi bor . Bu gruppa hamma narsani aniqlab ketayapti. Odamlar vahimaga tushmasin¸ panika qilmalaring¸ deb tushuntirilayapti. Uzoq muddat chetda yurganlarning ham ro‘yxati qilinayapti”¸ dedi 14 oktabr kuni Andijon IIB xodimlaridan biri Ozodlikka.

Prezident maxfiy qarorida IIV zimmasiga yuklangan asosiy vazifalar orasida “norasmiy diniy oqimlar safiga kirib qolganlar¸ radikal va ekstremistik oqimlar yetakchilarining shaxsini aniqlash hamda faoliyatiga chek qo‘yish choralarini ko‘rish va amalga oshirilgan tezkor tadbirlar yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etish” bor.

“Ro‘yxatdan chiqarish" amaliyoti o‘zini oqlamadimi?

Prezidentlikka kelganidan so‘ng e’lon qilgan islohotlari doirasida Shavkat Mirziyoyev Karimov davrida noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikga ayblanib qamalgan yoki maxsus kuzatuvga olinganlar ro‘yxatini ham “amnistiya” qilgan edi.

2017 yilning 1 sentabr kuni Toshkentdagi Xasti Imom masjidi hovlisidagi Baroqxon madrasida imom xatiblar bilan uchrashuvi chog‘ida Mirziyoyev “diniy-ekstremistik oqim a’zolari ro‘yxati”da bo‘lgan 17 ming odamdan 16 mingining bu ro‘yxatdan chiqarilganini aytgan edi.

“O‘zbekiston 24” telekanali ko‘rsatgan ayni chiqishida Mirziyoyev¸ “adashganlarning yana bu balo ko‘chasiga qaytib kirmasligi” uchun ularga ijtimoiy-iqtisodiy imkonlar berilishi va normal hayotga qaytarish uchun ularning har biri bilan o‘ntadan odam shug‘ullanishi lozimligini ta’kidlagan edi.

Oradan roppa-rosa ikki yil o‘tib¸ 4 sentabr kuni qabul qilingan maxfiy qarorda¸ bunday urinishlarning ayrim hududlarda samara bermagani e’tirof etildi.

Jumladan¸ maxfiy qarorda yozilishicha¸ ekstremistik yo‘ldagilarning o‘z noqonuniy faoliyatini davom ettirishi “aholi orasida diniy hayot¸ aqidaparastlik va oxir-oqibat ekstremizm va terrorizm xavflarining vujudga kelishiga¸ shuningdek¸ yuz berayotgan voqea-hodisalarga qonun normalari bilan emas¸ balki din ahkomlari orqali baho berish holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda."

XS
SM
MD
LG