Линклар

Шошилинч хабар
24 феврал 2020, Тошкент вақти: 17:13

Maxfiy qaror: Diniy kiyimlar importi oldi olinadi; fermerlarga kiyinish madaniyatiga oid shartlar qo‘yiladi


Hijab.uz sayti Facebookda nafaqat ayollar¸ balki maktab yoshidagi qizlarga mo‘ljallangan hijob reklamasi va savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.

O‘zbekiston prezidentining 4437m raqamli maxfiy qarori ilovasida topshirilgan qator vazifalar mamlakatdagi xususiy tadbirkorlar va fermerlar faoliyatiga bevosita taalluqlidir.

«Mamlakatdagi diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlangan maxfiy qaror 2019 yilning 4 sentabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan va Ozodlik ixtiyorida unda berilgan keng ko‘lamli topshiriqlar ijrosi darhol boshlanganini bevosita va bilvosita tasdiqlovchi ma’lumotlar bor.

Maxfiy hujjatdagi topshiriqlarning aksar qismi davlat va jamoat tizimlariga taalluqli bo‘lsa-da¸ ularning ayrimlari tadbirkorlik sub’ektlari – hunarmand¸ savdogar¸ ishlab chiqaruvchi va fermerlar faoliyatiga bevosita aloqadordir.

Diniy mutaassiblikning oldini olishga qaratilgani aytilgan chora-tadbirlar orasida hunarmand va fermerlar bilan a’zolik shartnomasiga “kiyinish madaniyati”¸ aniqrog‘i beo‘xshov soqol qo‘ymaslik va hijob kiymaslikka oid band kiritish¸ diniy ramzli kiyim tikayotganlarni boshqa turdagi tovar ishlab chiqarishga yo‘naltirish¸ bunday tovarlarning xorijdan olib kelinishini to‘xtatish bor.

Hunarmand va fermer bilan shartnomaga yangi shartlar qo‘shiladi

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik fermerlarga ko‘ra¸ har yil boshida ular O‘zbekiston fermer¸ dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan a’zolik shartnomasi imzolaydilar.

Hozirga qadar tuzib kelingan bu shartnomada¸ fermerlarga ko‘ra¸ tashqi qiyofa bilan bog‘liq shart va talablar yo‘q.

Ammo maxfiy qaror ilovasining “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili ostida amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar” deb nomlangan IV bobida buyurilgan ishlar bu amaliyotni o‘zgartirishni nazarda tutadi.

“Yo‘l xaritasi”ning 35-bandida “hunarmandlar¸ fermerlar o‘rtasida kiyinish madaniyati¸ yurish-turish odoblarini targ‘ib qilish¸ beo‘xshov soqol qo‘yish¸ badanga tatuirovka chizish kabi salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan maqsadli tadbirlar o‘tkazish” topshirilgan.

Bu maqsadda qilinishi buyurilgan ishlar ro‘yxati esa:

“1. Ishchi guruh va tadbirlar rejasini ishlab chiqish.

2. Hunarmandlar¸ fermerlar o‘rtasida tuzilgan a’zolik shartnomasining tegishli bandlariga o‘zgartirish kiritish va shartnoma talablariga amal qilinishini qat’iy nazoratga olish.

3.Targ‘ibot guruhlarini shakllantirish va ularni tarqatma materiallar (ma’ruza matnlari¸ taqdimotlar¸ ko‘rgazma vositalari) bilan ta’minlash.

4.Reja asosida hunarmandlar va fermerlar o‘rtasida targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish” bor.

Bu topshiriqlar ijrosi uchun O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi¸ Fermer¸ dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi¸ Davlat soliq qo‘mitasi¸ hokimliklar¸ Bosh prokuratura¸ IIV¸ Din ishlari bo‘yicha qo‘mita (DXX-tahr.)¸ Xalqaro islom akademiyasi va Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul etib tayinlangan.

Maxfiy hujjatning xususiy tadbirkorlar faoliyati bilan bog‘liq topshiriqlar bandi.
Maxfiy hujjatning xususiy tadbirkorlar faoliyati bilan bog‘liq topshiriqlar bandi.

Topshiriqlar ijrosi 15 sentabrdan boshlangan.

Ozodlik gaplashgan vodiylik ayrim fermerlar hozircha o‘zlariga bunday o‘zgarish haqida ma’lumot berilmaganini bildirdi.

Sahardan yarim kechagacha paxtadamiz hozir. O‘zimizga qarashga vaqt yo‘qligidan soqollar o‘sgan¸ har kun majlisda hokim ham¸ prokuror ham ko‘rayapti¸ lekin hozircha indashmadi. Yanvarda fermerlar kengashi bilan yana bir yillik shartnoma qilamiz¸ shunga qo‘shishsa kerak bu talablarni”¸ dedi fermerlar o‘rtasida soqollilar “ancha” ekanini ta’kidlagan andijonlik fermerlardan biri.

Xorijdan diniy mollar olib kirish “bartafar etiladi”¸ diniy libos tikuvchilar boshqa mahsulot ishlab chiqarishga o‘tadi

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan ko‘p o‘tmay diniy siyosatda boshlangan yumshash ortidan O‘zbekistonda Yaqin Sharq mamlakatlarida urfga kirgan islomiy liboslar bozori yangidan rivojlana boshladi.

Mamlakatda shunday liboslar targ‘iboti¸ reklamasi va savdosi bilan shug‘ullanuvchi qator saytlar¸ xususan hijab.uz, Muslima.uz kabi saytlar ish boshladi¸ ijtimoiy tarmoqlarda hijob modasi bilan shug‘ullanuvchi kanallar ko‘paydi.

Bunday liboslarning ulkan reklama pannolari 2018 yildan boshlab Toshkent ko‘chalarida ham paydo bo‘ldi¸ qator telekanallar hijob modasiga oid muntazam ko‘rsatuvlar taqdim etishga kirishdi.

Toshkent ko‘chalaridagi hijob reklamasi.
Toshkent ko‘chalaridagi hijob reklamasi.

2019 yil sentabriga kelib¸ hukumat hijob modasining davlat¸ xususan¸ dindan ajratilgan ta’lim muassasalari xodimlari¸ shuningdek o‘quvchi qizlar orasida keng tarqay boshlaganidan xavotirga tusha boshladi.

4 sentabr kungi 4437m sonli prezident maxfiy qarorida yozilishicha¸ so‘nggi yillardagi diniy vaziyat tahlili “kundalik hayotda ko‘zga tashlanayotgan noodatiy libos va qiyofa ko‘rinishlari” jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir etuvchi omilga aylanganini ko‘rsatgan”.

Shundan kelib chiqib maxfiy hujjatda O‘zbekistonga xorijdan bunday kiyim-kechak va boshqa diniy belgili mahsulotlarni olib kirishni to‘xtatish¸ mamlakat ichkarisida bunday mahsulot ishlab chiqarayotganlarni boshqa yo‘nalishga burish topshirilgan.

“Yo‘l xaritasi”ning “xorijdan diniy mazmundagi ramz va belgili ashëlarni mamlakatga olib kirish va tarqatish holatlarini bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirish” buyurilgan 34-bandida Bojxona va Soliq qo‘mitasi kabi vakolatli idoralarga xususiy tadbirkorlarni bunday biznesdan qaytarish topshirilgan.

Shu maqsadda quyidagi ishlarni amalga oshirish buyurilgan:

1.Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan ushbu toifadagi ashyolar ro‘yxatini shakllantirish.

2. Ro‘yxat asosida bu toifaga mansub tovar moddiy boyliklar va kiyim-kechaklarni respublika hududiga olib kirishning oldini olish bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan chora-tadbirlarni belgilash.

3.Respublika hududida diniy mazmundagi ramz va belgili ashyolarni ishlab chiqarayotgan¸savdo rastasida sotayotgan xususiy tadbirkorlar bilan tegishli tushuntirish ishlarini olib borish¸ularni boshqa turdagi tovarlar ishlab chiqarish va sotishga yo‘naltirish”.

17 oktabr kuni Ozodlik bog‘langan Chorsu bozori ma’muriyati xodimi¸ ayni kunlarda kiyim-kechak bozoridagi savdogarlar bilan “rejim uchun javobgar xavfsizlik xodimlari” shu masalada gaplashayotganini bildirdi.

Toshkentning Abu Saxiy ulgurji bozoridagi savdogarlardan biri esa¸ bu bozor hududida hijob emas¸ Turkiyadan olib kelingan “uzun modniy ko‘ylaklar” sotilishi¸ ammo hozirda savdosining sustligini aytdi.

16 oktabr kuni Ozodlikka xabar yo‘llagan xonobodliklardan biri¸ Qirg‘iziston orqali diniy liboslar olib kelayotgan furaning "Do‘stlik" chegara-bojxona postidan o‘tkazilmaganini bildirdi. Aytilishicha¸ reeksport qilinayotgan bu mahsulotlar vodiy bozorlaridagi do‘konlarga mo‘ljallangan bo‘lgan. Ozodlik hozircha bu ma’lumotni rasman tasdiqlash imkoniga ega emas.

Ozodlik maxfiy hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi haqida ma’lumot olish maqsadida Bojxona qo‘mitasi bilan ham bog‘landi.

Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi mulozimi¸ “hozircha islomiy kiyimlar importi taqiqlanganidan bexabarligi”¸ bojini to‘lab¸ istagan uslubdagi kiyim-kechakni olib kirish mumkinligini aytdi.

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati esa¸ Ozodlikning diniy ramzli moddiy boyliklar va kiyim-kechaklar aniqlamasi va ro‘yxati bor-yo‘qligi¸ bunday tovarlarning respublika hududiga kirishi “oldini olish" topshirig‘i ijrosi boshlangan-boshlanmaganiga oid savollarini javobsiz qoldirdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG