Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2020, Тошкент вақти: 09:31

MMA bo‘yicha Moskvada o‘tkazilgan "muhojirlar chempionati"da o‘zbekistonliklar yaxshi natija ko‘rsatolmadi (FOTO-VIDEO)


Moskvada mehnat migrantlariga tegishli 30 ga yaqin MMA klublaridan 2-3tasigina o‘zbekistonlik muhojirlarnikidir.

Moskvaning “Lujniki” sport majmuasida muhojirlar o‘rtasida MMA – aralash yakkakurash turi bo‘yicha xalqaro “muhojirlar chempionati” bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan ikki o‘zbek kurashchisi o‘z raqiblariga yutqazib qo‘ydi.

Musobaqalarda asosan tojikistonlik va qirg‘izistonlik kurashchilari ishtirok etdi. Ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda Moskvada mehnat migrantlariga tegishli 30 ga yaqin MMA klublaridan 2-3tasigina o‘zbekistonlik muhojirlarnikidir. Qolgan klublar egalari qirg‘iz va tojik migrantlaridir.​

Aralash yakkakurash - MMA (Mixed martial arts) bo‘yicha Rossiya Migrantlar federatsiyasi tomonidan uyushtirilgan FMR Fighting Championship (FFC) musobaqasi yakshanba, 1 dekabrda bo‘lib o‘tdi.

Migrantlar federatsiyasi kamarlari uchun uchinchi marta o‘tkazilgan bu bellashuvlarda Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Ozarbayjon, Gurjiston, Eron va Afg‘oniston sportchilari qatnashdi.

Turnir g‘oliblaridan biri - "Tank" laqabli Jirg‘albek Chomonov
Turnir g‘oliblaridan biri - "Tank" laqabli Jirg‘albek Chomonov

Gurjiston va Erondan taklif qilingan sportchilarni hisobga olmaganda, “Lujniki” sport markazidagi bu janglarga asosan Moskvadagi sport klublarida mashq qilayotgan mehnat muhojirlari ishtirok etdi.

Shu bois mutaxassislar orasida bu musobaqa “migrantlar qoidasiz janglari” nomini oldi.

“Lujniki"dagi janglarning asosiy qismida tojik va qirg‘iz kurashchilari ishtirok etgani e’tiborga molik. Ma’lumki, bugunga kelib birgina Moskvada mavjud 30 ga yaqin MMA klublaridan 2-3tasigina o‘zbekistonlik muhojirlariga tegishlidir.

Qolgan klublar egalari qirg‘iz va tojik migrantlaridir.

Janglarda asosan Moskvadagi MMA klublari vakillari qatnashdi
Janglarda asosan Moskvadagi MMA klublari vakillari qatnashdi

Muhojirlarni o‘ta xavfli sanalgan “qoidasiz janglarga” nima yetaklab kelayapti: mo‘may daromad olishmi, tanilishmi yoki sportga qiziqishmi?

Ozodlikning bu savollariga javob bergan turnir muxlislari va ishtirokchilari MMA janglarida ishtirok etayotgani sabablarini bunday tushuntirdi. Bildirilgan fikrlardan ba’zilari:

  • - Sportning bu turi bilan bu bosqichda katta daromad topib bo‘lmaydi. Ushbu chempionat kattaroq bosqichga ko‘tarilishga, tanilishga imkon yaratadi. To‘g‘ri, ayrim yigitlarimiz bu kurashni yomon yo‘lda ishlatish uchun o‘rganayotgani ham sir emas. Lekin ular haqiqiy sportchimas.
  • - Shaxsan men yakkakurash bilan kichikligimdan shug‘ullanib kelaman. MMAda o‘z kuchimni sinab ko‘rish uchun keldim. O‘zim qo‘riqchi bo‘lib ishlayman – asosiy daromadim ham o‘shandan.
  • - Men O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘tarish, o‘zbek MMA jangchilarini tanitish istagidaman. Daromad haqidagina o‘ylab bu sportga kelayotgan yoshlar uzoqqa borolmaydi.

O‘zbekiston bayrog‘i ostida asosiy janglarda ishtirok etishi e’lon qilingan 4 nafar kurashchidan oktagonga 2 nafari chiqdi.

Asli qarshilik Bohodir Xolmurodov tojikistonlik Abdusalom Shamsov bilan bo‘lib o‘tgan jangda mag‘lubiyatga uchradi. Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbek jangchisi raqibi undan ancha og‘ir ekaniga e’tibor qaratdi va muxlislari oldida ishonchlarini oqlay olmaganidan afsus bildirdi.

Yana bir o‘zbekistonlik kurashchi - 93 kilo vaznda chiqqan Rahmatullo Sattorov tojikistonlik yana bir malakali sportchi Fayzi Tobatov bilan ringga tushdi. Avvaliga raqibiga bir nechta kuchli zarba berib gangitgan Rahmatullo raqibining qator zarbalarini o‘tkazib yubordi va bellashuv tojik polvoni g‘alabasi bilan yakunladi.

Jangdan keyin Ozodlikka intervyu bergan Rahmatullo Sattorov o‘zining arzimas xatosi tufayli mag‘lub bo‘lganini bildirdi:

- Men oxirgi 5 yil davomida ringga jiddiy janglarda ishtirok etmaganim o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, shekilli. Har holda, yutqazib qo‘yaman deb o‘ylamagandim. Men bu g‘alabamni oilamga, prezidentimga bag‘ishlamoqchi edim. Hechqisi yo‘q – keyingi o‘yinlarga yaxshiroq tayyorlanib kelaman.

U O‘zbekistonda MMA assotsiatsiyasi ochilishini ko‘plab u kabi sportchilar tomonidan olqishlangani va yaqin kelajakda bu uyushma o‘zbek jangchilarining yangi avlodini yetishtirib berishiga ishonishini ma’lum qildi.

Rahmatullo Sattorovga ko‘ra, FFC janglarida haqiqatan asosan Moskvada yashab kelayotgan mehnat muhojirlari ishtirok etdi va musobaqani “migrantlar chempionati” deb atalishi shundan.

Sattorov Moskvaning Otradnoe mavzesida 30-40 kishidan iborat aralash yakkakurashchilar klubini boshqarib kelayotganini va oddiy o‘zbek muhojirlarini professional janglarga tayyorlayotganini ham aytdi.

Muhojirlarning MMA turniri Pamir Fighters va "Akbar" klublari ko‘magida uyushtirildi.

Musobaqa tashkilotchisi Rossiya Migrantlar federatsiyasi raisi Vadim Kojenov Ozodlik bilan suhbatda MMA bo‘yicha uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan bu chempionlikdan ko‘zlanayotgan asosiy maqsadlarga to‘xtaldi:

- Bizning asosiy maqsadimiz – migrantlarimiz orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va Rossiya Migrantlar federatsiyasi tashkilotini ular orasida tanitish. Bizga bu turnirni uyushtirishda 20 dan ziyod diaspora tuzilmalari va elchixonalar ko‘mak berdi.

Aksar janglar tojikistonlik kurashchilarga nasib etdi
Aksar janglar tojikistonlik kurashchilarga nasib etdi

57 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida pomirlik Murid Jonmirzoyev FMR Fighting Championship (FFC) hakamlar qarori bilan musobaqaning mutlaq yangi chempioni kamari sohibiga aylandi.

66 kilogramm vazngacha bo‘lgan dog‘istonlik Qurbon Zaynulobidov gurjistonlik David Mikropuloga qarshi jangda o‘z kamarini saqlab qolishga erishdi.

Ozodlik so‘nggi yillarda Moskvada Qirg‘iziston va Tojikiston mehnat muhojirlari orasida MMA aralash yakkakurash turiga qiziqishning ortib borayotgani ortidan bir qancha milliy kurash klublari ochilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Bundan oldinroq, MMA ustasi Bekzod Nurmatov Checheniston poytaxti Grozniyda 4 oktabr kuni Beslan Isayev bilan o‘tkazilgan jangdan so‘ng vafot etgani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG