Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:29

Eronning yadro dasturi bo‘yicha bitim taqdiri qaltis bo‘lib qoldi


Tehronda Oyatulloh Xomanaiy portreti yoniga o‘rnatilgan Shahab-3 raketasi. 2019, sentabr
Tehronda Oyatulloh Xomanaiy portreti yoniga o‘rnatilgan Shahab-3 raketasi. 2019, sentabr

Eronning yadro dasturiga oid 2015 yili oltita qudratli davlat bilan erishilgan tarixiy bitim cheklovlariga bo‘ysunmaslik haqidagi Tehronning bayonoti bitimning taqdirini xavf ostiga qo‘ydi.

Lekin aksariyat tahlilchilar Tehronning 5 yanvardagi “Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi”dan (JCPOA) chiqish to‘g‘risidagi qarorini hali ham saqlab qolish imkoniyati bor deb hisoblaydi.

Qurol-yarog‘ nazorati uyushmasining yadro qurolini tarqatmaslik masalalari bo‘yicha direktori Kelsi Devenport fikricha, Eronning ushbu bayonoti mamlakatning yadro dasturi bilan bog‘liq tahdidni orttiradi. Lekin uning fikricha, bitimni saqlab qolishning, ozroq bo‘lsa-da, imkoniyati mavjud. Sababi, o‘sha bitimda Eron hukumati iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish hisobiga atomdan foydalanishga oid ziddiyatli faoliyatini tiyib turishga rozi bo‘lgan edi.

‒ Uranni cheklangan darajada boyitish majburiyatini zimmadan soqit qilish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin, ammo ular bu ishni kelajakda bajaradi, ‒ dedi Londondagi Strategik tadqiqotlar instituti tadqiqotchisi Mark Fitspatrik. ‒ Bu JCPOAni saqlab qolish uchun muzokaralar natija berishiga umid uyg‘otadi.

Tehron 3 yanvarda AQSh Eronning harbiy qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyni drondan zarba berib, o‘ldirgandan so‘ng JCPOAdan chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Eronning bitimdan chiqish to‘g‘risidagi so‘nggi bayonoti unga imzo chekkan Yevropa mamlakatlari bilan munosabatlarini taranglashtirdi, chunki Germaniya, Fransiya, Britaniya va Yevropa Ititfoqi uni saqlab qolish uchun tinmay harakat qilayotgan edi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Nayko Maas 6 yanvarda Tehronning bayonoti “ushbu bitimdan chiqish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lishi mumkin”, deb aytdi.

Eronning ushbu masala yuzasidan 5 yanvarda bergan bayonotida bundan buyon uranni boyitish darajasi, to‘plangan boyitilgan uran miqdori yoki atom sohasidagi tadqiqotlar va ishlanmalarga oid cheklovlarga rioya qilinmasligi aytiladi.

“Bugundan boshlab Eronning yadro dasturi faqat o‘zining texnik ehtiyojlaridan kelib chiqib rivojlantiriladi”, deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga Eron hukumati Atom energetikasi xalqaro agentligi (IAEA) bilan yadro dasturini kuzatib borish borasidagi hamkorligi oldingiday davom etishini aytdi.

Xalqaro krizis guruhining (ICG) Eron bilan bog‘liq loyihasi direktori Ali Voizning “Ozodlik” radiosiga bildirishicha, yadro ob’ektlarini ko‘zdan kechirib turishni rad etish hatto Rossiya va Xitoy uchun ham “mutlaqo hatlab o‘tib bo‘lmaydigan qizil chiziq”dir. Ular ham 2015 yildagi bitimga qo‘l qo‘ygan edi.

− Eron o‘zining atom bilan bog‘liq amaliyotlarini IAEA kuzatishini cheklaydigan bo‘lsa, bu uning JCPOA, hatto “Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risida”gi shartnomadan voz kechishga tayyorligini anglatadi, − dedi u.

Mabodo Eron boyitilgan uranni ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaror qilsa, Yevropa mamlakatlari bahslarni hal etish vositasini ishga tushirishi mumkin. Bu 65 kun ichida BMT sanksiyalarini qo‘llashga sabab bo‘ladi.

‒ Yevropa Eronga iqtisodiy muhlat berish bilan bitimni saqlab qolish uchun oxirgi imkoniyatdan foydalanishi kerak, ‒ dedi Voiz.

Eron 2019 yil mayidan boshlab bitimdagi majburiyatlaridan bosqichma-bosqich voz kechib kelmoqda. Bundan maqsad AQSh qo‘llayotgan sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun YI mamlakatlaridan yordam olish uchun ularga bosim o‘tkazishdir.

Tehron 5 yanvarda sanksiyalar bekor qilingan taqdirdagina bitimdagi majburiyatlariga qaytishi mumkinligini bildirdi, ammo Tramp ma’muriyati bunday qilishi dargumon.

6 yanvarda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat idorasi rahbari Jozef Borrell Eronning mazkur bayonotidan “chuqur” taassufda ekanini bildirdi hamda Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifni ayni masalani muhokama qilish uchun Bryusselga taklif qildi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG