Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:13

To‘qqiz viloyatda qizamiq tarqaldi. Eng xavfli vaziyat Qashqadaryoda


O‘zbekistonda 1 yanvardan 24 yanvargacha 828 nafar bola qizamiqqa chalinganlikda gumonlanib kasalxonalarga yotqizildi.

Xorazm viloyatida qizamiq epidemiyasi boshlangani haqida kelgan xabar ortidan Ozodlik gaplashgan Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddisi, hozirda eng qiyin vaziyat Qashqadaryo viloyatida yuzaga kelganini bildirdi.

Xorazm viloyatida qizamiqning yuzaga kelishiga ham¸ rasmiy ta’kidicha¸ Qashqadaryo viloyatidan davolanish uchun borgan bemorlar sabab bo‘lgan.

Xorazmdan vahimali xabar: Qizamiqdan o‘lganlar bor!

23 yanvar kuni Ozodlikka xabar jo‘natgan xorazmliklardan biri Toshkent, Samarqand va Qashqadaryoda tarqalgan qizamiq Xorazmga ham yetib kelganidan tashvish bildirdi.

"Xorazm viloyati bo‘ylab qizamiq tarqaldi. Kasalxonalar yosh go‘daklarga to‘lib ketdi. Bemorlarni qabul qilishga joy yo‘q. Qizamiq katta yoshdagilarga ham yuqayapti, kasallik og‘ir kechayapti. Hatto o‘lim holatlari borligi ham aytilayapti. Ayrim xonadonlarda beshtagacha bola qizamiqqa chalingan. Sog‘liqni saqlash vazirligidan mutaxassislar va kerakli tibbiy texnik vositalarni Xorazmga jo‘natishni va epidemiyani to‘xtatishni talab qilamiz", deyiladi xabarda.

Mazkur xabar ortidan Ozodlik Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan bog‘landi. Agentlik mutassaddisi Xorazmda qizamiq tarqaganini tasdiqladi.

"Biroq o‘lim holatlari bo‘lgan emas, bu gap yolg‘on. Samarqandda ham bir bola qizamiqdan o‘ldi, degan vahimalar tarqalgan edi. Tekshiruv natijasida bu gap ham tasdiqlanmadi", dedi mutasaddi.

"Vrachlar qizamiqqa to‘g‘ri diagnoz qo‘ya olmayotganidan kasallik yoyilmoqda "

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mutasaddisi Ozodlik bilan suhbatda qizamiq epidemiyasining viloyatlar kesimidagi ko‘rsatkichini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 357, Toshkent shahrida 220, Samarqand viloyatida 89, Sirdaryo viloyatida 49, Jizzax viloyatida 34, Toshkent viloyatida 33, Xorazm viloyatida 19, Surxondaryo viloyatida 15, Navoiy viloyatida 12 nafar bola qizamiqda gumonlanib kasalxonaga yotqizilgan.

“Qashqadaryodagi vaziyatni yaxshi emas, deb ayta olamiz. Bunga vrachlarning to‘g‘ri diagnoz qo‘ya olmayotgani ham sabab bo‘layapti. Qizamiqning birinchi simptomi - isitma chiqishi bilan ota-onalar bolalarini shifokorga olib keladi, lekin tashxis to‘g‘ri qo‘yilmasdan, dastlab bemor bola oddiy bo‘limga yotqiziladi. Keyin tashxisi aniq bo‘lganidan keyin infeksiyaviy kasalliklar shifoxonasiga ko‘chiriladi. Mana shu jarayonda boshqa bolalarga ham qizamiq yuqib qolayapti”, -dedi mutasaddi.

Rasmiyning bildirishicha, qizamiq muammosi Sog‘liqni saqlash vazirligida muhokama qilingan va barcha kasalxonalarga bemor bolada qizamiqning bittagina simptomi aniqlangan taqdirda ham zudlikda tegishli choralar ko‘rilib, bemorni izolyatsiya qilgan holda kasalxonaga yotqizishga ko‘rsatma berilgan.

“Hozir qizamiqqa chalinganlarning eng asosiy qismi 1 yoshgacha bo‘lgan va faqat bir marta emlangan bolalardir. Qizamiqqa ikkinchi emlash olti yoshda amalga oshiriladi. Shuning uchun olti yoshdan oshganlar o‘rtasida qizamiqqa chalinganlar juda kam”, - dedi mutasaddi.

"Qizamiq epidemiyasiga qarshi emlash jarayoni haligacha boshlangani yo‘q"

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining Samarqanddagi boshqarmasi xodimlaridan biri qizamiqning keng tarqalib borayotganiga emlash ishlari sust olib borilayotganini sabab qilib keltirdi.

“9-10 yanvardan qizamiqqa qarshi ommaviy emalash jarayoni boshlanishi kerak edi. Biroq shu kungacha Samarqandda bu ish boshlanmadi. Vaksina chet eldan olib kelinadi. Hozir bizda yo‘q ekan”, - dedi bu manba.

Agentlikning Toshkentdagi markaziy apparati xodimi bu ma’lumotni tasdiqlamadi:

“Hozir bizda emlashni boshlashga yetadigan darajada zahira bor. Viloyatlarga baholi qudrat bo‘lishtirib berganmiz. Ayni paytda chet eldan yana ommaviy vaksinatsiya uchun 640 mingta vaksina olib keldik. Hozir bu vaksinalar bojxonada rasmiylashtirilmoqda. Yaqin kunlarda ularni ham viloyatlarga tarqatamiz”, - dedi rasmiy.

Ayni paytda¸ Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki yil oldin qizamiqdan xoli mamlakat deb topilgan O‘zbekistonda qizamiqning qayta yoyilayotgani haqida hozircha aholini ochiq ogohlantirganicha yo‘q.

Qizamiq bo‘yicha vaziyatni nazoratga olishga ko‘rsatma berilgan

Ozodlik radiosi 9 yanvar kuni O‘zbekistonda qizamiq epidemiyasi paydo bo‘lgani haqida lavha e’lon qilgan edi.

Lavhada O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya inspektori Bahrom Almatov 9 yanvar kuni o‘tkazgan videoselektorda keltirilgan raqamlarga ko‘ra¸ 2019 yildan to 9 yanvarga qadar mamlakat bo‘yicha 4127 ta qizamiq holati rasman qayd etilgan.

Qizamiq bo‘yicha vaziyatni tezda nazoratga olish uchun videoselektor yig‘ilishida vaziyat og‘ir bo‘lgan viloyat va tumanlarga Toshkentdan maxsus mutaxassislar guruhi yuborilishi aytilgan edi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2017 yili O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakatlar ro‘yxatiga kiritgan edi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ mamlakatda 2017 yilga kelib qizamiqqa qarshi emlash darajasi birinchi vaksinatsiyada 99,5 foiz, takroriy vaksinatsiya esa 99,7 foizni tashkil etgan.

Ammo 2019 yil avgust oyida mamlakat¸ xususan¸ Samarqandda qizamiq tarqagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi va bu xabarni tasdiqlagan Sog‘liqni saqlash vazirligi bunga qizamiqqa qarshi emlanmagan chet el fuqarolari sabab bo‘lganini iddao qildi.

9 yanvar kungi yig‘ilishda¸ qizamiq epidemiyasining qayta boshlanishiga¸ joylardan berilgan statistikaning soxta ekani¸ emlangan bolalarni ham emlandi deb hisobot berishlar sabab bo‘lgani ham tilga olindi.

40 darajagacha boruvchi temperatura qo‘zg‘aydigan qizamiq virusi pnevmoniya, miya shikastlanishi, ko‘rlik va karlikni keltirib chiqarishi¸ ayrim holatlarda esa o‘lim bilan tugashi mumkin.

XS
SM
MD
LG