Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:54

Hujjat: Internetdagi diniy axborot xurujlariga qarshi tezkor chora ko‘rish taklif qilindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Prezident ma’muriyatiga Bosh prokuror nomidan jo‘natilgan xatning Ozodlikka kelib tushgan nusxasida "UZ" domenida "nosog‘lom fikr"larga tayanilgan diniy materiallar ko‘payganidan xavotir bildirilgani ma’lum bo‘ldi.

Xatda diniy materiallarni tarqatib kelayotgan mustaqil veb-resurslar nomi tilga olingan va ularni o‘qiyotganlar soni so‘nggi ikki yilda kunlik 35 mingdan 66,5 ming nafarga oshgani aytilgan.

Prokuratura bunday materiallarga qarshi tezkor chora ko‘rish mexanizmini ishlab chiqishni taklif qilgan.

Hujjat

27 yanvar kuni Ozodlikka kelib tushgan 3 varaqli rasmiy xat unvonidan uning joriy yil 2 yanvarida yozilganini, xatni Bosh prokuror N.T.Yo‘ldoshev imzolaganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik e’lon qilayotgan xat nusxasi suratida uning qayd raqami, imzo hamda adresatga oid ma’lumotlar manbalar xavfsizligini ko‘zlab oshkor qilinmayotir.

Ozodlik bu xatning asl nusxasini ko‘rgani yo‘q.

Ammo hujjatda tilga olingan ma’lumotlar Internetda mavjudligiga va xatning mazmuni muqaddam kelgan ayrim boshqa hujjatlarning mantiqiy davomi ekaniga Ozodlik amin bo‘ldi.

"UZ" domeniga oid raqamlar

Hujjatda 2018-2019 yillar davomida "UZ" domenida diniy materiallarni chop etib kelayotgan mustaqil resurslar tahlili bayon qilingan:

- So‘nggi 2 yilda Internetdagi axborot nashlaridan foydalanuvchilar soni 20 millionga yetgan.

- Diniy materiallar tarqatuvchi mustaqil saytlarga kiruvchilar kunlik soni esa 35 ming nafardan 66,5 ming kishiga oshgan. Aytilishicha, bu ko‘rsatkich O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy saytiga kiruvchilar soniga nisbatan besh baravarni tashkil etadi.

Diniy "nosog‘lom fikrlar"

Xatda mustaqil Internet resurslarida chop etilayotgan materiallar diniy ekspertizadan o‘tkazilmayotgani alohida qayd etilgan.

"Mazkur manbalarda jamiyatni islomlashtirish, islomiy hayot tarzi va kiyinishga o‘tish, bolalarga majburiy islomiy ta’lim berish, musiqa to‘garaklarini taqiqlash, shariat qoidalarini rasmiy qonunlardan ustun qo‘yish kabi nosog‘lom fikrlarni (ta’kid xat muallifiniki) ilgari surish hollari ham kuzatilmoqda", deyiladi hujjatda.

Nosog‘lom fikrlar haqida gap ketarkan, alohida saytlar va ularda chop etilgan maqolalarning nomlari keltirilgan. Ozodlik bu saytlardan ba’zilarini ko‘zdan kechirdi va nomi tilga olingan maqolalar hanuz osig‘liq turganiga guvoh bo‘ldi.

Ushbu maqolalarda hukumat qarorlari muhokama qilingan va ularning ayrimlari shariat qonunlariga zid ekani haqida xulosa berilgan.

"Manfaatdor bo‘lmagan" bloger yoki sayt egasi

Hujjatda "Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallar sayt egasi yoki bloger tomonidan o‘chirib tashlanishi shartligi ta’kidlangan.

Ammo aytilishicha, aksar bloger va sayt egalarida maxsus bilim yo‘q, shu bois, taqiqlangan g‘oyalarni "aniqlash imkoniga ega emas (yoki manfaatdor emas) (ta’kid muallifniki)".

Shuningdek, prokuror taqiqlangan diniy-ekstremistik saytlarga VPN, PROXY dasturlari orqali kirish mumkinligidan ham xavotir izhor qilgan.

Hujjatda ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilikka binoan, bosma va poligrafiya nashrlaridagi materiallar chop etilishidan ekspert ko‘rigidan o‘tadi, ammo Internetdagi ma’lumotlarning chop etilganidan keyin ekspertiza qilinishi - muammodir.

Bundan tashqari, Internetda chop etilayotgan ma’lumotlarni e’lon qilish masalasi huquqiy tartibga solinmagani, shuningdek, "targ‘ib qilish" tushunchasi aniq yoritib berilmagani alohida ta’kidlangan.

Xat muallifi taklifi:

Bosh prokuror Prezident ma’muriyatiga yozgan xatida Vazirlar Mahkamasiga maxsus Ishchi guruhi tuzishni va bu guruhga 1 oy ichida quyidagi choralarni ko‘rishni taklif qilganini bildirgan:

- Internetdagi "diniy axborot xurujlariga tezkorlik bilan ta’sirchan chora ko‘rishning samarali mexanizmini yaratish,

- qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish,

- taqiqlangan saytlarga erkin kirish yo‘llarini tamomila yopishni mukammallashtirish chorasini ishlab chiqish.

Ekspert fikri:

Xavfsizlik tizimlarida Internetdagi diniy-ekstremistik kontent tahlili bo‘yicha ekspert Ozodlikka taqdim qilingan hujjatdagi taklifni juda dolzarb, deb baholadi.

Ekspert shaxsiga doir ma’lumotlar sir qolishini so‘radi.

Ekspert hozirgi kunda Internetdagi o‘zbek tilida so‘zlashuvchi tarmoqlarda berilayotgan diniy mazmundagi ayrim materiallarni "odamlar ongiga tajovuz" deb baholadi.

"Birgina misol: "Internet imom" degan atama tarqalgan hozir. Kameraning qarshisiga soqolni qo‘yib o‘tirib olgan imom, gapirayotgan gaplari johillikdan boshqa narsa emas. Umuman, tarmoqdagi tendensiya - faqat islomiy hayot tarzi bilan yashashni targ‘ib qilish, hatto bolalarga faqat diniy ta’lim berish va tarkidunyochilik qilishga targ‘ibot kuchayyapti. Nafaqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyo bo‘yicha bor bu holat. Davlatlar bu holatga albatta chora ko‘rishi kerak, ammo qanday - buning mexanizmi qanday bo‘ladi - bu juda murakkab, bir necha qavatli murakkab masala. Ammo, bu hal qilinishi juda zarur bo‘lgan masala", deydi ekspert.

Maxfiy hujjatlar

Ozodlikka bunga qadar ham Internet tarmog‘idagi diniy kontentni nazoratga olish mexanizmini ishlab chiqishga oid hujjatlar sizdirilgan edi.

Prezident imzosi uchun hozirlangan PQ-4437m deb raqamlangan maxfiy qaror va O‘zbekistonda yig‘ilishlar, mitinglar yoki Internet orqali ommaviy namoyishga chaqiriq uchun jazoni kuchaytirish haqidagi hujjat loyihasi shular jumlasidandir.

Har ikki hujjatda Internet tarmog‘idagi mustaqil saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi nafaqat diniy ekstremistik materiallar, balki davlat tuzumiga tajovuz qiluvchi va jamoat xavfsizligi uchun tahdid soluvchi, deb topilgan ijtimoiy-siyosiy mazmundagi materiallar, chaqiriqlar ustidan nazoratni kuchaytirish, buning uchun esa jinoiy javobgarlikni joriy qilish haqida gap boradi.

Xavotir

2016 yilning noyabrida qarorgohi Vashingtonda joylashgan Freedom House tashkiloti Internet erkinligi bo‘yicha yangi hisobotni e’lon qilgan va unda O‘zbekiston Internet erkin bo‘lmagan mamlakatlar sirasiga kiritildi.

Hisobotda o‘zbekistonliklar uchun fikrni onlayn tarzda erkin bildirish uchun biroz imkon paydo bo‘lgani, ammo Internet tarmog‘i umumiyatla qattiq nazorat ostida qolayotgani ta’kidlandi.

Xalqaro tashkilotlar xavotiricha, hukumat radikal ekstremistik kontentni cheklash bahonasida o‘z fuqarolarining Internet tarmog‘ida fikrini erkin ifoda qilish huquqini ham cheklab kelmoqda.

Ekspert fikri:

Xavfsizlik tizimlarida Internetdagi diniy-ekstremistik kontent tahlili bo‘yicha ekspert hozir hukumatlar asosiy e’tiborni tarmoqlardagi mamlakat xavfsizligi uchun haqiqatda xavfli bo‘lgan kontentga qaratishi lozim, deb ta’kilaydi.

Uning fikricha, Internetni to‘sish bilan xavfli kontentni to‘xtatib bo‘lmaydi.

"Hozir ijtimoiy tarmoqlarni to‘sish - yog‘ayotgan yomg‘irni to‘sishday gap - ya’ni qariyb imkonsiz. Shaxsan men, buning biror mukammal mexanizmi borligini bilmayman. Lekin, tarmoqda e’lon qilingan materiallar uchun jazoni kuchaytirish - bu hukumatlar uchun eng sinalgan yo‘l. Faqat, bunda hukumat birovdan kelgan kontentni o‘qimasdan-bilmasdan tarqatvorganni ham jinoiy javobgarlikka tortvoradimi yoki to‘g‘ri jazo beradimi - bu ham alohida masala".

XS
SM
MD
LG