Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2020, Тошкент вақти: 18:48

Xitoydan qaytgan yana bir talaba isitma bilan shifoxonaga yotqizildi


Illyustrativ surat.

Navoiy viloyat, Xatirchi tumanida to‘rt kun avval Xitoydan qaytib kelgan talaba yigit 2 fevral kuni kuchli isitma bilan tuman shifoxonasiga yotqizildi. Talabaning tanishlari u Xitoyda koronavirusni yuqtirib qaytgan bo‘lishidan xavotirda.

Xatirchi tuman Tibbiyot birlashmasi vrachi 3 fevral kuni Ozodlikka Xitoydan kelgan 24 yoshli yigit isitma belgilari bilan kasalxonaga yotqizilgani, lekin unda koronavirus aniqlanmaganini aytdi.​

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida tuzilgan koronavirusga qarshi markaziy shtabning mas’ul xodimi Nuriddin Toshboyevning Ozodlikka aytishicha, 3 fevralgacha bo‘lgan xolatga ko‘ra, mamlakatda koronavirus qayd etilmagan.

Mutaxassislar koronavirus infeksiyasi havo-tomchi yo‘li bilan insondan insonga yuqishi, kasallikni klinik belgilari 14 kungacha yashirin kechishi xotirjam bo‘lishga izn bermasligiga e’tibor qaratishadi. ​

Xatirchi tuman Tibbiyot birlashmasining Ozodlik suhbatlashgan shifokorlaridan biri Xitoydan qaytib kelgan 24 yoshli yigit isitma bilan murojaat qilganini aytdi.

- 38 temperatura bilan keldi. Tahlil uchun qon olindi, laboratoriya analizlari qilindi. To‘la ishonch bilan aytamiz, koronavirus yo‘q unda, - dedi birlashma vrachi.

Shunga qaramay bemor alohida palataga olingan, shifokorlar uning kamida ikki hafta shifoxonada qolishini yaqinlariga aytishgan.

Talaba bilan muloqotda bo‘lgan tanishlari esa u Xitoyda koronavirusni yuqtirib qaytgan bo‘lishidan xavotirda ekanliklarini aytishmoqda.

- U bola kim bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lsa hammani tekshiruvdan o‘tkazish kerak. Xatarli virus tarqalgan Xitoydan isitma bilan qaytadiyu, bizga xavotir olmanglar, deyishyapti, lekin ishonmayapmiz-da. Bizda bilasizku kasalni doim yashirishadi, - dedi Xitoydan qaytib kelgan talabaning tanishi.

Bu so‘nggi uch kun ichida Xitoydan qaytgan talabalardan ikkinchisining kasalxonaga yotqizilishi bilan bog‘liq Ozodlik o‘rgangan ikkinchi holatdir.

1 fevral kuni Ozodlik Andijon shahrida Xitoydan kelgan o‘zbekistonlik talaba isitma bilan kasalxonaga yotqizilgani haqda xabar bergandi.

30 yanvar kuni Xitoydan kelgan talaba Toshkent aeroportida hech kim uni tekshiruvdan o‘tkazmaganini shifokorlarga aytgan.

Shundan so‘ng bemor shifoxonaning 2-bo‘limidagi alohida palataga olingan, barcha shifokorlarga maska taqish buyurilgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, shu yilning 31 yanvarida Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan uchib kelgan jami 4194 nafar, temir yo'llari orqali esa 953 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan.

Agentlikning virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olingan. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida namunalar orasida koronavirus kasalligining virusi topilmagan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida tuzilgan koronavirusga qarshi markaziy shtabning mas’ul xodimi Nuriddin Toshboyev 3 fevralgacha bo‘lgan holatga ko‘ra, mamlakatda koronavirus qayd etilmaganini aytdi.

- Markaziy shtabda O‘zbekistonning barcha hududlaridan ma’lumot olinib, har kunlik hisobot tahlil qilinib turilibdi. Bugungi kungacha, ya’ni 3 fevralgacha O‘zbekiston Respubliksida koronavirus qayd etlmadi. Siz aytgan ikkita holat bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, qishki mavsumda o‘tkir respirator kasalliklar, shamollash, gripp bo‘lib turadi. Bu holatlar bo‘yicha har bir fuqaro murojaat qilish huquqiga ega. Bundan tashqari laboratoriyalarimizda koronavirusni aniqlashda zarur bo‘ladigan reaktivlar va apparaturalar bor. Kasallikni vaqtida aniqlash imkoniyatiga egamiz, - dedi Nuriddin Toshboyev.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:52 0:00
Бевосита линк


Xitoyda hayot uchun xatarli virus tarqalganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytgan talabalar Toshkent aeroportida nazorat yo‘qligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozib chiqishgan edi.

Koronavirusga qarshi markaziy shtab mas’ul xodimi Nuriddin Toshboyev bu iddaolarni rad qildi:

- O‘zbekistonga kirayotgan har bir fuqaro teplovizordan o‘tkazilyapti. Har biri bilan sog‘lig‘i bo‘yicha gaplashilganidan keyin respublikaga kiritilyapti. Bundan tashqari Xitoydan kelgan har bir fuqaro joylardagi bo‘limlarimizda ko‘rikdan o‘tkazilib turilibdi, 14 kungacha muntazam tekshiriladi. Biror bir holat kuzatilsa diagnostika va davolash choralari ko‘riladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, dekabrning oxirida Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan koronavirus qurbonlari soni 3 fevral kuni 360 nafardan oshgan, kasallik 17 mingdan ortiq odamda aniqlangan.

Ayni paytda kasallik AQSh, Yevropa davlatlari va Osiyoning bir qator mamlakatlarida ham qayd etildi.

O‘zbekiston koronavirus tarqalishi sababli 1 fevraldan Xitoy bilan aviaqatnovni vaqtincha to‘xtatdi.

Bundan avval O‘zbekiston Davlat turizm qo‘mitasi turoperatorlarga Xitoyga turlarni sotishni to‘xtatib turishni tavsiya qilgandi.

Ayni paytda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi kelasi ikki kun ichida Xitoydagi fuqarolarini ortga qaytarishga kirishishi, Pekindan charter reyslarini yo‘lga qo‘yishini, Xitoy tomoni bilan charter reyslar tashkillashtirish masalasi ustida ish ketayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning koronavirus tarqalgan murakkab epidemik vaziyat hukm surayotgan hududida 81 nafar o‘zbekistonlik talaba mavjud,

Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti xavfli virus sabab favqulodda holat rejimini e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG