Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:34

Toshkentlik ayol rossiyalik tadbirkor uyidan $50 ming solingan 50 kiloli seyfni o‘g‘irlaganlikda ayblanmoqda (VIDEO)


Rossiyalik tadbirkor da’vosicha¸ o‘g‘irlab ketilgan seyfda bankdan kreditga olingan 50 ming dollarcha pul bo‘lgan.
Rossiyalik tadbirkor da’vosicha¸ o‘g‘irlab ketilgan seyfda bankdan kreditga olingan 50 ming dollarcha pul bo‘lgan.

Peterburg politsiyasi 67 yashar rossiyalik tadbirkorning uyidan 3 million rubldan ko‘proq naqd pul solingan 50 kiloli seyfni olib chiqib ketganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik ayolni hibsga oldi.

Aytilishicha¸ 33 yashar toshkentlik ayol (ismi- sharifi aybsizlik prezumpsiyasi bois e’lon qilinmayotir - tahr.) jabrlanuvchi bilan internetdagi tanishuv saytlaridan biri orqali topishgan va u bilan birmuncha vaqt birga yashagan.

Politsiya ayolning pul solingan seyfni ko‘tarib ketayotgan aks etgan videoni ham jamoatchilikka e’lon qildi.

10 fevral kuni Sankt-Peterburgning Primorskiy tumani politsiya bo‘linmalaridan biriga 67 yashar rossiyalik tadbirkor Aleksey murojaat qilib, uyidan 3 million rubldan ko‘proq pul saqlangan seyf g‘oyib bo‘lganini xabar qiladi.

U politsiya xodimlariga o‘tgan yil dekabrida internetdagi saytlardan birida o‘zini Mayya deb tanishtirgan osiyolik ayol bilan tanishib qolgani va u bilan birga yashay boshlaganini aytadi.

Yanvar oxirida xizmat safariga ketganini aytgan erkak iddaosicha¸ fevralning birinchi haftasida uyiga qaytganida¸ uy kalitini berib ketgan ma’shuqasi seyf bilan birga g‘oyib bo‘lgan.

Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha Ichki ishlar Bosh boshqarmasi matbuot xizmati rasmiysining Ozodlikka aytishicha¸ ariza kelib tushganidan bir kun o‘tar-o‘tmas jinoyatda gumonlanayotgan ayol Pskov viloyatida qo‘lga olingan.

- Shu yilning 24 yanvarida ertalab ma’shuqa ayol bu erkakning Savushkina ko‘chasidagi kvartirasida yashab turgan paytda, 3 million rubldan ko‘proq puli bor metall qutini o‘marib ketadi. Bu pullarni erkak kishi mayda biznes ochish uchun kreditga olgan. Qo‘lga olingan ayolning 33 yashar O‘zbekiston vatandoshi ekani, o‘tgan yilning o‘rtalaridan beri Rossiyada qaydda turmasdan yashab kelayotgani aniqlandi, dedi matbuot xizmati rahbari Vyacheslav Stepchenko.

Tergov materiallarida qayd etilishicha, toshkentlik bu ayol o‘tgan yil boshlarida Leningrad viloyatining Vsevolojsk tumani Bugri qo‘rg‘oniga ish izlab kelgan.

Mayya jabrlanuvchini tanishuv saytlaridan birida topgan.
Mayya jabrlanuvchini tanishuv saytlaridan birida topgan.

Tanishuv saytlaridan birida profil ochgan ayol keksa biznesmen Alekseyga o‘zini Mayya deb tanishtiradi.

Aleksey¸ uyida tunay boshlagan bu ayolga yangi biznes ochishni rejalashtirayotgani va buning uchun bankdan 50 ming dollarga yaqin qarz olganini aytadi.

Tadbirkor iddaosicha¸ 24 yanvar kuni Alekseyning uyida yo‘qligidan foydalanib, aynan Mayya pul solingan seyfni ko‘tarib ketgan. Peterburg politsiyasi o‘zbekistonlik muhojir ayolning seyfni choyshabga o‘rab, ko‘chada Alekseyning qo‘shnilari ko‘z o‘ngida sudrab ketayotgani va mashinaga solib olib ketayotgani videosini e’lon qildi.

Politsiya xodimlari ayolning 50 kiloli seyfni qanday ochgani hozircha noma’lumligini bildirdi.

- Gumonlanuvchi ayol poyezdda Moskvaga ketayotganida qo‘lga olindi. U Moskvadan O‘zbekistonga jo‘nab ketishga hozirlanib turgan ekan. Ayol bu orada pullarning bir qismini ishlatishga ulgurgan, yana bir qismini esa¸ O‘zbekistonga yaqinlariga jo‘natgan, dedi politsiya rasmiysi.

Sankt-Peterburg Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘zbekistonlik ayolga nisbatan Rossiya Jinoyat Kodeksining 158 moddasi¸ 4 qismi – “O‘ta katta miqdorda o‘g‘rilik” asosida jinoyat ishi ochildi.

Sud qarori bilan tergov yakuniga qadar hibsga olingan toshkentlik ayol aybi mahkamada o‘z isbotini topsa¸ u 10 yilgacha qamoqqa hukm etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG