Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 23:18

Mulozimlarni suvga pishgan hokim tuman hokimiga tanbeh berdi. Tuman hokimi so‘kinganini tan oldi


Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.
Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.

Ish faoliyatimizning ko‘p qismi hokimlar va rahbarlarni tartibga chaqirish bilan o‘tib ketyapti. Mirishkorning zo‘ravon hokimi o‘z hatti-harakati bilan viloyat nomiga dog‘ tushirdi.

Bu gapni Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev 3 martda viloyat hokimligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda aytgani to‘g‘risida "Xalq so‘zi" xabar qildi.

Yig‘ilishda dastlab kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabovning audiosi va Yakkabog‘ tumanidagi fermer ishchilari o‘rtasida nizolar muhokama etilgan

"Biror bir hokimdan yaxshi tashabbus ko‘rmaymiz, odamlarning turmush-tarzini yaxshilash maqsadida ular taklif ham bermaydi. Afsuski, zamon o‘zgarayotganini siz rahbarlar sezmayapsizlar”, - degan viloyat hokimi.

Xabar qilinishicha, yig‘ilishda viloyat hokimi Mirishkor tuman hokimi Baxtiyor Rajabovning xatti-harakati Reglament va odob komissiyasi va deputatlar ishtirokida muhokama etilishi lozimligini ham aytib o‘tgan.

Baxtiyor Rajabovning ovozi yozilgan audio Ozodlikda bor, lekin 2,5 daqiqali audioni e’lon qilish imkonsiz - uyat so‘zlar o‘chirilsa, deyarli hech narsa qolmaydi.

Mirishkor tuman hokimi Baxtiyor Rajabov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ovoz unga tegishli ekanligini tan oldi va mazkur qilmishini mahalla raisining bepisand muomalasi bilan izohladi. Bu haqda daryo.uz sayti xabar qildi.

— Mahalla raislaridan biri berilgan topshiriqni bajarmagani yetmagandek, bu holatga izoh so‘raganimda nopisand javob berdi. Qolaversa, charchoq holatida bo‘lganim uchun o‘zimni boshqarolmay so‘kib qo‘yibman, — degan Baxtiyor Rajabov daryo.uz sayti muxbiri bilan suhbatda, — Men soliq tushumlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjetga tushishini, bizlarning oyligimiz ham shu pul hisobidan to‘lanishini tushuntirdim.

Baxtiyor Rajabovning aytishicha, mazkur voqea 28 fevral, juma kuni, bo‘lib o‘tgan yig‘ilish so‘ngida sodir bo‘lgan. Bu paytda voqea joyida tuman soliq inspeksiyasi rahbari, moliya boshlig‘i bo‘lgan. Yig‘ilish esa byudjet tushumlariga bag‘ishlangan.

O‘sha kungi yig‘ilishda ishtirok etgan mahalla raislaridan birining ma’lumot berishicha, hokim yig‘ilishda 5-6 nafar mahalla raisini urgan. Hokimdan kaltak yegan mahalla raislari orasida deputat ham bo‘lgan.

Mirishkor hokimi «Daryo» muxbirining audioyozuvda kimnidir urayotgani eshitilgani, kimga qo‘l ko‘targani haqidagi savoliga javob berar ekan, mazkur ovoz montaj qilib qo‘shilganini aytgan.

— Yig‘ilishda so‘kinganim rost, ammo hech kimga qo‘l ko‘tarmadim, — deydi hokim. — Kimgadir qo‘l ko‘tarilgani aks etgan ovoz montaj qilib qo‘shilgan.

Mirishkor tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Shuhrat Xo‘jayev ham voqea sodir bo‘lgan payt voqea joyida bo‘lganini aytib, hokimning mahalla raislariga qo‘l ko‘targanini rad etmoqda.

— O‘sha kuni voqea joyida men ham bor edim, hokim hech kimga qo‘l ko‘tarmadi, — deydi Shuhrat Xo‘jayev. — Qolaversa, hokimning haqoratli so‘zlari barchaga emas, bir kishiga qaratilgandi.

"Mirishkor hokimi va matbuot kotibi haqoratli so‘zlar aynan bir kishiga qaratilganini aytsa-da, uning kim ekanligini eslolmadi", deb yozdi daryo.uz.

Baxtiyor Rajabov Mirishkor tumanida ish boshlaganiga qariyb to‘rt oy bo‘lgandi. Bunga qadar u viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Baxtiyor Rajabovdan avval tumanga rahbarlik qilgan Ravshan Komilov nevaralari bilan begona daladan dumbul tergan kishini haqoratlagandi. Sobiq hokim kishini o‘g‘rilikda ayblayotgani aks etgan videoyozuv keyinchalik tarqalgan.

Mulozimlarni suvga tushirib tahqirlagan sobiq bosh vazir muovini Zoyir Mirzayev 2019 yilning oktabrida ​Qashqadaryo viloyati hokimi etib tayinlangan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG