Линклар

Шошилинч хабар
10 июл 2020, Тошкент вақти: 19:24

Prezidentdan advokat faoliyati ustidan prokuratura nazoratini kuchaytiruvchi qonunni imzolamaslik so‘ralmoqda


Advokatlar adolat tarozisining prokuror pallasiga qonunga xilof ravishda tosh qo‘yilayotganini aytmoqda.

24 mart kuni Oliy Majlis Senati ma’qullagan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangi o‘zgartishlar advokatlarning keskin noroziligiga sabab bo‘lmoqda

Toshkentdagi “Huquqshunos minbari” advokatlik firmasi rahbari Musabek Turdiboyev Ozodlik bilan suhbatda bu o‘zgartishlarni O‘zbekistonda odil sudlov tizimi yaratish urinishi boshlangan bir paytda"aqlga sig‘mas ish" deb atadi.

O‘zbekiston Advokatlar palatasi Alim Ernazarov esa¸ prezidentning bu qonun loyihasiga qo‘l qo‘ymasligiga umid qilayotganini bildirdi.

Toshkent shahar Mirobod tumanidagi “Huquqshunos minbari” advokatlik firmasi rahbari Musabek Turdiboyev Ozodlik bilan suhbatda, qonunga kiritish ko‘zda tutilayotgan yangi o‘zgartishlar, advokatlik institutini yanada zaiflashtirishidan xavotir bildirdi:

Senatorlarning kechagi ishi ikki qadam ortga qaytish bo‘ldi.


- Hatto inson huquqlari toptalgan Karimov davrida ham advokatlar daxlsizligi haqida, mukammal bo‘lmasada, Qonun qabul qilinib, inson huquqlari himoyasi bo‘yicha oldinga bir qadam tashlangan edi. Senatorlarning kechagi ishi esa ikki qadam ortga qaytish bo‘ldi. Advokatlar daxlsizligini cheklash va unga raxna solish jamiyatning rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi.

Senat tasdiqlagan yangi o‘zgartishlar¸ 1998 yilgi qonunga prokuror sanksiyasi bilan advokatlarning telefon so‘zlashuvlari eshitilishiga ruxsat berishdan tashqari advokatlarning boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiradigan so‘zlashuvlari, xabar va ma’lumot uzatilishini ham kuzatish vakolatini berishni ko‘zda tutadi.

Advokatura prokurorga qul emas¸ yoki unga bo‘ysunuvchi tashkilot emas.


- Advokatura prokurorga qul emas¸ yoki unga bo‘ysunuvchi tashkilot emas. Advokatura bu alohida institut. Prokuror sizga bildirmay¸ sizning mijoz bilan bo‘lgan barcha suhbatlaringizni eshitsa, yozishmalaringizni o‘qisa, ya’ni siz mijozni himoya qilish uchun qanday taktika qo‘llayotganingizni bilib tursa, bu qanday adolat bo‘ladi? deydi 72 yashar Musabek Turdiboyev.

Keksa advokat ham¸ Ozodlikka qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikrini bildirgan hamkasblari kabi¸ prokuror vakolati kuchli bo‘lib qolayotgan O‘zbekistonda bu o‘zgartishlarni qonunga kiritish¸ odil sudlov tizimidagi muvozanat tushunchasini yo‘qqa chiqarishini ta’kidlaydi:

Ichingizdagi bir xoin barcha sirlaringizni narigi tomonga sotib qo‘yayotganday.

- Masalan, advokat sudda unga muhim bo‘lgan bir guvohning ko‘rsatmasini u bilan yozishib oldi, uni sudda guvohlik berishga ko‘ndirdi, buni esa sizga raqib bo‘lgan prokuror bilib turgan bo‘lsa, u o‘sha guvohni ko‘rsatmasini yo‘qqa chiqarish uchun boshqa tadbirlarni qo‘llaydi. Ya’ni, xuddi sizning ichingizdagi bir xoin barcha sirlaringizni narigi tomonga sotib qo‘yayotganday, tushuntiroldimmi? Bunda qanday qilib tomonlar tengligi, advokat siri yoki odil sudlov haqida gap bo‘lishi mumkin?

Oliy Majlis Senati tomonidan 24 mart kuni ma’qullanib “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangi o‘zgartishlar prezident Shavkat Mirziyoyev imzolaganidan so‘ng kuchga kiradi

Bu o‘zgartishlar Senat tasdig‘idan o‘tishi bilan aksar advokatlar¸ xususan¸ O‘zbekiston Advokatlar palatasi raisi Alim Ernazarovning keskin noroziligiga uchradi.

Palata rasmiy saytida 24 mart kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotda Ernazarov¸ bu loyihaning qonunga zid ravishda - o‘zining imzo va roziligisiz ma’qullanganini ma’lum qilgan edi.

31 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda Alim Ernazarov prezidentning Senat tasdiqlagan loyihani qabul qilmasdan¸ qayta tahrir uchun parlamentga qaytarishiga umid qilayotganini bildirdi.

Biz advokatlardan iborat ishchi guruh tuzib, ana shu konsepsiyani o‘zbek tilida yozib bo‘ldik.


“Hozircha bu haqda hech qanday yangilik yo‘q. Men barcha fikrimni o‘z bayonotimda aytib bo‘lganman. Prezident o‘tgan yilning 11 dekabrida “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. O‘sha erda Advokatlar palatasiga 1 maygacha “Advokatura institutini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiyani ishlab chiqarish” topshirig‘i berilgan edi. Biz advokatlardan iborat ishchi guruh tuzib, ana shu konsepsiyani o‘zbek tilida yozib bo‘ldik. Bugun-erta rus tilidagisi ham tayyor bo‘lib, bu hujjatlarning loyihasini saytimizda advokatlarning muhokamasiga qo‘yamiz”.

Alim Ernazarovga ko‘ra, xalqaro standartlar asosida yozilgan bu konsepsiya tegishli idoralar roziligi olingandan keyin prezident adminstratsiyasiga topshiriladi:

“Bu konsepsiya qabul qilinsa, advokatura haqidagi qonunlarimizga o‘zgartish kiritish emas, yangi loyihasini, yangi matnini ishlashga o‘tiramiz. Maqsad, yilning oxiriga borib Advokatura haqida yangi qonunni qabul qilinishiga erishish. Jumladan, bu loyihada, advokatlarning telefon so‘zlashuvini eshitish uchun sanksiya berish huquqini prokurorga emas, balki sudlarga berishni ham kiritganmiz.

25 mart kuni Bosh prokuratura o‘z bayonotida qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarning "advokatlar daxlsizligiga biron-bir jihatdan tahdid qilmasligi¸ ular qonuniy faoliyatiga hech qanday to‘sqinlikni vujudga keltirmasligi"ni ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG