Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:54

Markazlashtirilgan xayriya yordamlari karantin davrida yanada qashshoqlashgan qatlamga qanday yetkazilmoqda (VIDEO)


1 apreldan ko‘chaga chiqishi taqiqlangan surunkali xastalar va 65 yoshdan oshganlarning boquvchisiz qismi karantin davrida davlat himoyasiga mutlaq qaram bo‘lib qolgan.
1 apreldan ko‘chaga chiqishi taqiqlangan surunkali xastalar va 65 yoshdan oshganlarning boquvchisiz qismi karantin davrida davlat himoyasiga mutlaq qaram bo‘lib qolgan.

O‘zbekiston hukumati koronavirus tarqalishi oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni keskinlashtirishi ortidan 1 apreldan boshlab aholidan “o‘zini yakkalash” rejimiga o‘tish so‘raldi va surunkali kasali borlar hamda yoshi 65 dan yuqori bo‘lganlarning ko‘chaga chiqishi taqiqlandi.

1 apreldan boshlab¸ hukumat yakka tartibdagi xayriya aksiyalarini ham taqiqladi va muhtoj qatlamga har qanday yordam berishni markazlashtirdi¸ bu ishni o‘z qo‘liga oldi.

Oqibatda¸ 1 apreldan boshlab "Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi" degan yangi tuzilma paydo bo‘ldi va muhtojlarga har qanday individual yordamning faqat shu tuzilma orqaligina ko‘rsatilishi shart etib belgilandi.

Hukumat qarori bilan¸ kimning yordamga muhtojligini mahalla qo‘mitalari aniqlaydi va ular bu ro‘yxatlarni Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga taqdim etadi; hokimiyat nazoratiga berilgan bunday markazlar esa¸ kimga va nima berilishini hal qiladi.

Nomidan ko‘rinib turganidek¸ bu markazlar faqat odamlar qilgan xayriyalarni tarqatish bilan shug‘ullanadi¸ bu jarayonga davlatning mablag‘ ajratgani haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.

Tashkil etilar-etilmas bu markazlarning Toshkent shahri va viloyatlar uchun telefon raqamlari xalqqa taqdim etildi¸ muhtojlar shu raqamlarga qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligi aytildi. Ijtimoiy tarmoqlar¸ mahalliy nashr va telekanallarda bu markazlarning ehtiyojmand oilalar¸ qarovchisiz qolgan qariyalarga xayriya yordami ulashib yurganiga oid surat va videolar tinimsiz namoyish etila boshlandi.

Keyingi kunlar ichi Ozodlikka mahalliy hokimiyat tizimlaridan xayriya yordamlari tarqatilayotganiga oid reklama xarakteridagi hisobotlar to‘xtovsiz kelmoqda.

Ayni paytda Ozodlikka muhtojlarning bu yordamni ololmayotgani¸ yoki olganlarning bu yordamdan qoniqmayotgani¸ qolaversa¸ hokimlik va mahallaqo‘mlar ixtiyoriga berilgan yordam ajratish tizimida “yeb qolishlar” bo‘layotgani haqidagi e’tirozli xabarlar kelishi ham kuchayib bormoqda.

Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari barobarida¸ koronavirus pandemiyasi davrida muhtojlar rasmiylar tilidan tushmayotgan "Mehr-shavqat va salomatlik jamoat fondi"dan ham yordam olishga urinib¸ bunga muvaffaq bo‘la olmayotganini aytmoqda.

Bu e’tirozlar¸ ijtimoiy yordam ko‘rsatishning markazlashgan tizimi koronavirus karantini ortidan keskin oshib ketgan o‘zbekistonlik kambag‘allarning joriy inqirozdan chiqib olishiga imkon beradimi¸ degan savolni kun tartibiga qo‘yadi.

Ozodlikka murojaat qilgan ayrim muhtojlar hikoyasi bu savolga javob topishga yordam beradi.

Homiylik xayriyalari bizga yetib kelmayapti...

Ayni kunlarda O‘zbekistondagi aksar nashrlar aholining muhtoj qatlamlariga xayriya yordamlarining topshirilayotgani haqida muntazam xabar bermoqda.

20 martdan beri uyda kirim yo‘q. Qo‘limda 10 oylik chaqalog‘im bor. Qarindoshlarim hammasi Toshkentda yashashadi¸ yo‘llar yopiq¸ borolmayman.

Ammo Toshkent viloyat, Chirchiq shahrining 8-mikrorayonidagi 24-uy 61-xonadonidan murojaat qilgan Zilola Karimova¸ bunday yordamni faqat televizorda ko‘rayotgani¸ yordam so‘rab qilgan murojaatlari samarasiz qolayotganini aytdi.

Zilolaning aytishicha¸ oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan eri marshrut taksi haydovchisi bo‘lib¸ kunlik topganini ro‘zg‘orga xarjlab kelgan¸ karantin tufayli uyda o‘tirishga majburligidan¸ oila umuman daromadsiz qolgan.

- Hamma yoqda muhtojlarga yordam beryapmiz¸ deb gapirishgani gapirishgan. Xalqni aldab hech kim baraka topganmas. Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga qo‘ng‘iroq qiling¸ mana nomerlari¸ deb kun.uzlarda yozib yotishipti. Yana ko‘zbo‘yamachilik - 1197 ham¸ 93 919 99 09 ham o‘chiq. O‘n martalab murojaat qildim¸ befoyda. Adresimni¸ ahvolimni SMS qilib yubordim¸ javob nol. Mehr-shafqat jamg‘armasi deb jaa reklama qilishyapti. Qani ular¸ telefon qilsangiz har doim o‘chiq. Erim kunlik ishlagani uchun¸ 20 martdan beri uyda kirim yo‘q. Qo‘limda 10 oylik chaqalog‘im bor. Qarindoshlarim hammasi Toshkentda yashashadi¸ yo‘llar yopiq¸ borolmayman. Tillamni qo‘yib¸ lombarddan pul olib ro‘zgor qilaman desam¸ hammayoq yopiq! Qani mehr-shafqat¸ qani muhtojlarga yordam? Hammasi faqat televizorda yana.

Ozodlik¸ "Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi"ning Toshkent viloyati uchun ajratilgan raqamlariga ikki kun o‘nlab marotaba telefon qildi¸ lekin qisqa gudokdan nariga o‘tolmadi.

Bizning qishloqda muhtojlar ko‘p¸ lekin birortamizga hozircha yordam berilgani yo‘q.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Xalqobod qishlog‘ida yashovchi Sunnatillo Husenov Ozodlikka o‘zining 2-guruh nogironi ekan¸karantinga qadar ham ishsiz bo‘lganini yozadi. 26 yashar Sunnatillo mahallada kam ta’minlangan¸ ijtimoiy himoyaga muhtoj odam sifatida ro‘yxatga olinganiga qaramay¸ hozirga qadar hech kim holidan xabar olmaganini aytadi.

- Homiylik yordamlari markazining Qashqadaryo viloyati uchun deb 91-962-25-00¸ 75-221-11-80 nomerlari berilgan. Yolg‘on nomer qo‘ygan xalqni aldab. Bizning qishloqda muhtojlar ko‘p¸ lekin birortamizga hozircha yordam berilgani yo‘q. Hozircha hech kim karantin paytida qanday kun ko‘ryapsan¸ deb holimizdan xabar ham olmadi.

Ozodlik muxbiri ham Sunnatillo yordam ko‘zini tikkan bu raqamlarga 7 va 8 aprel kunlari qo‘ng‘iroq qildi¸ ammo bu raqamlar bilan ham bog‘lanishga muvaffaq bo‘lmadi.

“Men tilanchi emasman!”

Taxiatoshlik Halimboy Xudoyberganov 65 yoshda. Boz ustiga¸ 1-guruh nogironi. Hozirgi vaziyatda davlat o‘z himoyasiga olganini aytayotgan qatlamning tipik vakili.

Ozodlikka bog‘langan Halimboy otaga ko‘ra¸ 6 aprel kuni mahalla qo‘mitasi raisi va yordamchisi eshigi oldiga kelib¸ bir litr o‘simlik yog‘i¸ yarim kilo un¸ yarim kilo shakar¸ bir kilo makaron¸ ikki kilo kartoshka tashlab ketgan. Nogironning ayoli hokimlikdan ijtimoiy yordam olganlik haqidagi tilxatga qo‘l qo‘yib bergan.

Halimboy Xudoyberganov o‘ziga berilgan "davlat yordami" ro‘yxatini yozib yubordi.
Halimboy Xudoyberganov o‘ziga berilgan "davlat yordami" ro‘yxatini yozib yubordi.

Agar kimdir meni noshukurga chiqarib¸ tekin yordamdan xursand bo‘lmaysanmi¸ deb uyaltirmoqchi bo‘lsa¸ ularga meni emas¸ balki shunday qiyin vaziyatda ham cho‘ntaklarini o‘ylayotgan hokimlarimizni tanqid qilinglar¸ deb javob beraman.

Xudoyberganov¸ davlat nomidan berilgan bunday yordamdan xursand bo‘lish o‘rniga¸ o‘zini “kamsitilgandek” his qilganini aytadi.

- Davlat shunday tarqatyaptimi? Televizorlarda unaqa ko‘rsatishayotgani yo‘qku! Men tilanchi emasman! Menku mayli¸ bolalarim bor qaraydigan¸ lekin hech kimi yo‘q nogironlarga ham shunday tarqatishiyaptimi? Nogiron¸ ko‘chaga chiqmaydigan¸ qarovchisi yo‘q odam shu narsalar bilan qancha vaqt jon saqlashi mumkin? Yordam tarqatadiganlar¸ bir odamning hozirgi sharoitda ko‘chaga chiqmasdan tirik qolishi uchun nima va qancha kerakligini hisoblab ko‘rdimikan?

Taxiatoshlik nogiron¸ o‘ziga tashlab ketilgan ijtimoiy yordam manzarasini videoga olib¸ Ozodlikka yubordi.

Тахиатошлик ногирон Ҳалимбой Худойбергановга берилган ижтимоий ëрдам манзараси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:32 0:00

Ozodlik bilan suhbatda Xudoyberganov¸ davlatning hozirgi og‘ir vaziyatda yordamga muhtojlarga e’tibor qaratib¸ ularni qo‘llash uchun katta mablag‘ ajratganiga ishonishi¸ biroq hokimlik va mahalla qo‘mitalari qo‘liga topshirilayotgan davlat mablag‘i yoki xayriya yordamining¸ "yana odatdagidek¸ talon-toroj qilinib¸ haqiqiy muhtojlarga nomigagina yetib borayotganiga ishonishini" aytadi:

- Televizor va Feysbuklarda boshqacha ko‘rsatishadi. Lekin o‘zi har doimgiday yana yarimi yo‘q bo‘lib keladi nogironlarga ajratilgan narsalar. O‘tganda ham buncha pul va oziq-ovqat oldim¸ degan qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib¸ amalda uning yarmini berib ketardi. Hozir yana shunday bo‘lyapti. Hokimiyatimiz nima o‘zi yeb qolyaptimi¸ degan xayoldaman. Agar kimdir meni noshukurga chiqarib¸ tekin yordamdan xursand bo‘lmaysanmi¸ deb uyaltirmoqchi bo‘lsa¸ ularga meni emas¸ balki shunday qiyin vaziyatda ham cho‘ntaklarini o‘ylayotgan hokimlarimizni tanqid qilinglar¸ deb javob beraman.

Ozodlik¸ Xudoyberganovga¸ u sanab o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini “davlat yordami” deb tashlab ketgan mahalla raisi va uning yordamchisi bilan bog‘lanib¸ bu yordamning davlat yoki homiylar yordami ekaniga aniqlik kirita olmadi.

Markazlashgan homiylik xayriyalari kimga va qanday tarqatilmoqda?

1 apreldan so‘ng¸ o‘ziga to‘qlarning ko‘nglidan chiqarganini muhtojlarga o‘z holicha berishi taqiqlanishi ortidan¸ bunday yordamni qabul qilish va tarqatish hokimliklar ixtiyoriga o‘tkazildi.

Bu markazlar ishlash tartibiga oid rasmiy xabarda¸ “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘limlari joylardagi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami haqidagi ma’lumotni hududiy tegishliligi bo‘yicha Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga taqdim etadi”¸ deyilgan.

Shuningdek¸ rasmiy izohga ko‘ra¸ homiylardan to‘plangan yordam¸ faqat oziq-ovqat va dori-darmon shaklida bo‘lishi¸ pul ko‘rinishidagi xayriyalar Mehr-shafqat va salomatlik fondiga berilishi lozim.

Ozodlik bu markazlarning jamoatchilikka taqdim etilgan telefon raqamlariga¸ aksar o‘zbekistonliklar kabi¸ umuman bog‘lana olmadi.

(Bu murojaatlarning nihoyatda ko‘pligi tufayli liniyaning bandligi¸ yoki aholiga ishlamaydigan raqamlar taqdim etilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.)

Ayni paytda¸ xayriya yordamiga muhtojlar ro‘yxatini tuzib¸ ularga bu yordamni berishga mas’ul mahalla qo‘mitalaridan biri raisi Ozodlik bilan suhbatda jarayonning qanday borayotganini tushuntirib berdi.

1100 xonadon qaraydi menga. Shulardan 120 xonadon hozirgi kunda nihoyatda nochor ahvolda qolgan. Ishonsangiz¸ yarim kosa uni yo‘qlar ham bor.

Ozodlik bog‘langan Andijondagi mahalla yetakchilaridan biri¸ o‘zi¸ qolaversa¸ ko‘ngillilardan tuzilgan besh kishilik jamoatchilik guruhi tunu kun nochorlar ro‘yxatini tuzib¸ ularga homiylik yordamlari tarqatish bilan bandligini bildirdi.

- Mening mahallamdagilar, asosan, domda yashovchilar¸ yeri yo‘qligi uchun ancha qo‘li yupqa. 1100 xonadon qaraydi menga. Shulardan 120 xonadon hozirgi kunda nihoyatda nochor ahvolda qolgan. Ishonsangiz¸ yarim kosa uni yo‘qlar ham bor. Ishlab turgan odamlar¸ birdaniga ishsiz qolib¸ muhtojlar soni oshib ketdi. Men eng nochorlarining ro‘yxatini aytyapman sizga. Yordamga eng muhtojlarning ro‘yxatini qilgandan keyin¸ o‘ziga to‘qroqlarga¸ xayriya qiling¸ degan varaqa berib chiqyapmiz. Xudoga shukur¸ xalqimiz orasida haqiqatan saxovatpesha odamlar bor ekan. Masalan¸ bitta magazinchim 20 ta xonadonga 7 xil oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlab¸ o‘zi yonimda yurib berib chiqdi. Bitta novvoyim¸ har kun 30-40 nonni qariyalarga tarqating¸ deb opchiqyapti¸ ruslashganlarimiz¸ shakar¸ grechka¸ varenye beryapti¸ muhtojlarga tarqating deb.

Bitta magazinchim 20 ta xonadonga 7 xil oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlab¸ o‘zi yonimda yurib berib chiqdi. Bitta novvoyim¸ har kun 30-40 nonni qariyalarga tarqating¸ deb opchiqyapti.

Mahalla vazirligining eng quyi qismida ishlovchi bu mulozim¸ "davlat muhtojlarga yordam uchun milliardlab mablag‘ ajratyapti¸ Alisher Usmonovga o‘xshaganlar millionlab dollar xayriya qilyapti¸ uni tarqatayotganlar talon-toroj qilib¸ haqiqiy kambag‘alga yetkazmayapti"¸ degan tanqidlarga ham munosabat bildirdi.

Suhbatdosh¸ hozirga qadar pul ko‘rinishidagi xayriya qilinmagani¸ davlat ham karantin tufayli muhtojlarga tarqatish uchun hech qanday maxsus mablag‘ ajratmagani va shuning uchun aholiga ham pul yordami berilmayotganini ta’kidladi.

Davlat kam ta’minlanganlarga ajratiladigan nafaqadan boshqa hali bir tiyin pul bergani yo‘q bizga.

- Davlat kam ta’minlanganlarga ajratiladigan nafaqadan boshqa hali bir tiyin pul bergani yo‘q bizga. Ba’zilar¸ davlat senlarga milliardlab pul beryapti¸ bizga o‘sha puldan ber¸ deb to‘polon ham qilyapti. Bizda pul yo‘q¸ xayriya pullarni Mehr-shafqatga o‘tkazishyapti¸ bizgamas. Xayriyaga berilgan mahsulotlarni berganlarning o‘zi biz bilan yurib¸ o‘zi tepasida turib tarqatyapti. Asosan¸ 7 turdagi oziq-ovqat qabul qilib¸ navbati bilan ro‘yxatdagilarga tarqatib chiqyapmiz. Nimani qanchadan berishni¸ homiylarning o‘zlari aytyapti¸ biz emas.

Xalqning hokimlikning adolatli taqsimotiga ishonmaslikka asosi bor...

Oddiy xalq emas¸ mening o‘zim ham hokimlik va mahallaqo‘mlarga olib borgan xayriya narsalarimning haqiqiy kambag‘alga yetib borishiga¸ ochig‘i¸ ishonmayman.

Xorazmlik yirik tadbirkorlardan biri yillardan beri turli xayriya aksiyalariga pul yig‘ib¸ uning nimaga sarflangani haqida hech qachon hisob bermagan hokimliklarning hozirgi og‘ir sharoitda ham bunday yordamlarni o‘zlashtirmasligiga ishonch yo‘qligini aytdi.

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan bu tadbirkor¸ hozirda hokimlik tomonidan Mehr-shafqat fondiga pul o‘tkazish haqida bosim bo‘layotganiga qaramay¸ o‘z ko‘nglidan chiqarganini muhtojlarga o‘zi tarqatishga qaror qilganini aytdi.

- Oddiy xalq emas¸ mening o‘zim ham hokimlik va mahallaqo‘mlarga olib borgan xayriya narsalarimning haqiqiy kambag‘alga yetib borishiga¸ ochig‘i¸ ishonmayman. Bizning hokimiyatda korrupsiya¸ xalq haqini o‘zlashtirish degan balo koronavirus kelganidan keyin yo‘q bo‘lib qolgani yo‘qku! Muhtojlik nafaqasini olish uchun bechoralarning amaldorlarga pora berishga¸ yoki nafaqaning bir qismidan voz kechishga majburligini bilamizku. Ochlar qolib¸ to‘qlarga yordam berishni xohlamadim. Yordamni yakka o‘zim tarqatolmaganim uchun¸ mahalladan muhtoj oilalar ro‘yxatini oldim. Ikki kun vaqtimni ayamasdan¸ o‘zim mahallaqo‘mlar bilan birga yurib¸ 20 ta oilaga 10 kilodan guruch¸ 5 kilodan kartoshka¸ yog‘¸ shakar tarqatib chiqdim. Shu kunlarda¸ yana xayriya qilmoqchiman. Hokimlik ko‘p bosim qilmasa¸ Mehr-shavqatgayam pul bermoqchiman. Bularning bosimi¸ odamni xayriyadan sovutyapti¸ xolos.

Ommaviy xayriya pullari yig‘ilayotgan Mehr-shafqat fondi qani?

O‘zbekistonda koronavirus tarqashi oldini olish muammosi kun tartibiga tushganidan so‘ng Mehr-shafqat va salomatlik jamoat fondi degan tashkilot nomi ham tez-tez tilga tushmoqda.

1988 yili tuzilgan shunday fond borligidan xabari ham bo‘lmagan o‘zbekistonliklar hozirgi og‘ir vaziyatda shu fonddan yordam olishga umid qilmoqda.

Rasmiy nashrlar va davlat tizimlarining bu fondga qilinayotgan milliardlab so‘m va millionlab dollarlik xayriyalar haqidagi bayonotlari¸ muhtojlarning bunday umidini kuchaytirmoqda.

Kuniga yordam so‘rab minglab murojaat bo‘lyapti. Telefon raqamlarimizni o‘zgartirishga majbur bo‘ldik. Karantindan keyin odamlarning ishsiz¸ pulsiz qolganidan¸ ba’zi oilalar bir litr yog‘gayam zor bo‘lib qolganini tushunib turibmiz.

Ammo 7 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda bu fond mutasaddilaridan biri¸ jamoatchilik bu fond faoliyatini yanglish tushunayotganini ta’kidladi.

- Kuniga yordam so‘rab minglab murojaat bo‘lyapti. Telefon raqamlarimizni o‘zgartirishga majbur bo‘ldik. Karantindan keyin odamlarning ishsiz¸ pulsiz qolganidan¸ ba’zi oilalar bir litr yog‘gayam zor bo‘lib qolganini tushunib turibmiz. Lekin muhtojlarga yordam tarqatish bizning ishimiz emas. Biz 30 yilcha oldin Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tuzilgan fondmiz. Vazirlikka qaraymiz. Hozirgi sharoitdagi vazifamiz faqat koronavirus bilan bog‘liq. Karantinda saqlanayotganlar ta’minoti¸ koronavirus yuqtirganlar saqlanayotgan kasalxonalarga tibbiy jihoz va boshqa narsalar topib berish¸ yangi qurilayotgan mobil kasalxonalarni tashkillashtirish. Bizga hukumat¸ vazirlik falon joy uchun falon narsa top¸ desa topib berish bilan mashg‘ulmiz. Nochorlarga oziq-ovqat tarqatish bizning ishimiz emas. Bu bilan mahallaqo‘mlar¸ hokimliklar¸ mana endi Ekspotsentrda ochilgan markaz shug‘ullanadi (Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi nazarda tutilmoqda -tahr.) Iltimos¸ odamlarga tushuntiring¸ yegulik so‘rab bizga murojaat qilishmasin.

Mart oyi oxirida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va DXX kabi davlat tizimlari xodimlari o‘z oyliklarini bu fond hisobiga xayriya qilganini bildirganidan so‘ng¸ O‘zbekistondagi blogeru talabalar ham fondga pul o‘tkazganini xabar qila boshladi.

1 aprel kuni O‘zbekiston davlat telekanallari koronavirus karantinini Toshkentda o‘tkazayotgan milliarder Alisher Usmonovning ayni shu fondga 20 million dollar xayriya qilganini xabar berdi.

"Taniqli biznesmen va metsenat Alisher Usmonov O‘zbekiston prezidenti harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan holda kasalxonani zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash uchun 20 million dollar mablag‘ ajratdi", - deyildi «O‘zbekiston 24» kanali xabarida.

Hozircha jamoatchilikka¸ xayriya mablag‘larini koronavirusga qarshi kurashga sarflayotganini ta’kidlayotgan bu fondga jami qancha mablag‘ o‘tkazilgani va ularning qaerga¸ qanday sarflanayotgani haqida ochiq va shaffof ma’lumot taqdim qilinganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG