Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 06:29

Karantin choralari. O‘zbekiston virusga chalinganlik ehtimoli borlarni qanday izolyatsiya qildi?


Toshkent viloyatida konteynerlardan qurilgan karantin lageri. Foto Qurilish vazirliginiki.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib xalqaro transport aloqasini to‘xtatib, karantin e’lon qildi va bu mamlakatda COVID-19 yuqtirganlik holati ilk marta qayd etilgan 16 martda ro‘y berdi.

Hokimiyat idoralari shu zahotiyoq barcha viloyatlarda karantin zonalari tashkil etib, chet mamlakatlardan kelayotganlarning barchasini o‘sha zonalarga jo‘nata boshladi. Odamlar qanday qilib konteyner, kazarma va sanatoriylarga izolyatsiya qilingani haqida “Ozodlik” radiosi kuzatuvlari bilan tanishing.

Konteynerlardagi karantin

Toshkent viloyatining O‘rtasaroy qo‘rg‘onidagi konteyner jamlog‘i O‘zbekiston chegaralarini yopgandan so‘ng ikki hafta ichida barpo qilindi. Quruvchilar dastlabki 8 kunda 1500 kishi uchun konteynerlardan joy hozirladi. Yana 8500 o‘rin tayyorlanyapti. Lekin qurilish ishlari tugallanmasdanoq jamloqqa Vatanga qaytayotgan mehnat migrantlari, sayyohlar, talabalar – barcha-barchasini joylashtirish boshlandi. O‘zbekiston hokimiyat idoralari koronavirus shusiz ham aholisi zich respublikaga daxl qilmasligi haqidagi xomxayolga bormadi. Hozirgi paytda O‘zbekistonda 1200 dan ziyod kishi COVID-19 virusini yuqtirib, kasallangani aniqlandi.

Mansur (bu kishining iltimosi bilan ismi o‘zgartirildi – tahr.) xotini Zebo bilan (bu ayolning ismi iltimosi bilan o‘zgartirildi – tahr.) Moskvadan Toshkentga 22 martda keldi. Er-xotin oyog‘i yerga tekkizilmay konteyner jamlog‘iga jo‘natildi. Ular O‘zbekistonga bir yildan ortiq vaqtdan beri kelmagan, ammo vatanga qo‘qqisdan qaytishini kutmagan edi.

− Konteyner jamlog‘i tashqi ko‘rinishidan yuk terminaliga o‘xshaydi. Hammayoqni odamlar yashayotgan vagonlar bosib ketgan. Ularni ko‘rib, hayratdan yoqa ushladim, − dedi o‘shanaqa konteynerlardan birida ikki hafta yashagan Mansur.

Xotini Zeboning aytishicha, konteynerning ichi 2 qismga bo‘lingan. Har birida 4 tadan ikki qavatli karavotlar o‘rnatilgan. Yana choyshab, adyol, yostiq va sochiqlar bor. Konditsioner o‘rnatilgan, televizor, telefon va elektr choynagi. Plastik idishlarda toza suv qo‘yilgan.

Hammasidan ham ko‘ra suv bo‘lmasa-ya, deb qo‘rqqan edim. Biroq konteynerlarda vanna xonasi: chanoq, ko‘zgu, hojatxona va dush ham bor ekan.

− Hammasidan ham ko‘ra suv bo‘lmasa-ya, deb qo‘rqqan edim. Biroq konteynerlarda vanna xonasi: chanoq, ko‘zgu, hojatxona va dush ham bor ekan. Negadir krandan issiq va sovuq suv bilan birga qum ham oqib turadi. Bizni tish cho‘tkasi, pastasi va hojatxona qog‘oz bilan ham ta’minlashdi. Hatto shippak bilan qog‘oz sochiqlargacha bor edi, − deya hikoya qiladi ayol.

Toshkent viloyatida konteynerlardan qurilgan karantin lageri. Foto Qurilish vazirliginiki.
Toshkent viloyatida konteynerlardan qurilgan karantin lageri. Foto Qurilish vazirliginiki.

Xonalar konditsioner bilan isitiladi. Lekin barcha konteynerlarda ham ular yaxshi ishlagani yo‘q.

− Aprel boshida qor yog‘di. Biz xonalarda juda sovqotdik. Issiq suv to‘ldirilgan plastik idishlar bilan isinishga to‘g‘ri keldi. Jamloqda isitkichlar bor edi, ammo ular hammaga yetmadi. Konteynerlardagi tirqishlardan shamol kirib turadi, − dedi Mansur.

“Ozodlik” radiosi hamsuhbatlari tan olib aytishicha, konteyner jamlog‘idagi kishilarga ovqat doimiy tarzda berib turilgan.

Kartoshka, guruch, go‘sht, makaron, qora bug‘doy (grechka). Shakar, choy, pishiriqlar har doim bor edi. Ovqatni bir martalik idishlarda olib kelib, konteynerga kirish joyida qoldirib ketishar edi.

− Kartoshka, guruch, go‘sht, makaron, qora bug‘doy (grechka). Shakar, choy, pishiriqlar har doim bor edi. Ovqatni bir martalik idishlarda olib kelib, konteynerga kirish joyida qoldirib ketishar edi. Faqat ichkarida ovqatlandik. Sababsiz xonadan chiqish mumkin emas edi. Karantinning asosiy shartiga – to‘liq izolyatsiyaga – qattiq rioya qilinar edi, – deydi uning xotini.

Garchi suhbatdoshlar noqulaylik bor desa-da, bunday jamloq tashkil etish g‘oyasi to‘g‘ri bo‘lganini aytadi.

− Odamlar oqimini yana qanday qilib izolyatsiya qilish mumkin? Agar xonalar sovuq bo‘lmaganda va jamloqni qo‘riqlab turgan harbiy xizmatchilar hamma joyda hozir bo‘lib turganida, undan ham yaxshi bo‘lar edi, − deydi er-xotin.

“Izolyatsiya talablariga rioya qilinmadi”

O‘rtasaroydagi konteyner jamlog‘i O‘zbekistondagi yagona karantin hududi emas. Odamlar Buxoro, Samarqand, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida ham ham harbiy kazarma, bolalar lageri, mehmonxona va sanatoriylarga joylashtirilmoqda.

Buxorodagi "Sitorai Moxi Xosa" sihatgohi. Bu yerga 247 kishi karantinga joylashtirlgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan.
Buxorodagi "Sitorai Moxi Xosa" sihatgohi. Bu yerga 247 kishi karantinga joylashtirlgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan.

Har joydagi sharoit har xil. Muallif bilan hamsuhbat bo‘lgan ayrimlarning aytishicha, sharoit har doim ham sanitariya va epidemiologiya talablariga javob bermaydi. Karantin vaqtida gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik hollari ham uchrab turibdi.

Umumiy oshxonada ovqatlandik, bir marta ishlatiladigan idishlar otliqqa ham yo‘q edi. O‘lmas ovqat: bir bo‘lak non, bir burda kolbasa va tuxum.

‒ Biz Moskvadan Toshkentga 21 martda uchib keldik va Toshkent viloyatidagi “Nazarbek” sanatoriysiga joylashtirildik. Uning binosi mehmonxonalarga o‘xshash bir, ikki, uch va to‘rt o‘rinli xonalardan iborat 6 qavatli bino ekan. Lekin u yerda izolyatsiya degan gap bo‘lmadi! Umumiy oshxonada ovqatlandik, bir marta ishlatiladigan idishlar otliqqa ham yo‘q edi. O‘lmas ovqat: bir bo‘lak non, bir burda kolbasa va tuxum. Oramizda bolalar, homilador ayollar va diabetga chalinganlar bor edi. Norozi bo‘lib, yaxshiroq ovqatlantirishlarini so‘radik. Sanatoriyni harbiylar qo‘riqlab turgani sababli bizga sal bo‘lmasa, avtomatlari bilan tahdid qilar edi, – deya gapirib berdi Aziz (suhbatdoshning ismi iltimosi bilan o‘zgartirildi – tahr.).

Karantinga olinganlar saqlanayotgan Chirchiqdagi "Sokol" lageridan Ozodlikka kelgan surat.
Karantinga olinganlar saqlanayotgan Chirchiqdagi "Sokol" lageridan Ozodlikka kelgan surat.

Sanatoriyga har kuni yangi odamlar olib kelib joylashtirildi. Ular ovqatlanayotgan oshxonada joy yetishmay qoldi. Ayrim sanatoriyda yashovchilarning jahli chiqib, odamlarni bir-biridan izolyatsiya qilgan holda ovqatlantirishni talab qildi. Lekin talablar e’tiborsiz qoldi.

Keyinchalik uyali telefonlarimizni tortib olishib, undan infeksiya tarqalishi mumkinligini aytishdi. Mobil internetni o‘chirishdi

‒ Biz ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishga harakat qildik, lekin liniyaning u tarafida go‘shakni hech kim ko‘tarmadi. Keyinchalik uyali telefonlarimizni tortib olishib, undan infeksiya tarqalishi mumkinligini aytishdi. Mobil Internetni o‘chirishdi. Statsionar telefon aloqasi ham yaxshi ishlamayotgan edi. Bizga infeksiya yuqtirgan mollarday munosabat qilishdi! ‒ deydi Dilmurod (bu kishining iltimosi bilan ismi o‘zgartirildi – tahr.).

Suhbatdoshlar tan olishicha, vaziyat juda tez o‘zgarib ketdi, aksariyat mamlakatlar hokimiyat idoralari unga tayyor emas edi. Biroq ular nima sababdan “Nazarbek”da karantinning bosh sharti – izolyatsiyaga rioya etilmaganiga hayron.

Sanatoriyda surunkali kasalligi bor kishilar, homilador ayollar va keksalar ko‘p, diabetga chalinganlar bor edi.

‒ Sanatoriyda surunkali kasalligi bor kishilar, homilador ayollar va keksalar ko‘p, diabetga chalinganlar bor edi. Barchasiga alohida parvarish kerak, lekin ular oddiy dorilar bilan ham ta’minlanmadi. Bir kishining umurtqa pog‘ona churrasi og‘riq berib qoldi. Og‘riqdan dod soldi, ammo unga paratsetamol bilan valeryankadan boshqa hech narsa topib berisha olmadi, ‒ deydi Aziz.

Takroriy karantinga

“Nazarbek”da ikki hafta ushlab turilgan kishilar tez orada uyiga jvob berilishini kutib turgan edi. Lekin karantin cho‘zilib ketdi – sanatoriydagi bir necha kishi COVID-19 yuqtirgani aniqlandi.

‒ “Nazarbek” sanatoriysiga joylashtirilganimizning ikkinchi kuni koronavirus bor-yo‘qligini aniqlash uchun bizdan analiz olishdi. Karantinning 12-kuni ikkinchi marta test olinib, yana 2 kishi infeksiya yuqtirgani aniqlandi. Bizga qo‘yilgan tashxis tasdiqlanmagach, 19-kuni u yerdan olib chiqildik. O‘sha kunlar mobaynida umumiy oshxonada ovqatlanishga majbur bo‘ldik, ‒ deya jahli chiqadi Dilmurodning.

Hozir “Ozodlik”ning ikkala suhbatdoshi ham O‘rtasaroydagi konteyner jamlog‘ida saqlanmoqda. Ularning karantini 25 kunga cho‘zilib ketdi.

‒ “Nazarbek”da bizning hayotimizni xatarga qo‘yishgan ekan. U yerda hech qanday masofalanish bo‘lmagan edi. Gigiyena qoidalariga rioya qilinmadi. Biz karantinda emas, konslagerda o‘tirgandek edik, ‒ dedi Aziz alamini yashira olmay.

Ular ayni paytda konteyner lageridagi sharoit yaxshiligini, ammo muammolar ham borligini aytadi.

‒ Bu yerning ovqatlari ancha yaxshi. Izolyatsiyaga amal qilinmoqda. Biroq “Nazarbek”da bo‘lgani kabi surunkali kasalligi bor kishilarga dori-darmon yo‘q, ‒ deydi Dilmurod.

O‘zbekistonning bosh sanitar vrachi Nurmat Otabekov “Nazarbek” sanatoriysi haqida OAV va Internetda paydo bo‘lgan xabarlarga munosabat bildirdi:

‒ Odamlar nega bizni qayta karantinga solishyapti, deb xafa bo‘lyapti. Ularni birinchi karantin vaqtida kasallik yuqtirgan deb yozishyapti. Mabodo odam qaltis guruh ichida bo‘la turib, kasallik yuqtirgan bo‘lsa, aybni o‘zidan qidirishi kerak. Agar u xavfsizlik choralariga rioya qilib, karantindagi boshqa kishilar bilan kontakt qilmaganida, o‘zini himoyalagan bo‘lar edi.

‒ Qayerda ovqatlanish bizga bog‘liq bo‘lganda qani edi! Bizni hayvonday oshxonaga qamab ovqatlantirishdi. Qani, “g‘ing” deb ko‘r-chi, ‒ jahli chiqadi Azizning.

‒ Hokimiyat, qornini, to‘yg‘azyapmiz, e’tiroz bildirmaslik uchun shuning o‘zi yetarli, deb o‘ylaydi. Lekin o‘zingga garovga olinganday munosabat bildirib turilganda, ruhiy jihatdan chidash og‘ir, ‒ deya qo‘shimcha qiladi Dilmurod.

Kazarma karantini

Xorazm viloyatining Shovot shahridagi harbiy qism ham karantin hududiga aylantirilgan.

Rossiyadan charter reysda qaytarilgan yuzlab o‘zbekistonlik Xorazmdagi harbiy kazarma va sanatoriyda karantinga olingan.
Rossiyadan charter reysda qaytarilgan yuzlab o‘zbekistonlik Xorazmdagi harbiy kazarma va sanatoriyda karantinga olingan.

Chet ellardan kelgan kishilar kazarma binolariga joylashtirildi. Xonalarga ikki qavatli karavotlar qo‘yilgan.

‒ Odamlar bir-biriga yaqin yotib uxlashiga to‘g‘ri keladi. Ovqatlanish – umumiy oshxonada. Hojatxonalar oldida navbatda turganlar tiqilib ketadi. Bir dush xonasida o‘rtacha 20 ga yaqin odam cho‘miladi. Kanalizatsiya yomon ishlaydi. Hatto karantindagilarga qarovchi kishilar ham na niqob taqqan, na qo‘lqop kiygan, ‒ deydi o‘zini Ozod deb tanishtirgan kishi Ozodlikka.

U aytishicha, bir haftadan so‘ng binolardan birida vahima boshlandi.

O‘sha yerda ikki kishi koronavirus yuqtirgani aniqlandi. U yerda yashab turgan barcha kishilar boshqa joyga ko‘chirildi. Biz esa qoldik.

‒ O‘sha yerda ikki kishi koronavirus yuqtirgani aniqlandi. U yerda yashab turgan barcha kishilar boshqa joyga ko‘chirildi. Biz esa qoldik. Lekin hech narsa o‘zgarmadi. Hali ham umumiy oshxonada ovqatlanyapmiz va umumiy hojatxonaga kirib-chiqyapmiz, ‒ deydi Ozod.

Surxondaryo viloyatida odamlar, asosan, sanatoriy va mehmonxonalarda karantinga joylashtirildi.

‒ Boysun shahrida odamlar “Omonxona” sanatoriysiga, Uchqizil qo‘rg‘onida esa Semashko nomidagi sanatoriyga joylashtirilmoqda. Termiz shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarida koronavirus yuqtirgani aniqlangan bemorlar davolanmoqda, ‒ dedi termizlik Madina.

‒ Surxondaryoda karantindagi kishilar umumiy oshxonada ovqatlanadi. Bir vaqtda o‘sha oshxonalarda 200 gacha odam yig‘ilib qoladi. Idish-tovoq, yuvinish xonasi, hojatxona – umumiy. U yerlar umuman dezinfeksiya qilinmaydi. Xodimlar yetishmaydi, – deydi o‘sha yerda farrosh bo‘lib ishlaydigan Oydin (bu ayolning ismi iltimosi bilan o‘zgartirildi – tahr)

‒ Endi O‘zbekistonga kelgach, faqat konteyner, kazarma va sanatoriylarga joylashish mumkin. E’tiroz bildirib bo‘psiz. Mamlakat xavfsizligi yana nafaqat shifokorlar, balki odatdagiday harbiylar qo‘lida, ‒ hazil qilmoqchi bo‘ladi Ozod.

XS
SM
MD
LG